add

Bolani 5-6 yoshdan maktabga qabul qilsa bo‘ladimi?

02.09.2025 | 20:00130116

Bola 7 yoshdan emas, 5–6 yoshdan maktabga qabul qilinishi kerakmi? Buning foyda va zararlari qanday? Savolga javob topish uchun Vaqt.uz jurnalisti jamiyatshunos Abdug‘ani Xolbekov, iqtisodchi Valijon To‘raqulov bilan suhbatlashdi.

Bolani 5-6 yoshdan maktabga qabul qilsa bo‘ladimi?
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, O‘zbekistonda ham bolalar boshqa ilg‘or mamlakatlardagi kabi 5-6 yoshdan qabul qilinishi kerak. Chunki bu faktor quyidagilarni hisobga olgan holda ahamiyatli: bolalar tez voyaga yetib, akseleratsiya jarayoni O‘zbekistonlik bolalarga ham kuchli ta’sir qilmoqda. 5-6 yoshda, hatto yilning yanvarida tug‘ilgan bolalar iqtidori, jismoniy imkoniyatlariga qaramay yillar, oylar yo‘qotmoqda. Buning iqtisodiy, ijtimoiy qiymati yo‘qotishlarda trillionlar bilan o‘lchanishi mumkin. Davlat dasturiga ko‘ra, 2030 yilgacha har yili 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan, ammo bu bolalarning maktabga chiqish yoshini qisqartiradimi yo‘qmi-ma’lum emas. Xususan, ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda bolalar 5 yoki 6 yoshdan rasmiy maktabga borishni boshlaydilar va bu erta boshlash ham individual rivojlanish, ham umumiy iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega. Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Irlandiya va Yangi Zelandiyada maktabga kirish 5 yoshdan belgilangan bo‘lsa, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya kabi mamlakatlarda bolalar odatda 6 yoshdan boshlaydilar, ammo ularning deyarli barchasi 3 yoshdan 5 yoshgacha maktabgacha ta’lim muassasasi yoki bolalar bog‘chasiga boradilar, ya’ni ular 5 yoshga to‘lgunga qadar tizimli ta’lim muhitiga kiradilar. Shvetsiya, Finlyandiya, Norvegiya va Daniya kabi Shimoliy davlatlar ham rasmiy maktab ta’limini 6 yoki 7 yoshdan boshlaydilar, ammo 5 yoshdan boshlab universal boshlang‘ich ta’lim dasturlarini amalga oshiradilar, shuning uchun bolalar boshlang‘ich maktabgacha ta’lim tizimiga allaqachon integratsiyalashgan bo‘lishadi.   5-6 yoshda maktabga borish iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?
  • Erta boshlash bolalarni savodxonlik, hisoblash va ijtimoiy ko‘nikmalarga ertaroq o‘rgatadi, bu esa vaqt o‘tishi bilan kuchayadi. Tandfonline nashrining yozishicha, erta ta’limning qo‘shimcha bir oyi yoki muddati o‘rta maktab ma’lumotlarini olish va universitetga kirish ehtimolini taxminan 5-6 foizga oshiradi.
  • Maktabning ertaroq boshlanishi (plyus universal bolalar bog‘chasi) ota-onalarni, ayniqsa onalarni mehnat bozoriga ertaroq kirishga sabab bo‘ladi. Masalan, Shimoliy mamlakatlarda umumiy erta ta’lim ayollarning yuqori mehnat faolligini qo‘llab-quvvatlab, yalpi ichki mahsulotni oshirdi.
  • Ilk maktab ta’limi kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun bo‘shliqni to‘ldirishga yordam beradi. Xususan, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi  mamlakatlarda avlodlar o‘rtasidagi qashshoqlikni kamaytirish uchun 3-5 yoshdan boshlab universal maktabgacha ta’limdan foydalaniladi.
  • Nobel mukofoti laureati Jeyms Hekmanning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, erta yoshdagi bolalar ta’limiga sarflangan har bir dollar jinoyatchilikning kamayishi, sog‘liqning yaxshilanishi va yuqori soliq to‘lovlari tufayli uzoq muddatli iqtisodiy foyda sifatida 7-10 dollar keltiradi.
  • Maktab yoshi kichikroq bo‘lgan mamlakatlarda yoshroq, yaxshiroq tayyorlangan ishchi kuchi bo‘lishi mumkin, bu esa aholining qarishi bilan bog‘liq vaziyatlarda (masalan, Yaponiya yoki Yevropa Ittifoqi davlatlari) muhim ahamiyatga ega.
Tadqiqotlarga ko‘ra, maktabga erta borgan bolalar katta bo‘lganlarida ko‘proq pul topadilar. Bu yuqori daromad salohiyati soliq tushumlarining ko‘payishiga va ijtimoiy farovonlikka kamroq bog‘liqlikka olib keladi, bu esa keng iqtisodiyotga foyda keltiradi. Bundan tashqari, erta ta’lim jinoyatchilik darajasini pasaytiradi va sog‘liqni saqlash natijalarini yaxshilaydi, bu esa davlat xarajatlari yukini yanada kamaytiradi. Savolga javobni yanada aniqlashtirish uchun jamiyatshunos olim Abdug‘ani Xolbekovga yuzlandik. Uning aytishicha, O‘zbekistonda bundan 10-15 yil oldin bu masala ko‘tarilgan va ikki akseleratsiya davomida bu joriy ham bo‘lgan. Lekin bu keyinchalik bir qancha noroziliklarga sabab bo‘lgan. Birinchidan, ota-onalarning o‘zlari norozi bo‘la boshlagan. Chunki besh yoshdan ruxsat bergandan keyin bola huquqiga ko‘ra bolaning ta’limini to‘xtatish mumkin emas. Boshladimi, davom ettirishi shart. Ota-onalar noroziligining asosiy sababi besh yoshlik bola fiziologik jihatdan yetti yoshdagi o‘quvchi ko‘taradigan ma’lum bir yukni (sumka, daftar-kitob, suv) ko‘tara olmas edi. Hozirgi kunda maktab sumkasi yetti-sakkiz kilodan kam emas To‘g‘ri, ayrim bolalar juda oldinlab ketgan. Besh yoshda ham, masalan, yozish-chizishni yaxshi bilishadi. Lekin bu umumiy ko‘rsatkich emas-da, bu ko‘proq xususiy bir holat. Bu mingtadan bittaga to‘g‘ri keladi. Uchinchi jihat shundan iboratki, besh yashar bola o‘yin-kulgida ko‘proq o‘zini realizatsiya qiladi. Ha, ayrim bolalar tez o‘zlashtiradi, lekin yana qaytaraman, bu hamma uchun qoida emas. Bu ko‘proq alohida qobiliyatga ega bo‘lgan vunderkind bolalar uchun yaxshi bo‘lishi mumkin. Lekin umumiy omma uchun bu og‘ir bo‘lib qoladi. Chunki bola o‘sha besh yoshda baribir o‘yinqaroq bo‘ladi, bu yoshda ota-ona xohlaydimi-yo‘qmi, boladagi o‘yin elementi ustun bo‘ladi. Bu ham ijod. Bola o‘ynaganda tomosha qilsangiz, unda ham mantiq bor. Bola o‘ynayotganda ham aql bilan ish qiladi, aqlini ishlatishga harakat qiladi. O‘yin orqali rivojlanadi. Erta maktabga chiqqanda ana shu o‘yin elementi kamayib ketadi. Bola maktabda ko‘proq baribir materialni o‘zlashtirishga jalb bo‘ladi. U o‘yinga yo‘naltirilgan, undagi mayl ko‘proq undagi aqliy faoliyatga ishlay boshlaydi va bu bolada zo‘riqishga olib keladi. Menimcha, besh yoshdan maktabga berishni bir eksperiment qilib ko‘rish kerak. Natijasini ko‘rib, bir kichikroq nimada, tuman miqyosida, masalan, Toshkent shahrining, aytaylik, Chilonzor tumanida eksperimentni o‘tkazib, uning natijalari bo‘yicha keyin qaror qilinsa, maqsadga muvofiq. G‘oya yomon emas. Lekin bu g‘oyani shoshmasdan amalga oshirish kerak deb hisoblayman. Zamon tezlashib ketdi, tushunamiz. Lekin zamon tezlashgani bu asosiy motiv bo‘lmasligi kerak. Birinchi o‘rinda bolaning sog‘lig‘i, umumiy rivojlanishiga e’tibor qilish kerak. Faqat aqliy rivojlanishiga e’tibor qilib, ota-onalar bolasini charchatib qo‘yishi mumkin va bu keyingi bolaning psixologik, umuman, umumiy rivojlanishida ma’lum bir muammolar tug‘dirishi mumkin. Shuningdek, masalaning iqtisodiy taraflari yuzasidan iqtisodchi Valijon To‘raqulov bilan ham suhbatlashdik: «Masalaning iqtisodiy taraflariga kelsak, bu narsani hozir birdaniga, biror ma’lumotlarni o‘rganmasdan aytishning imkoni yo‘q. Lekin umumiy holatda aytiladiki, bolaning yetti yoshdan maktabga borishi yomon emas. Masalan, Koreyada maktabga o‘zlarining yoshlari bo‘yicha, sakkiz yoshdan beriladi. Agar ertaroq maktabga berilsa, mamlakatda kadrlar yetkazish tezligi oshishi mumkin. Lekin mening fikrimcha, bu masalada erkinlik berilishi kerak. Mana aytaylik, hozirgi tizimga ko‘ra ko‘ra, bir bola 31 dekabr kuni tug‘ilgan bo‘lsa ham, yettiga to‘lmagani uchun qabul qilinmaydi. Bir kun kechikkanligi haligi bolaning bir yil yo‘qotishiga sabab bo‘ladi qaysidir ma’noda. Ammo bizda ta’lim tizimida korrupsiya holatlari kamroq kuzatilganida edi, hozirgi istisno holatni amalga oshirsa bo‘lardi. Ammo hozirgi holatimiz uchun bu tizimni joriy qilishga hali erta, deb o‘ylayman. Masalaga yechim sifatida qonunchilikda  xususiy maktablarga olti yoshdan olishga ruxsat berilishini taklif qilardim. Agar imkon beriladigan bo‘lsa, bu bozor talabidan kelib chiqib, o‘z-o‘zidan xususiy maktablar ham ko‘payadi. Aytmoqchimanki, agar davlatning asosiy o‘ylayotgani, «endi bolalar olti yoshdan maktabga chiqadigan bo‘lsa, biroz qiynalib qoladi», degan narsa emas, balki infrastruktura masalasi (o‘quvchi o‘rni yetishmasligi) bo‘yicha bo‘ladigan bo‘lsa, unda bozorga qo‘yib bersin. Bozorga qo‘yib berish nima bo‘ladi? Davlat o‘zining maktabi uchun 7 yoshdan olaveradi, lekin xususiy maktablar uchun bu narsani 6 yosh qilib qo‘yadi. Shunda xususiy maktablarga talab oshadi va talab oshganda taklifga monand xususiy maktablar ham oshadi. Bu narsa o‘sha davlatning qaysidir ma’noda infrastrukturaviy masalasini ham yechishga yordam beradi», dedi iqtisodchi. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid