
«Biz adolatli dunyo tartibi tarafdorimiz» — Vladimir Putinning bayonotlari
19.06.2025 | 10:3858911
Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, geosiyosiy vaziyat, Ukrainadagi urush, G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlar hamda Eron-Isroil ziddiyati bo‘yicha qator bayonotlar berdi.

NATO va Yevropa haqida
«Jahon savdosi sekinlashadi, deyishga barcha asoslar bor. Biz adolatli dunyo tartibi tarafdorimiz, barcha savdo urushlari, cheklovlar va hokazolarga qarshimiz».
Germaniya-Rossiya munosabatlariga to‘xtalar ekan, Putin Ukrainaga Taurus raketalarining yetkazilishi Berlin va Moskva o‘rtasidagi aloqalarni buzishini aytdi. Uning fikricha, bu Germaniyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli to‘qnashuvga tortadi.
«Agar Germaniya kansleri Fridrix Mers qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lsa, biz hech qanday aloqani rad etmaymiz. Biz Germaniyani neytral davlat sifatida emas, balki Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi tomon, hatto harbiy harakatlardagi sherik sifatida ham ko‘ramiz.
Taurusning Ukrainaga yetkazib berilishi urushni kursiga ta’sir qilmaydi, lekin Germaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni buzadi. Ukrainaga Taurus yetkazib berish Germaniyani Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli mojaroga jalb qilishni anglatadi», — dedi Putin.
«Biz NATOning har qanday qayta qurollanishini Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid deb hisoblamaymiz. NATO davlatlarining har qanday qayta qurollanishi hech qanday ma’noga ega emas».
«Rossiya Federatsiyasining NATOga hujum qilishi haqidagi afsonalar safsata, dedi Putin. Bu qanaqa bema’nilik, lekin bu bema’nilik ekanligini hamma tushunadi».
Rossiya prezidenti G‘arbni Ukrainadagi hokimiyat o‘zgarishiga aralashganlikda ayblab, mojaro sababini Qrim anneksiyasida emas, aynan bu aralashuvda ko‘radi. U G‘arb tomoni «Minsk kelishuvlari»ni bajarmaganini ham tanqid qildi.
«Muammo Rossiya Qrimni anneksiya qilganida emas, G‘arb davlatlarining Ukrainadagi davlat to‘ntarishiga hissa qo‘shganida».
«G‘arb doim “Biz qoidalar bo‘yicha yashashimiz kerak”» deydi, lekin qanday qoidalar bilan? Siz qoidalarni boshqalar uchun yozasiz, lekin o‘zingiz ularga rioya qilmoqchi emassiz, kim bunday qoidalar bilan yashaydi?»
Shuningdek, Putin Trampning fikriga qo‘shilishi, agar u avvalgi muddatda AQSH prezidenti bo‘lganida, “maxsus harbiy amaliyot” boshlanmagan bo‘lishini ta’kidladi.
«Men Minskdagi muzokaralar ishtirokchisi edim, biz tinch yo‘l bilan kelishuv tamoyillarini izlayotganimizda, biz 17 soat to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashdik. Biz bu tamoyillar bo‘yicha kelishib oldik, lekin G‘arb tomoni ularni amalga oshirmadi», — dedi Putin.
«DXR va LXR Ukrainadan ajralib chiqish huquqiga ega edi va “Kosovo pretsedenti” dan keyin ular Kiyevning fikrini so‘rashga majbur emas edilar».
Ukraina bo‘yicha
Ukraina bo‘yicha Putin muzokaralarga ochiq ekanini qayd etdi. Zelenskiy bilan uchrashuv ehtimolini rad etmadi, ammo bunday muloqot urushga nuqta qo‘yiladigan yakuniy bosqichda bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
«Men Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorman, masala hujjatlarga kim imzo chekishida».
Putinning ta’kidlashicha, uning Zelenskiy bilan uchrashuvi muzokaralarning yakuniy bosqichida, urushga chek qo‘yish uchun bo‘lishi mumkin.
«Agar Ukrainaning birinchi shaxsi noqonuniy bo‘lsa, u yerda butun hokimiyat tizimi noqonuniy bo‘ladi».
«Biz Ukraina bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyormiz».
«Biz 6 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning jasadlarini topshirdik, buning evaziga biz 57 ta jasad oldik. Ukraina Qurolli Kuchlari askarlarining 3 mingdan ortiq jasadini berishga tayyormiz».
«Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida muzokaralarning yangi bosqichi 22 iyundan keyin boshlanishi mumkin».
«Rossiya Ukrainadagi mojaroni imkon qadar tezroq, eng yaxshisi tinch yo‘l bilan tugatishni istaydi».
«Raketa hujumlari turar-joylar binolariga emas, balki harbiy qurollar ishlab chiqaradigan zavodlarga bo‘ldi», — dedi Putin 17 iyun kuni Kiyevga qilingan ommaviy hujum haqida.
Isroil-Eron urushi bo‘yicha
Isroil-Eron ziddiyati bo‘yicha Putin javob berishdan bosh tortdi. Ammo Rossiya Erondan harbiy yordam so‘ralmaganini va Moskva Eronning havo himoya tizimlari bo‘yicha hamkorlik taklifini olganini ma’lum qildi.
«Men buni muhokama qilishni ham xohlamayman», — dedi Putin oyatulloh Xomanaiy o‘limidan keyin Rossiya Federatsiyasining mumkin bo‘lgan harakatlari haqida.
«Eron Rossiyadan harbiy yordam so‘ramayapti. Moskva avvalroq Tehronga havo hujumidan mudofaa tizimlari ustida ishlashni taklif qilgan, biroq keyin hamkorlar unchalik qiziqish bildirmagan».
«Biz Eronni tark etmayapmiz», — dedi Putin Eronda atom elektr stansiyalarini qurayotgan mutaxassislar haqida.
«Rossiya doimiy ravishda eronlik hamkorlar bilan aloqada»
«Eronda jamiyat mamlakat siyosiy rahbariyati atrofida birlashayotganini ko‘ryapmiz. Eronda yerosti zavodlari mavjud va ularga hech narsa bo‘lmagan».
«Tinchlik kelishuvi Eronning tinch yadroviy energiya olish huquqi, jumladan, nafaqat energetika sohasida hamda Isroilning so‘zsiz xavfsizlik huquqi hisobga olinishi kerak».
«Biz hech kimga hech narsa yuklayotganimiz yo‘q, biz vaziyatdan chiqish yo‘lini qanday ko‘rayotganimizni aytmoqdamiz, ammo qaror Eron va Isroilning siyosiy rahbariyatiga bog‘liq».
Xitoy bilan munosabatlari bo‘yicha
Xitoy bilan munosabatlarga to‘xtalar ekan, Putin ikki mamlakat o‘rtasida 200 mlrd dollarlik sarmoyaviy loyihalar rejalashtirilganini ma’lum qildi. Rossiyada xitoy tiliga qiziqish ortib borayotganini va sun’iy intellekt sohasida Xitoyning muvaffaqiyatini yuqori baholadi.
«Nevaram xitoy tilida bemalol gapiradi. Rossiyada xitoy tiliga qiziqish ortib bormoqda va buning ajablanarli joyi yo‘q», — dedi Putin.
«Rossiya Federatsiyasi Xitoy uchun muhim hamkorga aylanmoqda. Birgina Xitoy bilan 200 milliard dollarlik sarmoyaviy loyihalarni rejalashtirganmiz».
«Men hayratda qoldim va xitoyliklar sun’iy intellekt sohasida indikativ natijalarga erishganidan xursand bo‘ldim, bu ularning raqobatchilariga qaraganda 10 baravar arzonroq va samaraliroq bo‘ldi».
«Xitoy bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik va harbiy hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz», — dedi Putin.





