Yaqin Sharqdagi urush Markaziy Osiyo havo hududining strategik ahamiyatini oshirmoqda
Urush Markaziy Osiyoni Turkiya va Kavkazdan boshlanib, Kaspiy havzasi orqali Janubiy va Sharqiy Osiyogacha cho‘zilgan kengroq geografik zanjirning muhim qismiga aylantirdi.

Markaziy Osiyoning aviatsiya tizimi bir necha yil avvalgiga qaraganda ancha katta strategik va iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Bu haqda «The Times of Central Asia» yozmoqda.
Urushning aviatsiyaga ta’siri
Ma’lumki, Erondagi urush Yevropa va Osiyoni bog‘lab turgan asosiy aviatsiya yo‘laklaridan biriga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Yevropa Ittifoqining Aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) Eron havo hududi va harbiy faoliyat, raketa uchirishlari, havo hujumlarini qaytarish va havo mudofaa operatsiyalari kuzatilayotgan atrofdagi mintaqalarda fuqaro samolyotlari uchun yuqori xavf mavjudligi haqida xavfsizlik byulletenlarini chiqardi. Eron bo‘yicha alohida EASA byulleteni 31-martgacha amal qiladi va Tehron havo hududida barcha balandliklarda fuqaro aviatsiyasi uchun yuqori xavf mavjudligini ta’kidlaydi.
Bu holatning oqibatlari Yaqin Sharq bilan cheklanib qolmaydi. 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri G‘arb aviakompaniyalarining aksariyati Rossiya havo hududidan foydalana olmaydi. Eron havo makoni ham odatiy tijorat parvozlari uchun xavfli deb baholanayotgani sabab Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi uzoq masofali parvozlar yo‘nalishlari juda tor doirada qoldi.
«Reuters» tayyorlagan global parvoz yo‘nalishlari xaritasiga ko‘ra, aviakompaniyalar shimol tomondan Kavkaz orqali aylanib o‘tishga yoki sharqiy O‘rtayer dengizi va Arabiston yarim oroli orqali uzoqroq janubiy yo‘llardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Yevropa va Osiyo o‘rtasida sayohat qilayotgan ko‘plab yo‘lovchilar hali ham Fors ko‘rfazi tranzit markazlari orqali uchmoqda. Biroq mintaqadagi Dubay, Abu Dabi, Doxa, Kuvayt va Bahrayn kabi aeroportlar ham mojaro davrida parvozlar jadvalida uzilishlar va beqarorlikka duch kelmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston tezkor choralar ko‘rdi
Markaziy Osiyo ana shu shimoliy aylanma yo‘ldan biroz narida joylashgan. U hozircha Fors ko‘rfazini yo‘lovchi tranzit markazi sifatida almashtirayotgani yo‘q va Yevropa bilan Osiyo o‘rtasidagi asosiy ko‘prikka ham aylanib ketgani yo‘q. Biroq samarali alternativalar soni kamayib borayotgani sabab mintaqaning havo makoni strategik jihatdan tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Urush Markaziy Osiyoni Turkiya va Kavkazdan boshlanib, Kaspiy havzasi orqali Janubiy va Sharqiy Osiyogacha cho‘zilgan kengroq geografik zanjirning muhim qismiga aylantirdi.
Bu jarayonning eng aniq misoli – Qozog‘iston. Mahalliy aviakompaniyalar keskinlashuv hozirgi darajaga yetmasidan oldin ham parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirishni boshlagan edi. Yanvar oyida «The Times of Central Asia» xabar berishicha, «Air Astana» aviakompaniyasi Eron havo hududidan qochib o‘tish uchun Sharm ash-Shayx, Dubay, Doxa va Madinaga parvozlarni qayta yo‘naltirgan.
Mojaro yanada kengaygach, Eron havo hududi yopilishi va mintaqadagi taranglik kuchayishi ortidan «Air Astana» Yaqin Sharqdagi bir nechta yo‘nalishlarga parvozlarni bekor qildi. Shuningdek, Qozog‘iston Eron, Isroil, Suriya, Iroq, Iordaniya va Livan havo hududlari ustidan yoki yaqinidan parvoz qilishga vaqtinchalik taqiq joriy qildi.
O‘zbekiston ham tezkor choralar ko‘rdi. 2024-yil oktabridayoq «Uzbekistan Airways» xavfsizlik sabablari bilan Iroq havo hududi va Eronning g‘arbiy qismi ustidan parvoz qilmaslikni boshlagan.
So‘nggi keskinlashuvdan keyin, 4-mart kuni O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi olti mamlakatga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu holat bir narsani ko‘rsatadi: Markaziy Osiyo aviakompaniyalari inqirozdan chetda emas, ular allaqachon o‘z parvoz tarmoqlari, jadvallari va tijoriy xavflarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, mojaroning kengroq iqtisodiy oqibatlari mintaqaviy ta’minot zanjirlarida ham sezilmoqda.
Mintaqaning aviatsiya ahamiyati ortib bormoqda
Biroq shu narsa aniqki, hozir Markaziy Osiyoning aviatsiya tizimi bir necha yil avvalgiga qaraganda ancha katta strategik va iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Qozog‘istonning havo navigatsiya xizmati «KazAeroNavigatsiya» rasmiy saytida ma’lum qilishicha, 2025-yilning birinchi yarmida u 216 616 ta parvozga xizmat ko‘rsatgan. Shulardan 161 029 tasi xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, ular tranzit va qo‘nish parvozlari sifatida qayd etilgan.
Qozog‘iston aviatsiya sohasi ham tez sur’atlarda o‘smoqda. 2025-yilda mamlakat aeroportlari 31,8 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan, Qozog‘iston aviakompaniyalari esa 20,7 million yo‘lovchi tashigan.
Bu raqamlar Markaziy Osiyo aviatsiya tizimi chekka bozor emas, balki haqiqiy mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan sohaga aylanayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston ham shu yo‘nalishda harakat qilmoqda. Hukumat aviatsiya sohasini kengaytirishni kengroq transport strategiyasining bir qismiga aylantirgan. Toshkent viloyatida yangi yirik aeroport qurish rejalari mamlakatning maqsadlari faqat ichki talab bilan cheklanib qolmasligini ko‘rsatadi. Toshkent Dubay emas, ammo janubiy yo‘nalishlardagi an’anaviy aviatsiya koridorlari bosim ostida qolgan bir paytda u asta-sekin muhim mintaqaviy tranzit markazga aylanib bormoqda.
Muammolar hali ham bor, imkoniyat ham
Albatta, bu Markaziy Osiyo uchun darhol katta foyda keladi degani emas. Uzoqroq aylanma yo‘llar yoqilg‘i sarfini oshiradi, ekipaj xarajatlarini ko‘paytiradi, sug‘urta to‘lovlarini qimmatlashtiradi va parvoz jadvalida xavflarni kuchaytiradi. Shuning uchun mintaqaning qo‘shimcha strategik ahamiyati dastlab yo‘lovchilar sonida emas, balki havo yo‘nalishlarini rejalashtirish, havo harakatini boshqarish va marshrutlarning barqarorligini ta’minlash kabi sohalarda namoyon bo‘lishi mumkin. Bu, shuningdek, aviakompaniyalar yaqin vaqt ichida katta miqdordagi yo‘lovchilarni Markaziy Osiyo tranzit markazlari orqali yo‘naltiradi degani ham emas. Fors ko‘rfazi aeroportlari hali ham ancha katta tarmoqlarga, ko‘proq samolyot parkiga va rivojlangan tranzit tizimlariga ega.
Biroq geografiya tobora murakkab va siyosiy tus olmoqda. Eron havo hududi xavfli hisoblanmoqda, Fors ko‘rfazi aviatsiya koridorining ayrim qismlari esa izdan chiqqan. Bunday sharoitda barqaror havo makonini, samarali havo harakatini boshqarish tizimini va ishonchli infratuzilmani taklif qila oladigan davlatlar ahamiyati ortib borishi aytiladi.
Hozir Markaziy Osiyo aynan shunday holatda turibdi. Ko‘p yillar davomida mintaqadagi hukumatlar o‘z hududlarining temiryo‘l, avtomobil va savdo koridorlari uchun strategik ahamiyati haqida gapirib kelgan. Erondagi urush bu bahsga aviatsiya omilini ham qo‘shdi. Sharq va G‘arb o‘rtasidagi an’anaviy yo‘nalishlar tobora qisqarayotgan bir dunyoda Markaziy Osiyo osmoni avvalgidan ham muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.





