Vaqt bilan poyga: Tramp saylovgacha urushni tugatishga ulguradimi?

Kecha 20:197 daqiqa

Oq uy Ukrainadagi urushni tartibga solish bo‘yicha iyun oyini so‘nggi muddat etib belgiladi, biroq asosiy kelishmovchiliklar hal etilgani yo‘q, Moskva esa «eyforiyaga berilmaslikka» chaqirmoqda.

Vaqt bilan poyga: Tramp saylovgacha urushni tugatishga ulguradimi?

Donald Tramp ma’muriyati Kiyev va Moskva uchun norasmiy muddat — 2026 yilning iyuniga qadar tinchlik bitimiga erishish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Abu-Dabidagi uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi raundidan so‘ng ma’lum qildi. Biroq asosiy muammo shundaki, Oq uyning ulkan rejalari va muzokaralar stolidagi real holat o‘rtasida katta tafovut saqlanib qolmoqda.

Natijasiz muzokaralar

BAA poytaxtidagi ikki kunlik maslahatlashuvlar 5-fevral kuni hech qanday sezilarli natijasiz yakunlandi. Yagona aniq kelishuv 314 nafar harbiy asirning almashinuvi bo‘ldi — aslida bu muntazam ravishda amalga oshiriladigan, oldindan rejalashtiriladigan va alohida diplomatik muvaffaqiyat talab qilmaydigan jarayon.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio hal qilinmagan masalalar ro‘yxati go‘yoki qisqarganini, biroq «eng murakkablari» oxiriga qolganini bildirdi. Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga muzokaralar jarayonida ma’lum bir «impuls» borligini qayd etib, eng nozik masalalar bevosita yetakchilar darajasida hal qilinishi lozimligini ta’kidladi.

Hududiy masala hamon asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Rossiya Ukraina qo‘shinlarining Donbassdan to‘liq olib chiqilishini va bu hududlarning Rossiya tarkibiy qismi sifatida xalqaro miqyosda tan olinishini talab qilmoqda. Kiyev esa bunday ssenariyni qat’iyan rad etyapti.

«Murakkab savollar murakkabligicha qoldi. Biz qayerda turgan bo‘lsak, hali ham o‘sha yerdamiz», — dedi Zelenskiy va shu tariqa Donbass masalasida Kiyevning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolayotganini bildirdi.

Zaporojijya atom elektr stansiyasining maqomi bo‘yicha ham kelishuvga erishishning imkoni bo‘lmadi. AQSHning Donbassda erkin iqtisodiy zona tashkil etish haqidagi taklifi Ukraina tomonidan shubha bilan kutib olindi.

«Na Ukraina, na Rossiya erkin iqtisodiy zona g‘oyasidan hech qachon mamnun bo‘lmagan», — deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

Ohang o‘zgardi, ammo pozitsiyalar emas

Shunga qaramay, ayrim kuzatuvchilar muzokaralar muhitida o‘zgarishlar yuz berayotganini qayd etishmoqda. Maslahatlashuvlar jarayonidan xabardor manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi birmuncha konstruktiv yo‘l tuta boshlagan.

«Ilgari bu muzokaralar anesteziyasiz tish sug‘irishni eslatar edi», — deydi amerikalik tashqi siyosat bo‘yicha ekspertlardan biri Politico nashriga bergan intervyusida. Uning baholashicha, Rossiya vakillari — BRB (Bosh razvedka boshqarmasi) rahbari Igor Kostyukov va harbiy razvedka ofitseri Aleksandr Zorin Lavrovning nizoning «tarixiy ildizlari» haqidagi odatiy gaplaridan farqli o‘laroq, o‘zlarini ishchan tutib, amaliy tafsilotlarga chuqurroq kirishmoqda.

Zelenskiy ham ushbu siljishni tasdiqladi: «Rossiya delegatsiyasi «tarixga nazar» qabilidagi ritorikadan voz kechib, yanada amaliy muhokamalarga o‘tgan». Shunga bo‘lsa-da, u quyidagicha ogohlantirish berdi: «O‘rtamizda hamon ishonch yo‘q. Biz ularga ishonolmaymiz, ular ham bizga ishonishmaydi».

Tramp shoshilyapti

Oq uyning qurolli nizoni yoz boshigacha to‘xtatishga bo‘lgan shiddatli intilishi AQSHning ichki siyosiy taqvimi bilan bog‘liq. 2026 yil noyabr oyida AQSH Kongressiga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tadi va amaldagi ma’muriyatga saylovchilar ishonchini qozonish uchun tashqi siyosatdagi yirik g‘alabalar suv va havodek zarur.

«Ular uchun saylovlar, shubhasiz, muhimroq. Keling, sodda bo‘lmaylik», — deya ochiqchasiga bayonot berdi Zelenskiy.

11

Bundan tashqari, 4-iyul kuni Amerika o‘z mustaqilligining 250 yillik yubileyini nishonlaydi. Bu Donald Tramp uchun o‘zining diplomatik zafarini butun dunyoga namoyish etish uchun g‘oyat ramziy sanadir.

AQSH muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘z hududida — taxminan Mayamida o‘tkazishni taklif qildi. Ukraina ushbu uchrashuvda ishtirok etishini tasdiqlagan bo‘lsa-da, Kreml hozircha bunday uchrashuv rejalashtirilmaganini ma’lum qildi.

Moskva ogohlantirmoqda, iqtisodiy tanglik esa ortyapti

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «NTV» telekanaliga bergan intervyusida Trampning yevropaliklar va Ukrainaga o‘tkazayotgan bosimiga ortiqcha baho bermaslikka chaqirdi.

«Biz sodir bo‘layotgan voqealarni — go‘yoki AQSH prezidenti Donald Tramp yevropaliklar va Volodimir Zelenskiyning «o‘rnini ko‘rsatib qo‘ygani» hamda ulardan ma’lum talablarni bajarishni so‘rayotgani haqidagi tasavvurlarni hayajon bilan qarshi olmasligimiz kerak... Agar biz Ukrainada tinchlikka erishishni istasak, bularning barchasi yaxshi, albatta, biroq hozircha biz u darajaga yetganimiz yo‘q», — dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, oldinda «hali ancha masofa» bor.

Shu bilan birga, Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat tobora xavotirli tus olmoqda. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sishi 2024 yildagi 4,9 foizdan 2025 yilda 1 foizgacha sekinlashdi, 2026 yil uchun prognozlar esa pessimistikligicha qolmoqda. Inflatsiya 6,4 foiz darajasida saqlanib turibdi, asosiy stavka esa 15 foizni tashkil etmoqda.

Harbiy xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida Kreml sog‘liqni saqlash, fuqaro aviatsiyasi va energetika infratuzilmasi budjetlarini qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Hatto harbiy xizmatchilarga Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagani uchun to‘lanadigan mukofot pullari ham kamaytirildi. Rossiyada erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 65 yoshga tushib qoldi.

G‘arb tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya armiyasining yo‘qotishlari (halok bo‘lganlar va yaradorlar) 1,2 million kishiga yetgan. Shu bilan birga, Donbassdagi siljish sur’atlari Somma jangidagi xandaq urushini eslatmoqda. Bosqin boshlangandan buyon 500 mingdan bir milliongacha rossiyaliklar mamlakatni tark etdi — bu 1917 yilgi inqilobdan keyingi eng yirik migratsiya to‘lqinidir. Ilgari sanksiyalar barbod bo‘lganining isboti sifatida YAIM o‘sishini ko‘klarga ko‘tarib maqtagan Rossiya OAVlari endi iqtisodiy turg‘unlik va texnologik qoloqlik haqida yoza boshladi.

Neftdan tushadigan daromadlarning kamayishi ham qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda: Trampning Hindiston bilan erishgan savdo kelishuvlari Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan Rossiya neftini sotib olish hajmining keskin kamayishiga olib keldi. AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining «soya floti» kemalarini to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlari Kremlning moliya oqimlarini yanada cheklamoqda.

Ukrainadagi energetika inqirozi

Ukraina, o‘z navbatida, o‘ta og‘ir energetika inqirozi davrini boshdan kechirmoqda. Rossiyaning zarbalari mamlakatning energiya ishlab chiqarish quvvatlarini tizimli ravishda yo‘q qilmoqda. Abu-Dabidagi muzokaralar arafasida Rossiya 450 ta dron va 71 ta raketa bilan hujum qildi — bu urush boshlanganidan buyon energetika tizimiga ballistik raketalar bilan berilgan rekord darajadagi hujum edi. Ushbu hujumning qiymati 325 million dollarga baholanmoqda.

12

«Putin bombardimonlar, terror va agressiya orqali nimagadir erishish mumkinligi haqidagi xomxayollardan voz kechishi kerak. Na Abu-Dabidagi kutilayotgan diplomatik sa’y-harakatlar, na uning Amerika Qo‘shma Shtatlariga bergan va’dalari uni qahraton qishda tinch aholiga qarshi terrorni davom ettirishdan to‘xtatib qola oldi», — dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Sibiga.

Zarbalar oqibatida Ukraina nazoratidagi hududlarda joylashgan barcha atom elektr stansiyalari quvvatni pasaytirishga majbur bo‘ldi. Burshtin issiqlik elektr stansiyasi (IES) ishini butunlay to‘xtatdi, natijada havo harorati minus 20 daraja bo‘lishiga qaramay, shahar suv va issiqlik ta’minotisiz qoldi.

AQSH energetika sohasida sulh tuzishni taklif qildi va Ukraina Rossiyaning neft-gaz obyektlari hamda «soya floti» tankerlariga zarba berishni to‘xtatib, ushbu kelishuvga rioya qilishga tayyorligini bildirdi. Biroq Trampning iltimosiga ko‘ra erishilgan avvalgi tanaffus kelishuvi bor-yo‘g‘i to‘rt kun davom etdi.

Parallel muzokaralar

Zelenskiy ilk marta Ukraina ishtirokisiz kechayotgan AQSH va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralarga oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning maxsus vakili Kirill Dmitriyev qiymati 12 trillion dollargacha bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik «paketini» ilgari surmoqda.

Ukraina prezidenti AQSH-Rossiya o‘rtasidagi hujjatda Kiyev uchun qabul qilib bo‘lmaydigan yoki hatto konstitutsiyaga zid bo‘lgan — masalan, bosib olingan hududlarni tan olishga doir «Ukraina haqida»gi bandlar bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Biroq voqelik Dmitriyevning reklama xarakteridagi va’dalaridan ko‘ra ancha murakkab. Iqtisodiy nuqtai nazardan Rossiyaning AQSHga taklif qiladigan narsasi juda kam, urushning davom etishi esa bu «savdo»ni yanada qiyinlashtiradi.

Istiqbollar

Murosa zarurligi haqida Yevropada ham gapirishmoqda. Germaniya hukumati Moskvani «maksimalistik talablar»dan voz kechishga va kelishuv yo‘llarini izlashga chaqirdi.

Ukrainalik siyosatshunos Vladimir Fesenkoning fikricha, agar Tramp faqat qisqa muddatli sulh so‘rash bilan cheklanib, «Kreml qoidalari asosida o‘yin»ni davom ettirsa, bu jarayonni yanada cho‘zadi va Rossiya ultimatumlarining kuchayishiga xizmat qiladi. Shunga o‘xshash fikrni Bloomberg vakili Mark Chempion ham bildirdi: uning fikricha, har ikki davlat aholisi urushdan charchagan va bu vaziyatni tartibga solish uchun zamin yaratadi, biroq kelishuvga erishish uchun Oq uy Moskvaga «siyosiy himoya» berish o‘rniga, unga bosim o‘tkazishi lozim.

Ammo Oq uy ham, Kreml ham qat’iyan hisobga olishni istamayotgan bir omil bor — bu ukrain xalqining irodasi. Hatto diplomatik siljish yuz bergan taqdirda ham, tinchlikka olib boradigan yo‘l qisqa bo‘lmaydi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, har qanday kelishuv umummilliy saylovlar bilan bir vaqtda ukrainalik saylovchilarning referendumiga qo‘yiladi. Demak, Ukrainaning taqdirini Amerikaning so‘nggi muddatlari yoki Rossiyaning talablari emas, balki ukrain xalqining o‘zi belgilaydi.

Teglar

Mavzuga oid