
O‘zbekiston Kanada va Panama bilan JSTga a’zolik bo‘yicha kelishuvlarini yakunladi
Jenevada o‘tgan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha 11-yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Kanada va Panama bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi.

Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish bo‘yicha Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan 11-yig‘ilish chog‘ida O‘zbekiston Kanada va Panama bilan ikki tomonlama bozorga kirish shartlari yuzasidan muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi.
Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Bozorga kirish yuzasidan ikki tomonlama protokollar imzolandi va rasmiy ravishda yakunlangani e’lon qilindi. Muzokaralar mamlakatning tashqi savdo tizimini liberallashtirish va xalqaro bozorlarga integratsiyalashuvini rag‘batlantirish maqsadida olib borildi.
«O‘zbekiston delegatsiyasi Kanada va Panama jamoalariga JSTga a’zo bo‘lish jarayonidagi konstruktiv hamkorlik va amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi», deb xabar beradi Azizbek O‘runov.
Sentyabr oyida Prezident Administratsiyasi rahbari S.Mirziyoyeva boshliq delegatsiya JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazgani, so‘ngra Argentina, Avstraliya va Honduras bilan ikki tomonlama protokollar imzolandi haqida xabar bergan edik.
Endi O‘zbekiston JSTga a’zolik uchun kelishuv imzolashi lozim bo‘lgan uchta davlat qoldi.





