Eron futbol muxlislarining chipta kvotasi bekor qilindi
Mamlakat futbol federatsiyasi mazkur qarorni ishtirokchi davlatlar uchun teng imkoniyatlar prinsipiga zid deb baholadi.

Eron futbol federatsiyasi (FFIRI) 2026 yilgi Jahon chempionati arafasida AQSH bilan bog‘liq yangi mojaro haqida bayonot berdi.
Federatsiyaga ko‘ra, AQSHda o‘tkaziladigan Eron terma jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlari uchun eronlik muxlislarga ajratilgan rasmiy chiptalar kvotasi kutilmaganda bekor qilingan.
Federatsiyaning ta’kidlashicha, FIFA qoidalariga muvofiq, har bir ishtirokchi mamlakat federatsiyasiga har bir o‘yin uchun chiptalarning 8 foizi ajratilishi lozim.
Shu asosda FFIRI Yangi Zelandiya, Belgiya va Misrga qarshi bahslar uchun chipta sotuvini boshlab yuborgan va ayrim muxlislar safar rejalarini ham tuzib bo‘lgan.
«Biroq, kutilmaganda Eron futbol federatsiyasiga berilgan kvota qaytarib olindi va hozirgi sharoitda federatsiya milliy terma jamoa muxlislariga hatto bitta ham chipta taqdim eta olmaydi», — deyiladi xabarda.
Muammolari kuchaymoqda
Eron tomonining ma’lum qilishicha, bu qaror AQSH tomonidan qo‘yilayotgan boshqa cheklovlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, Eron delegatsiyasining ayrim texnik va ma’muriy xodimlariga AQSH vizasi berilmagani aytilmoqda.
Tehron va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar 28-fevraldan buyon keskinligicha qolmoqda. Eron terma jamoasi avval rejalashtirilgan AQSHning Arizona shtatidagi yig‘inini bekor qilib, tayyorgarlik bazasini Meksikaning Tixuana shahriga ko‘chirgan.
FIFAga murojaat
FFIRI mazkur qarorni ishtirokchi davlatlar uchun teng imkoniyatlar prinsipiga zid deb baholadi.
Federatsiya FIFA va turnir tashkilotchilarini «neytrallik, adolat va belgilangan nizomlar tamoyillariga rioya qilishga hamda eronlik muxlislar uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga» chaqirdi.
Hozircha FIFA ham, AQSH tomoni ham ushbu ayblovlarga rasmiy munosabat bildirmagan.
Eron terma jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini 15-iyun kuni Los-Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Keyinchalik jamoa Belgiya va Misr termalariga qarshi maydonga tushadi.





