Click Claude SI’dan keng ko‘lamda foydalanishni boshlamoqda
Click xodimlar uchun sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bugungi kunda 35 foizdan ortiq xodimlar ish jarayonlarida SI’dan faol foydalanmoqda.

Kompaniya texnologiya bilan tanishish bosqichini yakunlab, SI’ni kundalik ishda muntazam qo‘llash bosqichiga o‘tmoqda. Xodimlar mazkur texnologiyalardan hujjatlar tayyorlash, axborotni tahlil qilish, matnlar bilan ishlash, vazifalarni tartibga solish, yechimlar izlash va kundalik jarayonlarni tezlashtirish uchun foydalanmoqda.
Asosiy vositalardan biri — Anthropic kompaniyasining Claude SI modeli. U uzun matnlar, murakkab hujjatlar, tahliliy vazifalar, kod va ko‘p bosqichli so‘rovlar bilan ishlashga mo‘ljallangan. Korporativ muhitda Claude katta hajmdagi axborotni tez qayta ishlash, ma’lumotlarni solishtirish va qaror qabul qilish uchun asos tayyorlash zarur bo‘lgan holatlarda foydali.
Click’da bu yondashuv allaqachon amaliy yechimlarga o‘tmoqda. Masalan, PR boshqarmasi rahbari Gulnoza Davletmendova dasturlash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lmagan holda, PR va fintex sohasidagi global trendlar hamda muhim yangiliklarni bitta ichki Telegram-kanalda jamlaydigan, Click jamoasiga tezkor tahlil tayyorlashda yordam beradigan insaytlar yaratadigan AI-agentni ishlab chiqdi. Bunday vosita jamoaga yuz berayotgan o‘zgarishlardan tezroq xabardor bo‘lish va xalqaro yangiliklar bo‘yicha katta hajmdagi ma’lumotlarni mustaqil o‘rganmasdan turib zarur kontekstga ega bo‘lish imkonini beradi.
“Sun’iy intellekt — mutaxassislarning imkoniyatlarini kuchaytiruvchi vosita. Dasturlash tajribasiga ega bo‘lmagan PR-mutaxassis trendlarni monitoring qilish uchun o‘z SI-agentini yarata olishi shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellekt g‘oyalarni tayyor yechimga aylantirishga yordam beradigan ish muhitining bir qismiga aylanmoqda”, — deydi Gulnoza Davletmendova.
Shu bilan birga, Click jamoalari boshqa SI-vositalardan ham foydalanmoqda. Turli servislarning mavjudligi xodimlarga aniq vazifaga mos instrumentni tanlash, kompaniyaga esa bitta model bilan cheklanib qolmaslik imkonini beradi.
Click uchun SI xodimlar ekspertizasining o‘rnini bosmasligi prinsipial ahamiyatga ega. Sun’iy intellekt qoralama tayyorlash, yondashuvlarni topish, axborotni qayta ishlash yoki variantlar taklif qilishda yordam beradi, biroq yakuniy qaror inson tomonidan qabul qilinadi. Fintex kompaniyasi uchun bu ayniqsa muhim: tezlik sifat, mas’uliyat va nazorat bilan uyg‘un bo‘lishi kerak.
SI’ni keng joriy etish tendensiyasi jahon bozorida ham yaqqol ko‘rinmoqda. Yirik kompaniyalar alohida tajribalardan sun’iy intellektni ish jarayonlarida muntazam qo‘llashga bosqichma-bosqich o‘tmoqda: SI-vositalarni ichki platformalarga ulaydi, xodimlarni o‘qitadi, foydalanish qoidalarini shakllantiradi va turli bo‘linmalar uchun amaliy ssenariylarni izlaydi.
Click uchun bu global kontekst tanlangan yo‘nalishning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Kompaniya SI’dan foydalanishni bir martalik texnologik tajriba sifatida emas, balki ish tezligi va sifatini oshirishga xizmat qiladigan amaliy vosita sifatida rivojlantirmoqda. Bunday yondashuv amalda samarali ishlashi uchun kompaniya ichida Click Talks formati yo‘lga qo‘yilgan: unda xodimlar tajriba almashadi va sun’iy intellektni ish jarayonlarida qo‘llashning real ssenariylarini muhokama qiladi.
Bunday yondashuv SI’ni ish infratuzilmasining bir qismi sifatida qo‘llash imkonini beradi. Xodimlar uchun bu rutin operatsiyalarga kamroq vaqt sarflash va tahlil, qaror qabul qilish hamda professional ekspertiza talab qilinadigan vazifalar uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishni anglatadi.




