
YI va Hindiston tarixiy savdo kelishuviga erishdi
AQSH bilan savdo nizolari fonida Yevroittifoq va Hindiston o‘rtasida tuzilgan kelishuv deyarli barcha tovarlar bo‘yicha bojlarni bekor qilish yoki pasaytirishni nazarda tutadi. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mazkur shartnomani «barcha kelishuvlarning onasi» deb atadi.

Bugun, 27-yanvar kuni Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayenning Nyu Dehliga tashrifi davomida Yevropa Ittifoqi va Hindiston AQSH bilan savdo nizolari kuchaygan bir paytda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan keng qamrovli savdo kelishuvini tuzish bo‘yicha kelishib oldi.
Tomonlar ma’lum qilishicha, kelishuv ikki tomonlama savdoda tovarlarning 96 foizidan ortig‘i uchun bojlarni bekor qilish yoki pasaytirishni nazarda tutadi.
Yevroittifoqda 2032 yilga borib Yevropa tovarlarining Hindistonga eksporti ikki baravar oshishi, kompaniyalar esa har yili bojxona to‘lovlari hisobidan 4 mlrd yevrogacha mablag‘ni tejay olishi kutilmoqda. Kelishuvdan, ayniqsa, Germaniyaning Volkswagen, Mercedes-Benz va BMW avtokonsernlari katta foyda ko‘rishi taxmin qilinmoqda. Hindiston avtomobillar importiga joriy qilingan bojlarni hozirgi 110 foizdan bosqichma-bosqich 10 foizgacha tushirishga rozi bo‘lgan.
Bojlarni kamaytirish va yangi bozorlar
Alkogol mahsulotlari uchun ham sezilarli yengilliklar nazarda tutilgan: vino uchun bojlar darhol 150 foizdan 75 foizgacha tushiriladi, keyinchalik esa bosqichma-bosqich 20 foizgacha kamaytiriladi. Shuningdek, mashina va uskunalar, elektronika, kimyo mahsulotlari, temir va po‘lat uchun ham tariflar qisqartiriladi.
«Bugun Yevropa va Hindiston tarix yaratmoqda», — dedi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen.
Uning ta’kidlashicha, taxminan 2 milliard aholini qamrab oluvchi erkin savdo hududi shakllanmoqda.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bu kelishuvni «barcha kelishuvlarning onasi» deb atadi va u 1,4 milliard hindistonlik va millionlab yevropaliklar uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.
Kuchga kirishi va siyosiy kontekst
Germaniya Savdo-sanoat palatasining tashqi savdo bo‘yicha direktori Folker Trayerning baholashicha, ushbu kelishuv Hindiston bozoriga chiqmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun «chin ma’noda game changer» – ya’ni qoidalarni tubdan o‘zgartiruvchi omilga aylanadi.
«Reuters» agentligining qayd etishicha, kelishuv rasman kuchga kirishidan oldin matnlar huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi, bu jarayon besh-olti oy davom etishi mumkin. Shartnomani amalga oshirish esa bir yil ichida kutilmoqda. 2025 yil mart oyida yakunlangan moliyaviy yilda Yevroittifoq va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmi 136,5 mlrd dollarga yetgan.
Kelishuv global savdo tizimi qayta shakllanayotgan bir paytda imzolandi. Yevroittifoq va Hindiston AQSH prezidenti Donald Tramp hamkorlarga bosimni kuchaytirib, bojlar joriy etgani va shunday tahdidlar qilganidan so‘ng iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Ilgari Hindiston va AQSH o‘rtasidagi savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi.
Kelishuvning Hindiston va Yevroittifoq uchun ahamiyati
Yevroittifoq va Hindiston o‘rtasidagi muzokaralar 2022 yilda to‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng qayta boshlandi va AQSH ayrim hind tovarlariga 50 foizlik boj joriy etganidan keyin yanada jadallashdi.
Savdo bo‘yicha ekspert Ajay Shrivastavaning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq bilan tuzilgan kelishuv Hindiston uchun muhim kompensatsiya mexanizmiga aylanib, ayniqsa mehnat talab etuvchi tarmoqlarda Amerika choralarining salbiy ta’sirini yumshatishga yordam beradi.
Yevroittifoq uchun esa bu qisqa vaqt ichidagi ikkinchi yirik savdo yutug‘i: bundan oldin Brussel Lotin Amerikasi davlatlari birlashmasi – «Mercosur» bilan muzokaralarni yakunlagan, so‘nggi yillarda esa Indoneziya, Meksika va Shveysariya bilan ham kelishuvlar imzolagan. Hindiston esa, o‘z navbatida, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya va Ummon bilan savdo aloqalarini kengaytirgan.





