add

Abu-Dabidagi Luvr: Parijdan sahroga ko‘chgan muzey haqida

Quyosh nuri ulkan gumbazning tirqishlaridan o‘tib, yerga har lahzada o‘zgarib turadigan san’at asarlarini chizadi. Bu sahroning o‘rtasida joylashgan yangi Luvr muzeyining o‘ziga xos bir tomoni, xolos. Uning qurilish tarixi ichidagi eksponatlaridan ko‘ra qiziqroq.

Abu-Dabidagi Luvr: Parijdan sahroga ko‘chgan muzey haqida

Abu-Dabi — bu faqatgina shu nomdagi amirat (viloyat)ning ma’muriy markazi bo‘libgina qolmay, balki butun Birlashgan Arab Amirligi (BAA)ning poytaxti hamdir. Biroq amirlik haqida gap ketganida qo‘shni amiratning markazi, mamlakatning eng yirik shahri — Dubay ko‘proq tilga olinadi.

To‘g‘ri, u yerda dunyodagi eng katta savdo markazlari biri — Dubai Mall qurilgan, eng katta musiqa favvoralari tizimi tashkil etilgan, eng baland osmono‘par bino — Burj Xalifa qad rostlagan, eng mashhur sun’iy orollar — «Palm orollari» barpo etilgan va hatto ijtimoiy tarmoqlarda trendga aylangan mashhur Dubay shokoladi ham aynan shu manzilda kashf etilgan.

Sharqshunos Dmitriy Osipovning aytishicha, bularning barchasi «eng-eng-eng» bo‘lishga intilishdan ko‘ra, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi. Dubay o‘zini dunyo turizm markazi sifatida ko‘rsatadi va sayohatchilardan keladigan daromad byudjetning neftga qaramligini kamaytiradi.

Dastlab Abu-Dabida qo‘shnining bunday «harakatlari»ga xotirjam qaralgan, ammo oxir-oqibat ular ham boy turistlarni o‘ziga jalb qilish uchun kurashga qo‘shilishiga qaror qildi. Betakror loyihalarga e’tibor qarata boshladi. Masalan, 2009 yilda Yas orolida «Formula-1» poyga trassasi, dunyodagi eng katta yopiq Ferrari World ko‘ngilochar bog‘i kabi diqqatga sazovor joylar birin-ketin paydo bo‘ldi. Ammo bu hammasi emas.

Shu kezlarda Abu-Dabida Saadiyat orolini madaniy klasterga aylantirishga qaror qilindi. 2000 yillarning boshida bu yerda 30 ming kv.m. maydonga ega bo‘lgan dunyodagi eng katta muzey qurilishi bo‘yicha Guggenxaym jamg‘armasi bilan muzokaralar boshlangan edi. Ammo bu nomdagi muassasalar Nyu Yorkdan tashqari Venetsiyada (1951 yil), Bilbao va Berlinda (ikkalasi ham 1997 yil), shuningdek, Las-Vegasda (2001 yil) allaqachon faoliyat yuritayotgan bo‘lgan. Bundan tashqari, Meksikada (2007 yil) filial ochilishi kutilayotgan edi. Hukumat esa Abu-Dabida xorijda nusxalari bo‘lmagan, butun dunyoga mashhur muzey ochmoqchi bo‘lgan.

1

Qayd etilishicha, BAA rahbarining qarindoshi va Abu-Dabi turizm boshqarmasi (ADTA) rahbari shayx Sulton bin Taxnun Al Naxayyan 2005 yil iyun oyida «Luvr» brendini xarid qilish va o‘sha mashhur muzeydagi to‘plamining bir qismini vaqtincha egallash maqsadida Fransiyaga boradi.

Albatta, bu g‘oya hammaga birdek yoqmagani, tabiiy. Qariyb 5 ming san’atshunos, rassom va muzey xodimlari brend sotilmasligini tushuntirib, petitsiyaga imzo qo‘yadi. Ammo Amirlik tomonidan juda katta va’dalar berilgani bois Fransiya Parlamenti uzoq bahsdan so‘ng rozilik beradi.

Shartnoma bo‘yicha, «Luvr» brendini ishlatish huquqi evaziga shayxlar fransuz muassasasiga 400 mln dollar to‘lashga rozi bo‘lgan. Shartnoma abadiy emas, atigi 30 yilga (keyinchalik yana 10 yilga — 2047 yilgacha uzaytirildi) tuzildi. Asrning o‘rtalariga kelib, shartnomani yana uzaytirish yoki muzeyga yangi nom o‘ylab topish kerak bo‘ladi.

Shayxlar hozirgi paytda yana 550 mln dollar maxsus tashkil etilgan fransuz agentligi — France-Muséums (AFM)ga to‘lashga rozi bo‘lmoqda. Aytib o‘tish kerakki, bu agentlikka d’Orse muzeyi, Pompidu markazi, Versal va boshqa muassasalar, jumladan Luvrning o‘zi asoschi bo‘lgan.

Gumbaz ostidagi yangi Luvr

Abu-Dabidagi Luvr binosining me’mori Pritzker mukofoti sovrindori Jan Nuvel bo‘lib, u Fransiyadagi mashhur madaniy loyihalar, jumladan, Cartier zamonaviy san’at jamg‘armasi va Parijdagi Arab dunyosi instituti, shuningdek, Lyutserndagi madaniyat va kongress markazi ortidan tanilgan.

Dengiz qirg‘og‘iga yaqin qurilgan yangi Luvrning ochilishi 2012 yilda rejalashtirilgan edi, ammo amirlik belgilangan muddatga ulgurmasligini ma’lum qiladi. Birgina asosiy ustunlar uchun 4500 dan ortiq poydevor qoziqlarni qoqish 2010 yilda yakunlanadi. Muzeyning eshiklari oradan yetti yil o‘tib, 2017 yil noyabrda ochiladi. Aytish mumkinki, bu unchalik katta kechikish emas, misol uchun, Guggenxaym muzeyi Abu-Dabida hali ham ochilmagan.

2

Yangi Luvrni yaratishda arxitektor Nuvel arab shaharlarining oq devorli binolari — medinalardan va Venetsiya arxitekturasidan ilhomlangan. Me’mor muzeyni 55 ta alohida binoga ajratib, ular orasida soyali yo‘laklar va kanallar hosil qilgan. Quyoshning jaziramasidan qochish uchun butun majmua ulkan 180 metrlik gumbaz bilan yopilgan. Aniqrog‘i, turlicha naqshga ega sakkizta gumbaz bitta konstruksiyaga birlashtirilgan Quyosh nuri ushbu «qatlamli pirogi»dan o‘tar ekan, kun davomida polda turli naqshlarni hosil qiladi.

Quyosh nurlaridan hosil bo‘lgan naqshning sutka davomida qanday o‘zgarishini ko‘rish uchun qurilish yonida vaqtinchalik inshoot barpo etilgan, unda gumbaz qatlamlarini birlashtirishning turli variantlari sinovdan o‘tkazilgan. Nuvel bu holatni tashrif buyuruvchilarga ular ochiq dengizda yulduzlar ostida suzayotgandek taassurot uyg‘onishi kerak, deya izohlangan edi. Arxitektor uchun yorug‘lik bilan ishlash yangilik emas, u Sena bo‘yidagi Arab dunyosi institutida yorug‘likni boshqarish uchun nurni sezuvchi zatvorlar qo‘llagan edi.

3

Yangi Luvr gumbazning o‘zi — mashrabiya deb atalib, u deraza va balkonlarni yopadigan naqshli panjara aluziyasi xizmatni bajaradi. Uning diametri 180 metr, vazni esa taxminan 7500 tonnadan iborat, bu Eyfel minorasining metall konstruksiyasi og‘irligiga teng degani.

Muzey ichida reabilitatsiya markazi

Muzeyning bosh kuratori fransuz Jan-Fransua Sharne undagi ekspozitsiyalarni mamlakatlar bo‘yicha joylashtirishdan voz kechib, uning o‘rniga xronologik tartibda joylashtirib chiqqan. Albatta, bu odatiy holat emas, Yevropa 13-16 asr buyumlari yonida Mali yog‘och haykalchasi, raqsga tushayotgan Shiva va Qur’onning bezatilgan sahifasi turadi. Ularning barchasi taxminan 1200–1500-yillarga oid. Bunday yondashuv tashrif buyuruvchilarga dunyoning istalgan nuqtasidagi tarixni dunyo konteksti bilan birga ko‘rish imkonini beradi.

Muzeyning ochilishiga 600 dan ortiq san’at asari to‘plangan, ularning yarmi fransuzlardan qarzga olingan edi. Yangi Luvrda Leonardo da Vinchi, Van Gog, Mane, Mone va dunyoga mashhur boshqa ustalarning asarlarini ko‘rish mumkin. Shunga qaramay, Abu-Dabidagi muzey o‘z kolleksiyasini shakllantirishni darhol boshlab yuborgan. Birinchi xarid Pit Mondrianing «Moviy, qizil, sariq va qora kompozitsiya» (1922 yil) kartinasi bo‘lgan. U uchun 2009-yilda Christiesda 27,6 mln dollar to‘langan, bu niderlandiyalik rassom uchun yangi rekord bo‘lgan.

4

Zamonaviy rassomlar Jenni Xolser va Djuzeppe Penonega Abu-Dabi Luvri uchun maxsus asarlar yaratish buyurilgan. Muzeyning e’lon qilgan so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2023-yil oxiriga kelib, uning ko‘rgazmalar jamg‘armasida fransuzlardan qarzga olingan 223 ta, boshqa xorijiy muassasalardan 5 ta, mahalliylardan 39 ta asar mavjud bo‘lgan, yana 410 tasi esa o‘z kolleksiyasiga mansub edi.

O‘tgan yili Abu-Dabiga 4,8 mln turist kelgan va muzey 1,4 milliondan ortiq chipta sotgan. Bu borada 2 dekabr — BAA milliy kunida bir kunda 15 477 nafar tashrifchi orqali rekord qayd etilgan. Ularning aksariyatini eksponatlardan ko‘ra mahalliy hovuzda yashovchi katta dengiz toshbaqalari ko‘proq hayratlantiradi.

Gap shundaki, Abu-Dabidagi Luvr faqat muzey emas, balki hayvonlar uchun reabilitatsiya markazi hisoblanadi. Amirlikning Milliy akvariumi bu yerga kasal yoki jarohatlangan toshbaqalarni tiklanishga yuboradi. Muzey bir vaqtning o‘zida 50 tagacha sudralib yuruvchini qabul qilishi mumkin.

Teglar

Nurmuhammad Fayzulloyev

Nurmuhammad FayzulloyevMaqolalar soni: 4

Barchasi

Mavzuga oid

Abu-Dabidagi Luvr: Parijdan sahroga ko‘chgan muzey haqida | Vaqt.uz