
Xovosda boshlangan xaos: fermerlarning yerlari nega tortib olmoqda?
Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator tumanlarda fermerlarning yerlari «yopiq qaror» asos qilingan holda majburiy ravishda olib qo‘yilayotgani aytilmoqda. Vaqt.uz yerlar kimga berilayotgani, huquqiy masala va iqtisodchilarning fikrlarini o‘rgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida fermer xo‘jaliklariga tegishli yerlarni ommaviy ravishda olib qo‘yish harakatlari haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bu masala faqat Xovos bilan cheklanayotgani yo‘q. O‘xshash holatlar Sirdaryo viloyatining Guliston va Oqoltin tumanlarida, shuningdek Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida ham kuzatilayotgani aytilmoqda.
Mazkur jarayonning eng xavotirli jihati — u nafaqat faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarini, balki bo‘sh va zaxiradagi yerlarni ham qamrab olayotgani, yerlar mahalliy dehqonlar uchun mutlaqo yetib bo‘lmas darajada yirik lotlarga birlashtirilayotgani va keyinchalik arzon narxlarda xorijiy investorlarga taklif etilayotgani haqidagi da’volardir.
Narxlar tafovuti: bir hudud, bir yer, ammo o‘n barobar farq
Malumotlarga ko‘ra, ayrim hududlarda 1000 gektarlik yer maydonlari taxminan 8 milliard so‘mga baholanmoqda. Bu — bir gektar uchun o‘rtacha 8 million so‘m degani. Ayni paytda, xuddi o‘sha hududning o‘zida mahalliy fermerlar 5 gektar yerni har gektariga 60–80 million so‘mdan, ya’ni jami 300–400 million so‘mga sotib olgan holatlar mavjud. Yer sifati bir xil, hudud bir xil, lekin narxlar o‘rtasidagi tafovut 8-10 barobargacha yetib bormoqda.
Bu holat bozorda teng raqobat sharoiti yo‘qligini, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa moliyaviy imkoniyatlari bilan oldindan o‘yindan chiqarib qo‘yilayotganini ko‘rsatadi. Savol tug‘iladi: mahalliy fermerlar yeta olmaydigan darajada yirik lotlar kim uchun shakllantirilmoqda?
«Yopiq qaror» va majburiy arizalar
Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, yerlarni qaytarib olish jarayoni hokimliklar tomonidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda tilga olinayotgan «yopiq qaror» asosida amalga oshirilmoqda. Fermerlar katta zallarga yig‘ilib, ixtiyoriy emas, majburiy tarzda ariza yozishga undayotgani aytilmoqda.
Mazkur arizalarga ko‘ra, yerlar Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyaсига topshiriladi, direksiya esa ularni keyinchalik yirik lotlarga birlashtirib, auksion orqali investorlar — asosan xorijiy investorlar uchun taklif qilishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Eng muhim jihat shundaki, fermerlar tilga olayotgan bu qaror ochiq manbalarda mavjud emas.
Vazirlar mahkamasi qarori bilan Direksiyaga ijara huquqi asosida berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini yoki uning bir qismini mahalliy va chet ellik investorlar, shu jumladan, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ikkilamchi ijaraga berish (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) huquqi berilgan.
Iqtisodchi ekspert Otabek Bakirov Vaqt.uzʼdagi «Avval iqtisod…» dasturida asosli savollarni berdi: Qaysi hujjat Konstitutsiyada kafolatlangan mulk va ijara huquqlarini cheklashga asos bo‘la oladi? Qaysi norma hokimiyatga yuzlab fermerlardan majburan ariza olish vakolatini beradi? Fermerning huquqi qayerda boshlanib, qayerda tugaydi, direksiyaniki qayerda boshlanadi?
Yerlar kimlarga berilmoqda?
Rasmiy manbalar bu borada ochiq izoh bermayotgan bo‘lsa-da, jamoatchilik orasida asosiy da’vogar sifatida Xitoy kapitali tilga olinmoqda. Ayrim hududlarda 1000 gektar va undan ortiq maydonlar bitta lot sifatida shakllantirilgani, Xovos tumanida esa direksiyaga o‘tkazilishi kutilayotgan yerlar hajmi 10–17 ming gektarga yetishi mumkinligi aytilmoqda.
Bu yerlar uzoq muddatli ijaraga berilishi, keyinchalik ijara muddati cho‘zilib borishi ehtimoli ham tilga olinmoqda. Natijada, hududda an’anaviy dehqonchilikning asta-sekin siqib chiqarilishi, mahalliy fermerlarning esa ishlab chiqarishdan chetlatilishi xavfi yuzaga kelayotgani ta’kidlanmoqda.
«Huquqiy masalaga e’tibor qaratish kerak»
Iqtisodchi Otabek Bakirov tortib olinayotgan yerlar masalasiga oid ko‘rsatuvda, avvalo, huquqiy masala bilan bog‘liqligini aytgan. Agar mulk va ijara huquqi kafolatlanmagan bo‘lsa, u yerda na sarmoya, na uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish bo‘ladi.
2025 yil 3-fevralda qabul qilingan prezident farmonida ayrim hududlarda huquqiy eksperiment sifatida fermer xo‘jaliklarining yerlarini zaxiraga topshirish va faqat 20 foizini normativ qiymatining 50 foizida qayta sotib olish mexanizmi ko‘zda tutilgan edi. Ammo bu yondashuv o‘zi bilan bir qator savollarni olib keldi:
Fermerlar allaqachon meros qoldirish huquqiga ega ijara shartnomasi asosida ishlayotgan bo‘lsa, nega ular yerni qayta topshirishi kerak?
Zaxiraga yig‘ilgan yerlar qanday lotlarga bo‘linadi? Minimum va maksimum chegaralar bormi?
Lotlar yiriklashuvi orqali kimlar raqobatdan chiqarilmoqda?
Yirik lot — bu doimo potensial mahalliy talabgorlarni chetlatish degani. Chunki mahalliy fermerning mablag‘i ishlab chiqarish sikliga bog‘langan: urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, kredit, ishchi kuchi. U birdaniga 1000 gektar uchun pul to‘lay olmaydi.
Mutaxassislar nima deydi?
«Avval iqtisod» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov taklif qilayotgan muhim yondashuvlardan biri — yer ijara huquqiga ega bo‘ladigan subyektlarda kamida 51 foiz nazorat O‘zbekiston rezidentlari qo‘lida bo‘lishi.
«Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish masalasida, qanaqa asosda ijaraga berishdan qat’i nazar, u davogarlarning 51 foizi O‘zbekiston rezidentlari bo‘lishi kerak. U xitoylik bo‘ladimi, amerikalik bo‘ladimi, qayerdan bo‘lishidan qati nazar, Ispaniyadan bo‘ladimi, investorlar o‘zbek rezidentini hamkor sifatida ishlatishi kerak. Ya’ni, 51 foizi o‘zbek rezidentining nazoratida bo‘lishi kerak o‘sha huquqqa nisbatan. Bu mening o‘zgarmas, qatiy fuqarolik pozitsiyam. Bu masalada oxirgi aytadigan gapim: bu ishlaring hammasini avval qonunchilikka o‘zgartirish kiritib, keyin amalga oshirish kerak. Qandaydir yopiq qarorlar, qandaydir zo‘g‘um, noqonuniy ishlarni oqlab beradigan protokollar bilan emas», — deydi iqtisodchi.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov ham bu vaziyatga fikr bildirar ekan, holat jamoatchilik orasida O‘zbekistonda «ikkinchi kollektivlashtirish» xavfi haqidagi xavotirli fikrlarni kuchaytirishi mumkinligi yozmoqda.
«2026 yil O‘zbekiston tarixiga Ikkinchi kollektivlashtirish yili sifatida kirib qolmasa bo‘lgani. Eslatib o‘taman, birinchi kollektivlashtirish qariyb yuz yil avval SSSRda amalga oshirilgan va mamlakat qishloq xo‘jaligining izdan chiqishiga hamda qariyb 8 mln inson hayotini olib ketgan ocharchilikka sabab bo‘lgan edi. Bugun ayrim amaldorlar stalinizm davridagi ana shu tajribani yana takrorlashga qaror qildimi?» — deya yozadi Yu.Yusupov.
Hokimlik va agroinspeksiya: rasmiylar nima deydi?
Xovos tumani hokimligi fermerlardan yerlar noqonuniy olib qo‘yilayotgani haqidagi ma’lumotlarni rad etmoqda. Rasmiy izohga ko‘ra, tumanda 770 ta fermer xo‘jaligi 30 ming gektar yerda faoliyat yuritmoqda.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, fermerlarning soliq organlari oldida 40 mlrd so‘m, banklar oldida esa 128 mlrd so‘m qarzdorligi mavjud. Hozirda 523 ta fermerga tegishli 891 ta ijro hujjati bo‘yicha qonunga muvofiq undiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha 110 ta fermer xo‘jaligiga nisbatan sudga da’vo arizalari kiritilgani ma’lum qilindi. Hokimlik fermerlarga nisbatan har qanday chora-tadbirlar faqat sud qarorlari yoki notarial tasdiqlangan ixtiyoriy arizalar asosida amalga oshirilishini ta’kidlamoqda.
«Kursiv Uzbekistan» nashrining ma’lum qilishicha, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini olib qo‘yish yuzasidan O‘zagroinspeksiya tomonidan hech qanday qaror qabul qilinmagan.
«Sirdaryo viloyati Xovos tumanida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini olib qo‘yish bo‘yicha «O‘zagroinspeksiya» tomonidan hech qanday qaror qabul qilinmagan», — deyiladi rasmiy izohda.
Shuningdek, Agroinspeksiya fermerlarni yer maydonlaridan voz kechishga majburlash, shuningdek ularning shaxsiy mulklarini xatlovdan o‘tkazish mazkur idora vakolatiga kirmasligini ham alohida ta’kidlagan.
Xalqaro tajriba
Yer masalasida xalqaro tajriba ehtiyotkorlik zarurligini ko‘rsatadi. Xususan, Qozog‘iston, Afrika davlatlari va Lotin Amerikasida yer resurslarini nazoratsiz liberallashtirish jiddiy ijtimoiy noroziliklar va suverenitet bilan bog‘liq muammolarga olib kelgan.
Qozog‘istonda 2016 yilda, sobiq prezident Nursulton Nazarboyev davrida, qishloq xo‘jaligi yerlariga xorijiy investorlarni jalb etish rejalariga qarshi ommaviy noroziliklar yuz bergan. Bu noroziliklar qozoq xalqining tarixan bir necha bor o‘z yerlaridan mahrum bo‘lgani bilan bog‘liq chuqur xotiralar bilan izohlanadi.
Afrika davlatlarida, jumladan Zimbabve, Keniya va Efiopiyada ayrim hollarda xorijiy investorlar dastlab xususiy kompaniya sifatida kirib kelib, keyinchalik yerlar uzoq muddatli ijara orqali boshqa davlatlar balansiga o‘tib ketgan. Natijada mahalliy aholining yerga kirishi cheklangan va ijtimoiy ziddiyatlar kuchaygan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Xovos tumanida boshlangan va boshqa hududlarga ham yoyilayotgani aytilayotgan yerlar bilan bog‘liq jarayonlar qishloq xo‘jaligi siyosatidan to‘planib qolgan muammolarni ochiq ko‘rsatib berdi. Bir tomonda hokimliklar jarayonlar qonun doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidlasa, ikkinchi tomonda fermerlar va jamoatchilik vakillari mulk va ijara huquqlarining cheklanishi, qarorlar shaffof emasligi hamda teng raqobat tamoyillarining buzilayotganidan xavotir bildirmoqda.
Vaziyat shundan dalolat beradiki, masala alohida bir tuman yoki hudud bilan cheklanmaydi. Gap yer munosabatlarida huquqiy aniqlik, institutlarning mas’uliyati va jamoatchilik ishonchi haqida ketmoqda. Yopiq qarorlar, majburiy arizalar va yirik lotlar orqali yerlarni qayta taqsimlash haqidagi davolar ochiq va asosli javoblarni talab qilmoqda.
Mulk va ijara huquqi kafolatlanmagan sharoitda na sarmoya, na barqaror iqtisodiy o‘sish bo‘lishi mumkin. Shu sababli yer masalasida har qanday qaror, avvalo, qonunchilikka aniq tayanilishi, shaffof bo‘lishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatini hisobga olishi zarur. Aks holda, bugungi yer masalasi ertaga yanada kengroq ijtimoiy va iqtisodiy savollarga sabab bo‘lishi mumkin.
Teglar






