
1-apreldan alkogol va tamaki mahsulotlari naqd pulda sotilmaydi
2026 yil aprelidan O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlari, qator xizmatlar va yirik xaridlar uchun to‘lovlar faqat naqdsiz tarzda qabul qilinadi.

2026 yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotib olishga to‘liq chek qo‘yiladi. Yangi tartibga ko‘ra, ushbu mahsulotlar uchun hisob-kitob faqat bank kartalari, elektron to‘lov ilovalari yoki QR-kod orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Bu talab Prezidentning 2025 yil 10-dekabrda imzolangan PF-246-son Farmonida belgilab qo‘yilgan.
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsadi
Farmonning asosiy vazifasi — yashirin iqtisodiyot ulushini keskin kamaytirishdir. Hujjatda 2030 yilga qadar kuzatib bo‘lmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 barobarga qisqartirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, rasmiy band bo‘lgan aholi ulushini 64 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Naqd pulsiz to‘lov majburiy bo‘lgan sohalar
2026 yil aprelidan davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar (bank kassalari orqali amalga oshirilgan to‘lovlardan tashqari) naqd pulsiz shaklda qabul qilinadi. Shuningdek, AYQSHlarda neft mahsulotlarini sotish, elektromobillarni zaryadlash xizmatlari ham naqd pulsiz hisob-kitob asosida ko‘rsatiladi.
Yirik xaridlar uchun yangi talablar
Qiymati 25 million so‘mdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar uchun naqd pulda to‘lash taqiqlanadi. Bundan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mustasno. Ko‘chmas mulk, ishlab chiqarilganiga 10 yil to‘lmagan avtotransport vositalarini sotishda ham to‘lov tasdiqlanmasa, bitimlar rasmiylashtirilmaydi. Banklar va notariuslar axborot tizimlari o‘zaro avtomatik ma’lumot almashadi.
Yagona QR-kod tizimi
Shuningdek, farmonda Markaziy bank 2026 yil 1-yanvarga qadar elektron to‘lovlar uchun yagona QR-kod joriy etishi shart qilib qo‘yildi. 1-iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar mazkur QR-kod orqali to‘lov qabul qilishi majburiy bo‘ladi. Barcha operatsiyalar soliq organlariga real vaqt rejimida ko‘rinadi.
Bodi-kameralar orqali nazorat
2026 yil iyulidan boshlab nazorat qiluvchi organlar tekshiruvlarni bodi-kameralar yordamida amalga oshiradi. Bu tadbirkorlarga nisbatan asossiz bosim va korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yangi tartiblar moliyaviy intizomni kuchaytirish va iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.
