add

Yuliy Yusupov: «Boshboshdoqlik-Korrupsiya-Samarasizlik: O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi inqirozining asosiy sabablari»

14.08.2025 | 08:00207810

So‘nggi uch yilda jahon bozorida paxta narxi ikki barobar arzonladi. Nega xomashyo narxi tushgan holatda bu O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun jiddiy inqiroz omiliga aylandi. Iqtisodchi tushuntiradi.

Yuliy Yusupov: «Boshboshdoqlik-Korrupsiya-Samarasizlik: O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi inqirozining asosiy sabablari»
O‘zbekiston to‘qimachilik sohasida so‘nggi paytda inqiroz belgilarini kuzatish mumkin: ishlab chiqarish o‘sishi sekinlashdi, eksport hajmi pasaydi, qarzdorlik ortib, ayrim korxonalar kasod holatiga yaqinlashdi. Prezident ma’lumotiga ko‘ra, bunga asosiy sabab so‘nggi uch yilda jahon bozorida paxta narxining tonnasi 3000 dollardan 1500 dollargacha tushib ketgani. Tabiiy bozor sharoitida xomashyo narxi arzonlashi ishlab chiqaruvchi uchun ijobiy holat hisoblanadi: mahsulot tannarxi pasayadi, raqobatbardoshlik oshadi, foyda va eksport imkoniyatlari kengayadi. Biroq O‘zbekistondagi to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligida bozor qoidalari emas, balki ma’muriy-buyruqbozlik tizimi ustun, deb yozadi Yuliy Yusupov o‘z Telegram kanalida. Quyida uning postini so‘zma-so‘z tarjimasini keltiramiz. Nobozor iqtisodiyotidagi paradokslar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida inqiroz kuzatilmoqda:
  • ishlab chiqarish va eksport o‘sishi sekinlashmoqda,
  • qarzlar ortib bormoqda, ko‘plab kompaniyalar ularni qaytarishga ojiz,
  • ayrim kompaniyalar kasod holatiga yaqinlashmoqda.
Xo‘sh, sabab nimada? Prezidentning o‘zi buni ochiq aytdi: so‘nggi uch yil ichida jahon bozorida paxta narxi tonnasi uchun 3000 dollardan 1500 dollargacha tushib ketdi. Endi keling, sabab va oqibat zanjirini tahlil qilaylik. Paxta — bu bizning to‘qimachilik sanoati uchun asosiy xomashyo. Shundaymi? Demak, agar xomashyo (ya’ni paxta)ning narxi tushsa, bu xomashyodan foydalanadigan ishlab chiqaruvchilar uchun aslida yaxshi bo‘lishi kerak. Ya’ni, mahsulotning tannarxi kamayadi, demak mahsulot bozorda raqobatbardosh bo‘ladi. Shunga ko‘ra, mahsulot sotilishi osonlashadi, ishlab chiqarish kengayadi, foyda orttiriladi, qarzlar qaytariladi… To‘g‘rimi? Shunday bo‘lishi kerak ham. Biroq unda nima uchun xomashyo arzonlashishi to‘qimachilik sanoatida inqiroz keltirib chiqardi? Bu miyani portlatishi mumkin bo‘lgan og‘ir mantiqiy ziddiyatdek tuyuladi… Aslida, bu yerda hech qanday paradoks yo‘q. Yuqoridagi tasvirlangan mantiqiy zanjir faqatgina bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlaydi. Ammo bizdagi to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hanuzgacha bozor iqtisodiyotidan asar ham yo‘q. Bu yerda hali ham ma’muriy-buyruqbozlik tizimi hukmron: bu sohalarni bozor va shaxsiy manfaatlar emas, balki amaldorlarning mantig‘i va manfaatlari boshqaradi. Xo‘sh, paxta narxining pasayishi qanday qilib to‘qimachilikdagi inqirozini chaqirdi ekan-a? Hammasi juda oddiy tushuntiriladi. Bizdagi paxta klasterlari formal jihatdan xususiy kompaniyalar hisoblansa-da, aslida, quyidagicha tashkil etilgan: – Prezident farmonlari bilan; – davlat tomonidan va’da qilingan imtiyozlar asosida; – kafolatlangan xarid narxlari bilan (bu narxlar jahon bozoridagi narxlardan past belgilangan). Paxtaga nisbatan belgilangan past narxlar va turli xil imtiyozlar klasterlarga chet eldagi raqobatchilarga nisbatan ustunlik berardi va so‘nggi yillarda sohaning jadal o‘sishiga turtki bo‘ldi. Endi savol: bu «to‘y» kimning hisobidan bo‘lgan? Imtiyozlar masalasi aniq: soliq to‘lovchilar (soliq imtiyozlari) va kredit oluvchilar (imtiyozli kreditlarning past foizlari hisobini qolgan tadbirkorlar yuqori foizli kreditlar bilan to‘laydi) hisobiga. Paxtaning past narxi-chi? Bu yerda asosiy «homiylar» fermerlar edi. Ular oldindan belgilab berilgan dalalarda paxta ekishga ham, o‘z mahsulotini klasterlarga bozordan ancha past narxlarda sotishga ham majbur. Jahonda paxta narxi yuqori bo‘lgan davrda bu tizim qandaydir darajada ish bergan: fermerlarga nisbatan ko‘proq haq to‘lana boshlangan, klasterlar esa ichki arzon narxlarda xomashyo olib foyda ko‘ra olgan. Ammo jahondagi narxlar pasayganidan so‘ng butun sxema yemirila boshladi. Avvalo fermerlar uchun xarid narxini pasaytirishga urinildi. Lekin aniq bo‘ldiki, bunday holda ularning faoliyati umuman rentabelsiz bo‘lib qolardi. Shunda davlat fermerlar va to‘qimachilarni subsidiyalashga o‘tdi va, tushunishimcha, hozircha bu yo‘ldan qaytish niyati ham yo‘q. Nobozor iqtisodiyotning mantig‘i shunday: – Avvalo, amaldorlar o‘ylab topgan loyihalarga davlat va xususiy sarmoyalar ommaviy ravishda yo‘naltiriladi. Xususiy investorlar imtiyozlar, monopoliya va’dalari (hammani sendan xarid qilishga majbur qilamiz, raqobatchilarni bozordan haydaymiz), arzon resurslar (bizning holda – paxta) bilan o‘ziga jalb qilinadi. Bu orqali nafaqat «tanish-bilishchilik» ortidan biznes ochishga ruxsat olgan tadbirkorlar, balki bu ruxsatni beruvchi amaldorlar ham katta foyda ko‘radi. – Sxema ishlamay qolganda (imtiyozlar va monopoliya raqobatbardoshlikni pasaytiradi yoki tashqi shoklar, masalan jahon narxlarining tushishi sodir bo‘ladi), bu sun’iy ravishda yaratilgan bizneslar yanada kattaroq imtiyozlar, subsidiyalar va monopoliyalar orqali «qo‘llab-quvvatlanadi» (eng yaqqol misol – avtosanoatimiz, u so‘nggi 30 yilda import uchun baland bojlar bilan himoya qilib kelinyapti). Qayerdaki imtiyozlar, subsidiyalar va sun’iy monopoliyalar bo‘lsa — o‘sha yerda amaldorlar, «otkat»lar, «konvert»lar va oddiy poraxo‘rlik paydo bo‘ladi… Bu sxemaga qisqa nom ham berilgan: BKS –Boshboshdoqlik—Korrupsiya—Samarasizlik, deya. Aynan shunday mana shunday sxemalar bizning mamlakatimizni qashshoqlashishiga xizmat qiladi…  

Teglar

Mavzuga oid