Yaqin Sharq mojarosi Turkmanistonga migratsiya xavfini kuchaytirmoqda
MDH Terrorizmga qarshi kurash markazi rahbari Yevgeniy Sisoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Turkmaniston, Ozarbayjon va Armaniston migratsiya inqirozi xavfiga duch kelishi mumkinligini bildirdi.

Yaqin Sharqdagi keskinlashib borayotgan geosiyosiy vaziyat MDH mamlakatlari uchun yangi xavflarni yuzaga keltirishi mumkin. Bu haqda MDHning Terrorizmga qarshi kurash markazi rahbari Yevgeniy Sisoyev hamdo‘stlik davlatlarining maxsus xizmatlari rahbarlari yig‘inida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mintaqadagi mojarolar keng ko‘lamli migratsiya oqimlarini va gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi ehtimoli bor. Sisoyev bunday vaziyat avval Liviya va Iroqda kuzatilganini eslatdi.
«Migratsiya bosimi va gumanitar muammolarning asosiy zarbasi birinchi navbatda Eron bilan chegaradosh davlatlarga ta’sir qilishi mumkin», dedi u.
Terrorizmga qarshi kurash
Sisoyevning ma’lum qilishicha, MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari o‘zaro hamkorlikni kuchaytirgan. Natijada 2025 yil davomida terrorchilik va ekstremizm bilan bog‘liq minglab jinoyatlarning oldi olingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hamdo‘stlik davlatlarida 2,5 mingdan ortiq terrorchilik va ekstremistik jinoyatlar bartaraf etilgan. Ular qatorida 300 dan ziyod terakt uyushtirishga urinish, terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq 100 dan ortiq jinoyat hamda radikal g‘oyalarni tarqatishga oid qariyb 2 ming holat mavjud.
Maxsus xizmatlar tomonidan 200 dan ziyod terroristik va ekstremistik hujayralar faoliyati to‘xtatilgan.
Profilaktika ishlari
MDH Terrorizmga qarshi kurash markazi rahbariga ko‘ra, terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishning qariyb 900 manbasi va 300 kanali aniqlanib, faoliyati cheklangan.
Shuningdek, radikal mazmundagi qariyb 19 ming internet resursi bloklangan. Terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 2,3 mingdan ortiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sisoyev profilaktik va deradikalizatsiya tadbirlari ham keng ko‘lamda olib borilayotganini, ular orqali yuzlab terrorchilar va ikki mingdan ziyod ekstremistlar vayronkor faoliyatdan voz kechishga ko‘ndirilganini ta’kidladi.





