Yevroparlament AQSH bilan savdo kelishuvini muzlatmoqchi
Yevroparlament qo‘mitasi raisi Bernd Lange AQSH bilan tuzilgan savdo kelishuvini ratifikatsiya qilish jarayonini to‘xtatishni taklif qildi, deb xabar bermoqda «Bloomberg».

Yevroparlamentning xalqaro savdo qo‘mitasi raisi Bernd Lange AQSH bilan tuzilgan savdo kelishuvini tasdiqlash bo‘yicha qonunchilik ishlarini vaqtincha to‘xtatish niyatida ekanini bildirdi. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, bu taklif dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan favqulodda yig‘ilishda muhokamaga qo‘yiladi.
Langening aytishicha, qarorga AQSH Oliy sudi hukmidan keyin yuzaga kelgan «bojxona beqarorligi» va Donald Tramp ma’muriyati savdo siyosatidagi noaniqlik sabab bo‘lgan.
«Hech kim endi buni tushunib yeta olmaydi — faqat javobsiz savollar va YI hamda boshqa hamkorlar uchun o‘sib borayotgan noaniqlik», — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
U ratifikatsiyani davom ettirish uchun «to‘liq huquqiy baholash va AQSH tomonidan aniq majburiyatlar» zarurligini ta’kidladi.
Ternberri kelishuvi
O‘tgan yozda Donald Tramp va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen o‘rtasida imzolangan «Ternberri kelishuvi»ga ko‘ra, YIdan AQSHga eksport qilinadigan aksariyat tovarlarga 15 foizlik boj joriy etilishi, biroq AQSH tovarlari uchun YI bozorida tariflar bekor qilinishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, AQSH Yevropa po‘lati va alyuminiyci importiga 50 foizlik bojni saqlab qolgan.
Mutaxassislar ushbu kelishuvni muvozanatsiz deb baholagan. Yevropa parlamenti mart oyida hujjatni ratifikatsiya qilishni rejalashtirgan edi. Ilgari ham jarayon Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish tahdidlari ortidan vaqtincha to‘xtatilgan.
Oliy sud qarori
Juma kuni AQSH Oliy sudi Trampning 1977 yilgi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga tayanib «aks bojlar» joriy etishini konstitutsiyaga zid deb topdi. Shundan so‘ng Tramp avval 10 foizlik global tarif e’lon qildi, keyin esa uni 15 foizgacha oshirishini bildirdi.
Yangi tariflar 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-bo‘limiga asoslanib joriy etiladi va 150 kungacha Kongress roziligisiz amal qilishi mumkin. Lange ushbu choralar «Ternberri kelishuvi» shartlariga zid emasmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.





