add

3 yil: Turkiya zilzilasi, jasorat va jonli xotiralar

Kecha 17:318 daqiqa

Bundan 3 yil avval Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila millionlarning hayotini izdan chiqardi. Binolar qulab tushdi — oilalar boshpanasiz qoldi. Jasorat esa hayotning o‘zi bo‘ldi.

3 yil: Turkiya zilzilasi, jasorat va jonli xotiralar

2023 yil 6-fevral tongida Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan zilzila butun dunyoni larzaga soldi. Magnitudasi 7,7 va 7,5 bo‘lgan bu silkinish mamlakatning 11 viloyatini qamrab olib, minglab uylar, ofislar va infratuzilmalarni vayron qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 50 mingdan ortiq va ba’zi manbalarda esa 70 mingdan oshgani aytiladi, yuz minglab insonlar jarohatlandi va yana millionlab insonlar kechayu kunduz boshpana izlashga majbur bo‘ldi.

photo_2026-02-06_17-30-39

photo_2026-02-06_17-31-11

photo_2026-02-06_17-31-42

photo_2026-02-06_17-31-33

photo_2026-02-06_17-31-36

Ushbu falokat nafaqat moddiy zarar keltirdi, balki Turkiya siyosiy va institutsional tizimlarini ham jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Xalqaro tahlilchilar bu voqeani faqat jiddiy tabiiy ofat emas, balki davlat boshqaruvi, xalqaro hamkorlik va jamiyat irodasi sinovi sifatida baholadi.

Jasorat va favqulodda harakatlar

Falokat sodir bo‘lgan zahoti Turkiya hukumati favqulodda holat e’lon qilib, qutqaruv ishlarini boshladi. Harbiylar, maxsus xizmatlar va ko‘ngillilar vayron bo‘lgan binolar ostidan tiriklarni chiqarish uchun jon kuydirdi. Prezident Erdo‘g‘an to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqqa murojaat qildi. Xalqaro ekspertlar bu harakatlarni samarali boshqaruv namunasi deb baholadi.

photo_2026-02-06_17-31-39

photo_2026-02-06_17-31-24

photo_2026-02-06_17-31-27

Biroq dastlabki soatlar dahshatli edi: ba’zi hududlarda yordam juda sekin yetib borgan, resurslar noto‘g‘ri taqsimlangan. Yetarli nazorat bo‘lmagan binolar qulab tushgan, bu esa qurbonlar sonini oshishiga olib kelgan asosiy omillardan biri bo‘ldi.

«Hamma dahshatda, hammaning ko‘zida qo‘rquv, yuragida esa umidsizlik hukmron edi», — deya keyinchalik o‘sha kungi voqealarni eslagan turkiyalik tarmoq foydalanuvchilaridan biri Elif Yildiz.

Global yordam va siyosiy javoblar

Dunyo davlatlari darhol yordamga qalqdi. O‘sha paytda Turkiyaga NATO, Yevropa Ittifoqi, AQSH va boshqa davlatlar o‘z qutqaruv guruhlari va humanitar yordam yuklarini yubordi. AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jo Bayden bunday keng ko‘lamli falokat paytida global birdamlik zarurligini ta’kidlagan edi.

Shu bilan birga, jurnalistlar va faollar Turkiya hukumatini falokatni yoritish, uning atrofidagi ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish borasidagi ko‘plab qarorlarini tanqid qilib keladi, axborot oqimi cheklangan bo‘lganini yodga olishadi.

photo_2026-02-06_17-31-30

photo_2026-02-06_17-31-15

O‘zbekiston ham falokat sodir bo‘lgan ilk soatlardayoq qardosh turk xalqining yonida ekanini bildirib chiqdi. Buning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistondan qutqaruvchilar, shifokorlar va maxsus texnikalar zudlik bilan Turkiyaga yetkazildi.

O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqining qardoshlariga yordamini yetkazish va Turk davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash taklifini ilgari surdi.

photo_2026-02-06_17-31-19

photo_2026-02-06_17-31-21

photo_2026-02-06_17-31-06

Shuningdek, 2023 yildan buyon, har yili 6-fevral kuni Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari tomonidan «Tabiiy ofatlar qurbonlarini xotirlash va birdamlik kuni» sifatida xotirlanmoqda. Ushbu kun, ofatlarda qurbon bo‘lganlarni yodga olish bilan bir qatorda, Turkiy dunyoning mustahkam birligi va bir butun ekanligini ifoda qiladi.

Qurilish va javobgarlik

Zilzila ortidan hukumat tergovlari mamlakatdagi ko‘plab qurilish kompaniyalarini qamrab oldi. 100 dan ortiq shaxs qurilish kodeksi talablarini buzganlikda gumon qilinib, ulardan ba’zilari hibsga olindi. Shu bilan birga, hukumatning qat’iy nazorati qurilish sifati va mas’uliyatni jiddiy tekshirishga olib keldi.

photo_2026-02-06_17-31-00

Masalan, Antaqya shahridagi «Rönesans Rezidans» binosi pudratchisi aeroportda to‘xtatib qolindi. (U o‘z javobgarligini sezgan holda mamlakatni tark etishga uringan.) Shuningdek, G‘oziantep va Adiyaman hududlarida ham qurilish talablarini buzgan holda faoliyat olib borgan ko‘plab shaxslar hibsga olindi.

Bu voqealar qurilish nafaqat Turkiya, balki, butun dunyoda qurilish sifati va mas’uliyatning naqadar muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Texnik va ilmiy tahlil

Turkiyadagi o‘sha zilzila 7,8 magnitudada baholandi, bir vaqtning o‘zida qaytalagan 7,5 ballik zarba ham sezilgan. Mutaxassislar mamlakatda falokatgacha qurilgan binolarning ko‘pchiligi seysmik me’yorlarga amal qilinmay qurilgani, tuproq sharoiti esa zarbani yanada kuchaytirganini ta’kidlashadi.

photo_2026-02-06_17-30-48

Shu sabablarga ko‘ra vayronagarchilik ham shu qadar keng ko‘lamli bo‘lgan. Turkiyada 2023 yilgi o‘sha falokat seysmik va qurilish talablarining o‘ta qat’iylashtirilishi hamda nazorat kuchayishiga ham olib keldi.

Iqtisodiy va ijtimoiy ta’sir

Zilzila Turkiya iqtisodiyotiga taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 100 milliard dollarga yaqin zarar yetkazdi. Minglab uylar vayron bo‘ldi, ishlab chiqarish to‘xtadi, ish o‘rinlari yo‘qotildi.

Falokat shuningdek, mamlakat sug‘urta tizimidagi juda katta muammolarni o‘rtaga chiqardi. Shuningdek, uzoq muddatli tiklanish rejalari qayta ko‘rib chiqila boshlandi.

Zilzila millionlab turk oilalarni boshpanasiz qoldirdi, ko‘pchilik yaqinlarini yo‘qotdi. Umuman, bu zilzila turk jamiyati uchun katta, tiklanishi qiyin bo‘lgan og‘ir ruhiy jarohatlar qoldirdi. Shu tufayli mamalakatda mahalliy markazlarda psixologik maslahatlar, vaqtinchalik boshpanalar tashkil etildi.

Shaxsiy hikoyalar

Falokatdan keyingi iqtisodiy yo‘qotishlar vaqt o‘tishi bilan qoplanishi mumkin, ammo zilziladan bevosita jabrlangan, yaqinlarini yo‘qotgan insonlarning ruhiy azoblari eng dahshatlisi hisoblanadi. Shu sababli, bu bo‘limda dunyo matbuotida yoritilgan, ta’sirli shaxsiy hikoyalarni taqdim qilamiz.

Gulxan Vishne, 17 yoshli o‘quvchi, Usmoniya shahrida shunday eslaydi:

«Avvaliga nima bo‘layotganini tushunmadim. Devor ustimizga qulab tushdi. Nafas olish qiyin edi… Hayotimni yo‘qotganimni his qildim».

Nolon Shimshek, Xayrulloh tumanidan, oilasini eslab:

«Qizim menga uy emas, qabr sotib oldim, deb qo‘ng‘iroq qildi… Endi esa u yo‘q...»

Canan, Hatay shahrida to‘rt farzandli ona, o‘sha paytda ko‘rganlarini shunday eslaydi:

«Zilzila vaqtida devor yuzimga tushdi. Oylab yotoqda yotdim. Endi yurmoqdaman, lekin eski hayotimni hech qachon unutmayman».

Shuningdek, ba’zi voqealar butun dunyoga mo‘jiza va jasorat namunasi sifatida yetib bordi.

Samir Muhammad Accar, Antaqya shahridan, 296 soat davomida vayronalar ostida tirik qolgan, biroq kichik farzandi olamdan o‘tganini aytadi:

«Tirik qolish jasorat va hayotiy instinktlar talab etdi. Biroq kichik farzandimni yo‘qotdim»

Falokat oqibatlari uzoq davom etdi. Fotima Kirici, Antaqyada yashovchi ona, hali ham xavfsizlik muammosini eslatadi:

«Bizning uylarimiz baribir xavf ostida qolyapti… Farzandlarim xavfsizligini ta’minlashni o‘ylab yashayapmiz.»

Bu hikoyalar orqali biz zilziladan jabr ko‘rgan turkiyaliklarning azoblari, jasorati va qayta tiklanishga bo‘lgan kuch va intilishini ko‘ramiz.

O‘zbekistonlik faollar falokat haqida qanday fikrda?

Hamid Sodiq, siyosatshunos

photo_2026-02-06_17-30-51

Turkiya jumhuriyatida sodir bo‘lgan, minglab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan mash’um zilzila kunlari hamon esimda. Zilzilaning ikkinchi kuni O‘zbekistondagi Turkiya jumhuriyatining elchixonasiga borgan edik – ta’ziya bildirishga kelganlarning navbati uzun edi. Ha, ushbu fojia – tarixi, tili va dini bir ikki xalqni yanada jipslashtirgan edi. O‘zbek xalqi esa bu fojiani o‘zining og‘rig‘i sifatida qabul qilgani yaqqol sezilib turardi.

Aqida Hanum, bloger

photo_2026-02-06_17-29-26

Avvalo, Turkiyada ro‘y bergan zilzila barchamizni og‘ir ahvolga solganini eslayman. Ha, o‘sha paytda falokat munosabati bilan hukumatimiz tomonidan tezda hamdardlik e’lon qilingan edi, ammo bu jarayonda oddiy odamlarning his qilgan og‘rig‘i va birodardligi ham nihoyatda kuchli bo‘ldi.

Men turkiyaliklar bilan bir muddat birga ishlaganman va ularning xuddi o‘zimiz kabi samimiy, sodda insonlar ekanini bilaman. Qolaversa, biz qardosh xalqlarmiz. Fojia paytida O‘zbekistondan Turkiyaga borib, qardoshlarga yordam ko‘rsatishni istaganlar juda ko‘p edi. Esimda, o‘sha vaqtlarda o‘zbekistonlik oshpazlar va boshqa bir guruh faollar xayriya yig‘ib, jabrlanganlarga yetkazgan edi.

Men ko‘proq xalq birdamligi haqida gapiryapman. Turkiyadagi zilzila bugun yirik qurilishlar markaziga aylanib borayotgan O‘zbekiston uchun ham jiddiy signal bo‘ldi. Afsuski, bizda ham qurilish sohasidagi muammolar yetarlicha. Shu jihatdan, men doim xavotirdaman.

Xurshid Botirov, huquqshunos

photo_2026-02-06_17-30-54

Turkiyadagi zilzila vaqtida xorijda xizmat safarida edim. Bu fojia barchamizni juda og‘ir qayg‘uga solgan edi. O‘zbekiston xalqining va hukumatining bu murakkab og‘ir vaziyatda qardoshlariga qarata yordam qo‘lini cho‘zgani juda to‘g‘ri qaror bo‘lgan edi. Sababi ushbu tahlikali davrda do‘stlarimiz, qardosh xalqlarimiz tashvishi bizning tashvishimiz, dardlari bizning dardimiz bo‘lishi kerak.

Dunyoda bunday tabiiy ofatlar ehtimoli doimiy mavjud, oshib bormoqda. Shu sababli 3 yillik achchiq xotiralar bizga bu kabi favqulodda holatlarda qanday yo‘l tutish dasturlari, strategiyalarini joriy etishni oldimizga vazifa o‘laroq qo‘ymoqda.

Fazliddin Madiyev, Anqara HBV universetiti doktoranti

photo_2026-02-06_17-30-46

Yer qimirlagan o‘sha mash’um kun hech qachon yodimdan chiqmasa kerak. Anqarada edik. Oilam bilan bir kun avval, O‘zbekistondan borgan madaniy guruhning sahna chiqishlaridan xursand bo‘lib, uyga qaytgandik. Ertalab uyg‘onsak, butun xabar kanallari zilzila haqida gapirayotgan va falokat juda dahshatli edi.

Bilasizmi, keyin nima bo‘ldi? Anqarada yashaydigan va bir-birini taniydigan butun o‘zbekistonliklar yordam markazlariga yugirdik. Keyin o‘zimiz ham o‘zbekistonliklar nomidan yordam markazi ochib, elchixonamiz bilan falokat bo‘lgan joyga yo‘l oldik. U yerda men o‘zbekistonlik ekanimdan g‘oyatda g‘ururlandim.

Hech kim hech narsa kutmasdan, qo‘lidan kelgan hamma ishni qilar, atiga ikki soat uhlab-uhlamay ishining boshiga yugurardi. Men ayollarimiz va erlarimizning qanchalik fidoyi va jasur ekanligini o‘sha yerda ko‘rganman. Meni nazdimda ular haqiqiy qahramonlar sifatida qoldilar.

U yerdagilar bizni yonimizga kelar, quchoqlar va bayrog‘imizni o‘pib ketardi. Ko‘p xotiralar qolgan, balki vaqti kelsa, bular haqida yana yozarman.

Xulosa: zilzila izlari: ogohlantirish va umid

Zilzilaning uch yillik tajribasi Turkiya jamiyati va butun dunyo uchun bir nechta muhim saboqlarni ochib berdi. Birinchi o‘rinda, qurilish standartlari va seysmik tayyorgarlik masalasi yana bir bor diqqat markaziga tushdi.

2023 yildagi zilzila natijasida yuz minglab binolar vayron bo‘ldi, kattagina iqtisodiy zararlar yuzaga keldi va millionlab odamlar boshpanasiz qoldi — bu voqea mamlakatda qurilish kodekslariga qat’iy rioya etish zarurligini kuchli tasdiqladi.

Haqiqatdan ham, zilzilagacha Turkiyadagi ko‘plab binolar eski seysmik me’yorlarga asoslanib qurilgan edi va zarar darajasi shunga muvofiq kata bo‘ldi. Ekspertlar esa kelajakda bu standartlarni yana ham kuchaytirish lozimligini ta’kidlaydi — oldindan tayyorgarlik va yuqori sifatli qurilish bilan ko‘proq hayot saqlanishi mumkin.

Ikkinchidan, qayta tiklanish va barqaror tiklanish strategiyalari Turkiyada keng muhokama qilinyapti. Qayta qurish jarayoni tez‑tez almashtiriladigan tezkor tiklashdan ko‘ra, uzoq muddatli reja, barqaror infratuzilma va ekologik moslashuvga asoslangan yo‘nalishlarni talab qiladi. Bu nafaqat bitta shahar yoki viloyat uchun, balki butun mamlakatni yanada chidamli qilish uchun muhim sanaladi.

Uchinchidan, matbuotda va jamoatchilik fikrida ham ogohlantirishlar ko‘paydi. Masalan, ko‘plab turkiyaliklar zilzila bilan bog‘liq fojialardan saboq olish o‘rniga, yetarlicha chora ko‘rilmayotganini tanqid qilmoqda.

Shuningdek, uch yillik vaqt ichida madaniy meros va jamiyatning o‘zligiga qaytish kabi masalalar ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Antaqyada tarixiy binolarning qayta tiklanishi ustida ishlayotgan arxitektorlarning ta’kidlashicha, tiklanish faqat inshootlarni qayta qurish emas, balki jamiyatning ruhiy va madaniy ildizlarini ham tiklashdir.

Bugun Turkiya vatandoshlari ham jamiyatning chidamliligi, birligini mustahkamlash, turli falokatlarga oldindan tayyor bo‘lish bo‘yicha yangi fikrlar va tashabbuslar bilan chiqmoqda. Ular uchun 6-fevral falokati nafaqat og‘ir xotira, balki, eslatma sifatida ham qoldi: tabiiy ofatlar oldida jismoniy qurilmalar bilan bir qatorda ma’naviy birdamlik, o‘zaro yordam va mas’uliyat hissi ham juda muhim.

2024 yil noyabr oyida Bishkekda bo‘lib o‘tgan 11 sammitda a’zo davlatlarning tegishli muassasalari rahbarlari TDTning «Fuqarolik himoyasi mexanizmi»ni yaratish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ushbu asos jamoaviy tayyorgarlikni sezilarli darajada yuksaltirdi va inqiroz davrida samarali yordam ko‘rsatish qobiliyatini mustahkamladi.

Uch yil o‘tgan bo‘lsa-da, zilzila izlari hanuz yuraklarda seziladi. Binolar qayta tiklanmoqda, lekin ruhiy yaralar hali to‘la davolanmagan. Turkiya jamiyati chidamlilik va jasorat saboqlarini unutmaydi.

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 41

Barchasi

Mavzuga oid