Logo

Qarshidagi portlash: 6 kishi halok bo‘ldi

Portlash maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida yuz bergan.

Qarshidagi portlash: 6 kishi halok bo‘ldi © uznews

Qarshi tumanidagi «Chaman» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida 8-iyun kuni soat 13:50 da portlash sodir bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa haqida xabar kelib tushgach, 5 ta qutqaruv bo‘linmasi soat 14:02 da voqea joyiga yetib borgan.

Yong‘in qisqa vaqt ichida o‘rab olinib, soat 14:05 da lokallashtirilgan va soat 14:55 da to‘liq o‘chirilgan.

Talofatlar va zarar

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida 4 ta avtomobil zararlangan, 2 ta yer osti yoqilg‘i saqlash rezervuari shikastlangan.

Fojia oqibatida 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Yana 5 nafar jabrlangan fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Voqea sabablari bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan.

Hukumat komissiyasi ish boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning topshiriqlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O.Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan.

Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid