10 mln dollarlik yo‘l o‘pirildi, umra parvoziga ruxsat berildi, «qo‘qonlik tabib» qo‘lga olindimi? — Hafta dayjesti

Bugun 18:246 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.




Sergelidagi xavfli «ko‘prik»

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi xavfli ko‘prik ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans berdi. Tarqalgan videolarda mahalladan oqib o‘tuvchi Jo‘nariq kanali ustidagi ko‘prik olib tashlangani tufayli yosh bolalar maktabga borish uchun kanal ustidan o‘tgan quvur uzra harakatlanayotgani aks etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hududdagi eski ko‘prik ikki oy oldin avariyaviy holatda ekani sababli buzib tashlangan. Toshkent shahar hokimining 6-mart kuni imzolangan qaroriga ko‘ra, Sergeli tumani Yuqori Darxon mahallasidagi Jo‘nariq kanali ustida yangi ko‘prik qurish uchun 1 mlrd 860 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kanal ustidagi quvur o‘z joyida qoladi, ammo undan taxminan 50 metr masofada yangi ko‘prik barpo etiladi. Qayd etilishicha, yangi ko‘prik orqali ham piyodalar, ham avtomobillar harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Avvalgi ko‘prik esa hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan avariyaviy holatga kelib qolgan.

Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar mavzusiga aylangach, yangi ko‘prik qurilgunga qadar bolalar maktabga qatnashi uchun tez fursatda vaqtinchalik ko‘prik qurib berildi. Bunda bir paytlar Toshkent shahri ko‘chalariga o‘rnatilgan, keyin kesib tashlangan panjaralar asqotgan.

 

100 yil xizmat qilishi aytilgan yo‘l o‘pirilib tushdi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida qurilganiga atigi 1,5 yil bo‘lgan, 100 yil xizmat qilishi aytilgan tunnel yo‘li o‘pirilib tushdi. 12-mart kuni sodir bo‘lgan hodisa chog‘ida baxtga ko‘ra, atrofda hech kim bo‘lmagan va birovga jabr yetmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichida 28 metrli yo‘l o‘tkazgichni qurish uchun 128,6 mlrd so‘m (10 million dollar) mablag‘ ajratilgan. Temur Malik ko‘chasining 2 km qismini ta’mirlashni o‘z ichiga olgan loyiha umumiy qiymati salkam 200 milliard so‘mga baholangan.

O‘pirilish videosi Internetda tarqalgach, voqea joyiga avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari zudlik bilan yuborilgan. Shuningdek, shahar hokimi Shavkat Umurzoqov ham hodisa joyiga yetib borgan.

Hodisaga sabab sifatida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar taxmin qilinyapti.

Yangi yo‘l o‘tkazgich 2024 yilning avgustida ochilgan va o‘shanda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursonov bu yo‘l o‘tkazgich an’anaviy beton va monolit konstruksiyalarga nisbatan yengilligi, 30 foizga arzonligi, ekspluatatsiya xarajatlari kamligi va xizmat muddati 100−120 yilga mo‘ljallanganligini aytgan edi.

 

O‘zbekistondan Umra parvozlariga ruxsat berildi

Bu haftada Yaqin Sharqdagi keskinlik sabab O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga umra ziyorati uchun parvozlarga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi. 10-martdan boshlab O‘zbekiston hududidan Saudiya Arabistoni Podshohligi hamda Birlashgan Arab Amirliklariga ikki tomonlama yo‘lovchi tashishga rasman ruxsat berildi.

Qaror ham mahalliy, ham xorijiy aviakompaniyalarga taalluqli.

Shuningdek, Saudiya Arabistoniga amalga oshiriladigan reyslarda umra ziyoratchilari uchun qo‘shimcha talablar belgilangan. Ziyoratchilar mavsum yakunlangach mamlakatni o‘z vaqtida tark etishi lozimligi sabab, aeroportlarda qaytish aviachiptasi mavjudligi qat’iy tekshiriladi.

«Uzbekistan Airports» kompaniyasi qaytish chiptasi bo‘lmagan yo‘lovchilar ro‘yxatini shakllantirib, har kuni «O‘zaviatsiya» agentligiga taqdim etib boradi. Keyinchalik ushbu ma’lumotlar tahlil qilinib, tegishli davlat idoralariga kiritilishi aytilmoqda. Shuningdek, umra ziyoratchilari tashuvi faqat litsenziyaga ega turoperatorlar orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Iqbol Soliyev Ozarboyjonda ushlandimi?

Hafta ichida Ozarbayjonda qo‘lga olingan qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyev bilan bog‘liq holat ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. 12-mart kuni u Boku shahrida mahalliy politsiya tomonidan ushlangani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay tabib qo‘yib yuborilgan. Ma’lum qilinishicha, politsiya bo‘limida unga nisbatan qonunchilikka muvofiq tegishli javobgarlik choralari ko‘rilgan va shundan so‘ng uni Ozarboyjondan chiqarib yuborish ta’minlangan.

Xabarlarga ko‘ra, Iqbol Soliyev Bokudagi «Bİ-ES VİP» estetik klinikasida bemorlarni o‘z uslubi — «qo‘l energiyasi» orqali davolagan. U har bir qabul uchun 60 manat (taxminan 430 ming so‘m) miqdorida haq olgani aytilmoqda. Shuningdek, klinika oldida yuzlab odamlar to‘planib, katta navbatlar hamda tartibsizliklar yuzaga kelgani ham xabar qilindi.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Iqbol Soliyev ommaviy axborot vositalari va blogerlarga murojaat bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sizdirilgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

U bunday xabarni tarqatgan OAV va blogerlar ustidan tegishli tashkilotlarga arz qilishini aytgan.

Ammo tabib qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni Ozar matbuoti mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar qilgan edi.

 

7 milliardlik xato

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning 2025-yil may oyidagi qarori bilan 6,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, avtomobil yo‘llaridagi yo‘nalishlarni ajratish uchun temir panjaralar o‘rnatishga yo‘naltirilgan edi. Biroq aynan manashu panjaralar noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lishi ham mumkin.

Bu haqda, 12-mart kuni Yo‘l harakatini tashkil etish markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev VAQT.UZ jurnalistining shahar ko‘chalarida panjaralarning olib tashlanishi va keyin o‘rnatilishi nimaga asoslangani haqidagi savoliga javoban ma’lum qildi.

«Har bitta ko‘chalar kesimida hali ishlar oxiriga yetmagan. Har birini qarab chiqyapmiz. Ayrim holatlarda rostan ham panjaralar o‘rnatilishi noto‘g‘ri bo‘lishi kutilmoqda. Hozir yakuniy xulosamiz yo‘q. Biz o‘zimiz uchun ustuvorlik belgilab oldik: qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak, qaysi holatlarda panjaralar qo‘yilishi kerak emas», – dedi Abdurahmon Baxtiyev.

 

Metanga cheklov

Bu hafta metanga vaqtincha cheklov joriy qilindi. 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab O‘zbekiston Energetika vazirligi metan «zapravkalar» faoliyatiga cheklov qo‘yilganini ma’lum qildi.

Vazirlikning xabar qilishicha, bu cheklovning asosiy sababi sovuq va nam havo massalarining kirib kelishi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan talabning ortishi bo‘ldi. Shu sabab magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda.

Bunday sharoitda eng avvalo aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan metan “zapravkalar” faoliyatida vaqtincha cheklov joriy qilindi.

Cheklov 14-mart kunidan boshlab bekor qilindi. Demak, kunlar chindan ham isiy boshlaydi.

 

Mo‘jtabo murojaat yo‘lladi

Bu hafta Eronning yangi rahbari Mo‘jtabo Xomanaiy oliy lavozimga saylanganidan so‘ng ilk marotaba xalqqa murojaat qildi. Uning bayonoti davlat televideniyesi orqali o‘qib eshittirildi.

Xomanaiy murojaatida Eron tashqi tajovuzlarga taslim bo‘lmasligi va dushmanga bosim o‘tkazish maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bloklash chorasidan foydalanishda davom etishi lozimligi ta’kidlangan.

Shu bilan birga, u Eron qo‘shni davlatlar bilan do‘stona siyosat olib borishi, ammo ularga Amerikaga qarshi Eronning nishonlariga aylangan bazalarni yopishni maslahat bergan.

Murojaatda halok bo‘lgan eronliklar, jumladan Minobdagi qizlar maktabida vafot etganlar uchun qasos olinishi, shuningdek, AQSH va Isroildan hujumlar vaqtida yetkazilgan zarar uchun tovon talab qilinishi ham ma’lum qilindi.

 

Gelikdagi shovvozlar

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan shovvozlardan biri yana diqqat markaziga tushdi. Toshkentda Mercedes-Benz (Gelendvagen) mashinasini soatiga 222 km tezlikda haydagan va unga noqonuniy «migalka» o‘rnatgan ikki yosh yigit 15 sutkaga qamaldi.

Ularga mayda bezorilik va ichki ishlar xodimining qonunli talablarini bajarmaslik bo‘yicha ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.

Ikki fuqaro mart oyi boshida Sergeli tumani, Fayziy ko‘chasida mashinalarga «migalka» o‘rnatib, bir vaqtda 210, yana bir vaqtda 222 km/soatdan yuqori tezlikda harakat qilgan va yo‘l qoidalarini buzgan. Ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va qonuniy chora ko‘rish uchun hujjatlar sudga taqdim etilgan.

Chilonzor tuman sudi qarori bilan ularga mayda bezorilik ayblovi asosida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 32

Barchasi

Mavzuga oid