Coca cola yoki Pepsi: O‘zbekistonda kim ko‘proq daromad topmoqda?
2025 yilda Coca-Cola O‘zbekiston budjetiga 1,1 trln so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, Pepsi 599 mlrd so‘m to‘lagan. Ikki kompaniya daromadlarida ham sezilarli farq bor.
© quartr.com2025 yilda Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan MCHJ (Coca-cola) 7,6 trln daromad qilgan bo‘lsa, International Beverages Tashkent MCHJ (Pepsi) esa 3,7 trln so‘m daromad ko‘rgan. Bu haqda VAQT.UZ o‘rgangan iHamkor platformasi ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan.
Coca-Cola, Fanta, Bonaqua va Sprite kabi ichimlik brendlariga egalik qiluvchi Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan'ning sof foydasi 2025 yilda 1,15 trln so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, 2025 yilda Coca-cola'ning O‘zbekistondagi yillik o‘sish sur’ati 33,7 foizni tashkil etib, umumiy hajm 220 mln donaga yetdi. Bu kompaniya kuniga o‘rtacha 602 ming 740 dona ichimlik sotib, 20 mlrd 821 mln so‘m daromad olganini anglatadi.
International Beverages Tashkent MCHJ esa 2025 yilda 191,11 mlrd so‘m sof foyda olgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 59,4 mlrd so‘mlik foydaga nisbatan 223 foizga o‘sgan. 2025 yilda kompaniyaning kunlik o‘rtacha tushumi 10 mlrd 167 mln so‘mni tashkil etgan.
International Beverages Tashkent — Pepsi, Rockstar, Mirinda, 7Up, Lipton, Sting, Adrenaline Rush va Mountain Dew ichimliklarini ishlab chiqaradi.
Ushbu ikki kompaniya O‘zbekiston iqtisodiyotiga yirik soliq to‘lovchi va mamlakat ichimliklar bozorida yetakchi ishtirokchilar sifatida faoliyat yuritadi. iHamkor.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Coca-cola kompaniyasi mamlakatdagi eng yirik 20 ta soliq to‘lovchidan biri. Toshkent shahri bo‘yicha 13-o‘rinda turadi. Pepsi esa soliq to‘lash bo‘yicha O‘zbekistonda 34-o‘rinda turishi qayd etilgan.
Coca-cola va Pepsi haqida
Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan 1993 yilda O‘zbekiston davlati va The Coca-Cola Company ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxona hisoblanadi.
Kompaniyaning birinchi zavodi 1994 yilda Toshkent shahrida ish boshlagan. Keyinchalik Toshkent, Namangan va Urganch shaharlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, mamlakatning barcha hududlarini mahsulot bilan ta’minlash tizimi shakllantirildi.
2019 yildan boshlab korxonani xususiylashtirish jarayoni boshlandi. 2021 yil sentabr oyida Coca Cola İçecek A. Ş. (CCI, Turkiya) kompaniyalar guruhi kompaniyadagi 57,118 foizga teng bo‘lgan davlat ulushini 252,28 mln dollarga sotib oldi.
Kompaniyadagi qolgan The Coca Cola Export Corporation'ning 42,88 foiz ulushini esa 2021 yilning dekabr oyida sotib oldi. Kelishuv summasi ommaga ma’lum qilinmagan.
Bugungi kunda Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan mamlakatdagi eng yirik alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, yillik milliardlab litr mahsulot ishlab chiqaradi.
O‘zbekistonda Pepsi brend mahsulotlari esa International Beverages Tashkent kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Kompaniya tarixi 2011 yilda Toshkent shahridagi Sebur ichimliklar zavodi negizida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan boshlangan.
2018 yilda esa kompaniyaning Andijon viloyatining Xonabod shahrida yangi yirik zavodi qurildi. Ushbu korxonada birinchi mahsulot 2019 yil sentabrida ishlab chiqarildi.
Shuningdek, o‘tgan yili International Beverages Tashkent Baraka market supermarketlar tarmog‘ining egasi Urban Retail’ning 100 foiz ulushini sotib oldi. Ikki kompaniyaning ham egasi Holten Group'ga aloqador ayni yuridik shaxslar hisoblanadi.
Hozirda Holten Enterprise Holdings Ltd va Holten Group Corp kompaniyalari mos ravishda 99,9 foiz va 0,1 foiz ulush bilan International Beverages Tashkent ta’sischilari ham hisoblanadi.





