6,9 mlrd so‘mga tushgan panjaralarning olib tashlanishi, yangicha usulda hisoblanadigan suv solig‘i va haydovchilar uchun javobgarlik — 11-fevral dayjesti

Kecha 23:353 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

6,9 mlrd so‘mga tushgan panjaralarning olib tashlanishi, yangicha usulda hisoblanadigan suv solig‘i va haydovchilar uchun javobgarlik — 11-fevral dayjesti

Soliq qo‘mitasi o‘zbekistonliklarning xorijiy kompaniyalar foydasiga amalga oshirilgan tranzaksiyalari haqida banklardan ma’lumot so‘radi

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi mamlakatdagi banklardan 2023–2025 yillar davomida fuqarolar tomonidan 83 ta yirik xorijiy internet-kompaniya (Google, Apple, Meta va boshqalar) foydasiga amalga oshirilgan barcha to‘lovlar haqida batafsil ma’lumot so‘radi. Qo‘mitaning ta’kidlashicha, ushbu chora jismoniy shaxslarning shaxsiy hayotiga aralashish emas, balki xorijiy gigantlarning O‘zbekistondagi real daromadlarini va ulardan to‘lanadigan QQS miqdorini to‘g‘ri hisoblashni tekshirishga qaratilgan. Ma’lumot uchun: 2025 yilda Apple, Meta va Google uchligi O‘zbekistonda qariyb 1,2 trln so‘m daromad ko‘rib, 142,9 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Ushbu tashabbus jamoatchilik va moliyaviy ekspertlar o‘rtasida bank siri hamda shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi borasida savollarni yuzaga keltirdi. Soliq organlari ma’lumotlar «egasizlantirilgan» holda yig‘ilishini va maqsad faqat xorijiy yuridik shaxslar aylanmasini nazorat qilish ekanini aytayotgan bo‘lsa-da, har bir tranzaksiyaning aniq sanasi va summasi talab qilinishi bank siri to‘g‘risidagi qonunchilik bilan bahsli vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin.

Mehnat va dam olish qoidalarini buzgan haydovchilar uchun javobgarlik belgilandi

2024 yilda haydovchilarning rulda uxlab qolishi oqibatida 351 ta YTH yuz berib, 189 nafar inson hayotdan ko‘z yumgani ushbu islohotning naqadar zarurligini ko‘rsatdi. 2026 yil 5-fevralda imzolangan yangi qonunga ko‘ra, xalqaro va shaharlararo yo‘nalishlarda mehnat va dam olish rejimini buzgan haydovchilarga BHMning 7 baravari (2 mln 884 ming so‘m) miqdorida jarima belgilandi. Endilikda «taxograf bor-ku» deb xotirjam bo‘lish kifoya qilmaydi; qurilmadagi ma’lumotlar asosida haydovchining vaqtida dam olmagani aniqlansa, javobgarlik muqarrar bo‘ladi.

Yangi tartibga ko‘ra, ish vaqti 9 soatdan ortiq bo‘lgan yoki 400 kmdan ortiq masofaga qatnaydigan transport vositalari Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan qat’iy kuzatib boriladi. Shuningdek, tashish xavfsizligi talablarini buzgan mansabdor shaxslar uchun jarima BHMning 10 baravari (4 mln 120 ming so‘m) etib belgilandi. Mazkur o‘zgarishlar, jumladan metropolitendagi xavfsizlik bo‘yicha yangi sanksiyalar ham 2026 yil 10-maydan boshlab amalga kiritiladi.

2027 yildan suv solig‘i hududga qarab hisoblanadi

Prezidentning yangi qaroriga (PQ–47) ko‘ra, 2027 yildan boshlab suv solig‘i stavkalari va subsidiyalar hududning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Bunda «qamchi va shirinlik» tamoyili ishlaydi: agar fermer suv tanqis hududda suv tejovchi texnologiya joriy qilsa, unga beriladigan subsidiya 1,25 baravar oshirib beriladi. Aksincha, suvi mo‘l joyda yashab, uni tejamaganlar uchun soliq stavkasi ikki barobar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Yangi tartibga ko‘ra, 2027 yilgacha sholi yetishtiruvchilar va baliqchilik xo‘jaliklari o‘z mablag‘lari hisobidan «aqlli» suv o‘lchash vositalarini o‘rnatishlari shart. Suv kirish va chiqish nuqtalarida nazorat o‘rnatilmasa, soliq yana o‘sha — ikki barobar oshirilgan tartibda hisoblanadi. Suv xo‘jaligi vazirligi har yili 1-aprelgacha hududlarning suv bilan ta’minlanganlik reytingini tuzib, Xalq deputatlari kengashlariga tasdiqlash uchun kiritadi.

Poytaxt ko‘chalarida bir hafta oldin o‘rnatilgan temir panjaralar yana olib tashlanmoqda

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida bir hafta oldin o‘rnatilgan yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralar texnik talablarga (balandligi pastligi) javob bermagani sababli yana olib tashlandi. Eng qizig‘i, aynan shu turdagi to‘siqlar 2017-2018 yillarda «haydovchilar ko‘rinishini cheklaydi va xavfli» deb topilib, shahar ko‘chalaridan ommaviy ravishda olib tashlangan edi. 2025 yilda esa shahar hokimligi piyodalar xavfsizligini ro‘kach qilib, ularni qayta o‘rnatish uchun 6,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratgan.

Tenderda g‘olib chiqqan «Qarshi Stroy Sentr» kompaniyasi 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga 90 kun ichida panjaralarni o‘rnatishi kerak edi. Biroq, tayyor to‘siqlarning qayta sug‘urib olinishi budjet mablag‘larining naqadar samarali ishlatilayotgani borasida savollarni ko‘paytirdi.

Teglar

Mavzuga oid