Logo

O‘zbekiston liboslari JCH-2026 reytingida quyi pog‘onalardan o‘rin oldi

Bugun 19:582 daqiqa

Musobaqadagi liboslarning mutlaq ko‘pchiligi «Nike», «Adidas» va «Puma» brendlariga tegishli.

O‘zbekiston liboslari JCH-2026 reytingida quyi pog‘onalardan o‘rin oldi © Фото: UFA

2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun taqdim etilgan terma jamoalar liboslari reytingi e’lon qilindi. ESPN tomonidan tuzilgan ro‘yxatda O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham asosiy, ham safar liboslari quyi o‘rinlardan joy oldi.

ESPN muallifi Kris Rayt 48 ishtirokchi mamlakatning 100 dan ortiq libosini eng past baholangan namunadan eng yuqori o‘ringacha saraladi. Reytingda liboslarning dizayni, milliy madaniyat elementlaridan foydalanilishi va umumiy vizual ko‘rinishi baholangan.

O‘zbekistonning asosiy libosi reytingda 103-o‘rinni egalladi. Muallif ta’rifiga ko‘ra, libos asosan oq rangdan iborat bo‘lib, unda to‘q ko‘k rangli bezaklar qo‘llangan. Yoqa qismida mamlakat bayrog‘idagi ranglar joylashtirilgan. Shuningdek, matoda an’anaviy so‘zana kashtachiligi va milliy to‘qimachilik san’atidan ilhomlangan mozaikasimon naqshlar aks ettirilgan.

Safar libosi yuqoriroq baholandi

O‘zbekistonning safar libosi reytingda 84-o‘rindan joy oldi. ESPN ma’lumotiga ko‘ra, mazkur libos asosiy libos dizaynining teskari varianti hisoblanadi. Unda ham milliy naqshlar saqlangan bo‘lib, bayroq ranglari yoqa qismi orqali ifodalangan.

Muallifning qayd etishicha, libosning to‘q ko‘k rangi milliy naqshlar va rangli detallarni oq libosga nisbatan yaqqolroq namoyon qilgan. Shu sababli safar libosi asosiy libosdan yuqoriroq baholangan.

Reytingning yuqori qismida Urugvayning safar libosi birinchi o‘rinni egalladi. Yaponiyaning safar libosi ikkinchi, Fransiyaning safar libosi esa uchinchi o‘ringa qo‘yildi. Shuningdek, Meksika, AQSH, Braziliya va Argentina liboslari ham eng yaxshi baholangan namunalar qatoriga kiritildi.

2026 yilgi jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi. Turnir tarixda birinchi marta 48 ta jamoa ishtirokida tashkil etiladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati final bosqichida qatnashadi.

Teglar

Mavzuga oid