Tojikistonda YAIM o‘sishi 8 foizdan oshishi kutilmoqda: budjet daromadlari ham rejadan ortgan
Dastlabki 4 oyda davlat budjeti daromadlari 22,9 mlrd somoni (2,1 mlrd dollar)ga yetib, rejadan 12 foizga oshgan.

2026 yil yakunlariga ko‘ra Tojikiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 8 foizdan oshishi mumkin. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) makroiqtisodiy sharhida ma’lum qilindi.
Shuningdek, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakat davlat budjeti daromadlari qariyb 22,9 milliard somonini (8-iyun holatiga ko‘ra, taxminan 2,1 mlrd AQSH dollari yoki 26,3 trln so‘m) tashkil etdi. Bu yanvar-aprel oylari uchun mo‘ljallangan rejadan 12 foizga ko‘p.
Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari
YeOTB tahlilchilariga ko‘ra, iqtisodiy dinamikaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi yuqori ichki talab bo‘lib qolmoqda. Dastlabki to‘rt oyda chakana savdo hajmi 30,3 foizga, investitsiyalar esa 21,7 foizga oshgan.
Investitsion faollik respublika sanoatini, ayniqsa, qayta ishlash va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarini sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etilgan. Hisobot davrida umumiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 13 foizga o‘sgan.
Jumladan:
• Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish – 23,2 foizga;
• Metallar ishlab chiqarish – 15 foizga;
• Nometallik mineral mahsulotlar – 23,7 foizga ko‘paygan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning fevral oyida YeOTB Tojikiston YAIM o‘sishini yil yakuni bo‘yicha 8,1 foiz darajasida bashorat qilgan edi. Yangi prognozlar mazkur ko‘rsatkichdan ham oshib ketish ehtimolini ko‘rsatmoqda.





