add

Xususiy va meros fondlari tashkil qilishning qonuniy tartibi belgilanmoqda

Yangi qonun loyihasi O‘zbekistonda xususiy va meros fondlarini tashkil etish, boshqarish va nazorat qilish qoidalarini belgilaydi.

Xususiy va meros fondlari tashkil qilishning qonuniy tartibi belgilanmoqda

O‘zbekistonda xususiy va meros fondlarini tashkil etishning aniq qonuniy tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. «Xususiy fondlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan xususiy fondlarni ta’sis etish, boshqarish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, mol-mulkdan foydalanish hamda tugatishga oid asosiy qoidalar belgilanmoqda. Loyiha nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini huquqiy jihatdan tizimlashtirishga qaratilgan.

Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, xususiy fond jismoniy shaxs tomonidan yoki uning vafotidan keyin vasiyatnoma ijrochisi orqali ta’sis etiladi. Bunday fond muayyan muddatga yoki muddatsiz tuzilishi mumkin bo‘lib, muassis tomonidan topshirilgan yoki meros qilib qoldirilgan mol-mulkni belgilangan shartlar asosida boshqaradi. Fondlar, qoida tariqasida, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy va boshqa jamoatchilik uchun foydali maqsadlarni ko‘zlashi shart.

Loyihada xususiy fondlar ikki toifaga ajratilgan. Birinchisi muassis hayotligida tashkil etiladigan fondlar bo‘lsa, ikkinchisi vasiyatnoma asosida tashkil etiladigan meros fondlaridir. Shuningdek, xususiy fondlarga O‘zbekiston hududida va xorijda vakolatxona yoki filial ochish huquqi berilishi nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, muassislikka doir talablar qat’iy belgilangan. Qoidaga ko‘ra, hammuassislikka yo‘l qo‘yilmaydi, muassisni keyinchalik almashtirish mumkin emas. Fondga xayriya yoki grant ajratgan shaxslar muassis maqomini olmaydi. Fond nomi tarkibida «xususiy fond», vasiyatnoma asosida tuzilgan taqdirda esa «xususiy fond» yoki «meros fondi» atamalari bo‘lishi shart.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida amalga oshiriladi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan hujjatlar ko‘rib chiqilib, o‘n ish kuni ichida qaror qabul qilinishi belgilangan. Rad etish sabablari sifatida hujjatlarning to‘liq emasligi, qonun talablariga zid qoidalar yoki dastlabki mablag‘ talabining bajarilmagani ko‘rsatilgan.

Shuningdek, loyihada fond mol-mulkidan foydalanish bo‘yicha ham cheklovlar mavjud. Mol-mulk garov sifatida qo‘llanilishi, kredit berishga yo‘naltirilishi yoki majburiyatlarni ta’minlash vositasi sifatida ishlatilishi mumkin emas. Ma’muriy xarajatlar esa yillik umumiy xarajatlarning 30 foizidan oshmasligi shart.

Teglar

Mavzuga oid