
AQSH BMTda Rossiyaga Tramp ultimatumini keskin eslatdi
26.07.2025 | 23:2039853
AQSH BMT Xavfsizlik kengashida Rossiyani Ukrainani bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqirib, 50 kunlik muhlat haqida Tramp qo‘ygan ultimatumni yana bir bor rasman eslatdi.

BMT Xavfsizlik kengashining 25 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida AQSHning vaqtinchalik doimiy vakili Doroti Shi Rossiyani tinch aholiga qarshi uyushtirilgan hujumlarda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya maktablar, bolalar maydonchalari va keksalar uylarini raketa va dronlar bilan yo‘q qilmoqda.
Shuningdek, u Rossiya KXDRdan minglab askarlarni jalb qilganini va o‘zining yuz minglab fuqarosini frontda halok bo‘lishga yuborganini ta’kidladi. U 14 iyul kuni Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga urushni 50 kun ichida to‘xtatish bo‘yicha shart qo‘yganini eslatdi.
AQSH vakiliga ko‘ra, Rossiya hujumlarni to‘xtatmasa, Vashington qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor. Bu eslatma Tramp ultimatumining rasmiy va xalqaro platformalardagi birinchi ochiq tasdig‘i bo‘ldi.
Shi BMT Xavfsizlik kengashi 100 kundan ziyod avval qabul qilgan rezolyutsiya — Ukrainani zudlik bilan tinchlikka olib kelish chaqiruviga ham to‘xtalib, bu jarayon Saudiya Arabistoni va Istanbuldagi muzokaralarga turtki berganini, biroq haqiqiy natijalar hali kuzatilmayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Shi Xitoyni tanqid ostiga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin eksport nazorati haqidagi bayonotlariga qaramasdan, Rossiya dronlari va qurollarida har kuni Xitoyda ishlab chiqarilgan tarkibiy qismlar aniqlanmoqda.





