UzAuto Motors 2025-yil kamroq daromad olsada, ko‘proq foyda ko‘rdi. Nima uchun?
Kompaniya 2025-yil uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Yil davomida daromad 3,7 foiz kamayib, 4,7 mlrd dollarga yetdi. Sof foyda esa 7,8 foizga o‘sib, 339,6 mln dollarni tashkil qildi.

O‘zbekistondagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi UzAuto Motors 2025-yil xalqaro standartlarga asoslangan moliyaviy hisobotini taqdim qildi.
Kompaniya daromadi 2025-yil davomida 3,7 foizga pasayib, 4,1 mlrd dollarni tashkil qildi. Shunga qaramay, sof foyda 24,7 mln dollarga yoki 7,8 foizga o‘sdi va 339,6 mln dollarga yetdi.
Shuningdek, UzAuto Motors yalpi foydasi 21 foizga pasayib, 459,7 mln dollargacha tushgan. Operatsion foyda esa 23,7 foizlik pasayish qayd etib, 292,5 mln dollarni tashkil qilmoqda.
Avtokonsern 2025-yil davomida 898,9 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan. To‘langan soliqlar esa 2 trln so‘m bo‘ldi.
Nega sof foyda oshdi?
UzAuto Motors daromadi va boshqa ko‘rsatkichlari pasaysada, foydasi oshishiga qisman 2025-yil davomida so‘mning AQSH dollariga nisbatan mustahkamlangani sabab bo‘ldi.
2024-yilda kompaniya valuta kursi almashinuvida 25,6 mln dollar zarar ko‘rgandi. Aynan o‘sha yil so‘m kursi dollarga nisbatan 4,6 foizga qadrsizlangandi.
O‘tgan yilda esa milliy valuta kursi uzoq vaqtdan beri ilk marta dollarga nisbatan mustahkamlandi — 6,8 foizga.
Natijada UzAuto Motors valuta kursi almashinuvidan zararni foydaga aylantirdi va 62,6 mln dollar daromad oldi. Bu esa sof foydaning 2024-yilga nisbatan o‘sishiga katta yordam berdi.
I chorakda moliyaviy ko‘rsatkichlar qanday bo‘ldi?
UzAuto Motors 2025-yil davomida foydasini oshirgan bo‘lsada, 2026-yilda foyda yo‘qotishidan qutula olmadi.
Kompaniya sof foydasi uch oy ichida 648,3 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu 2025-yilning mos davridagi foyda — 771,9 mlrd so‘mdan 16 foizga kamroq.
Shunga qaramay, 2025-yildan farqli ravishda avtokonsern daromadlari 12,2 foizga oshib, 10,88 trln so‘mga yetdi. 2025-yil I choragida daromad 9,7 trln so‘m edi.
Sotish va foizli xarajatlar keskin oshishi foydaning kamayishiga sabab bo‘ldi. Sotish xarajatlari 349,4 mlrd so‘mdan 1 trln so‘mgacha 3 barobar oshgan. Bu UzAuto Motors marketing uchun ko‘proq pul sarflayotganini bildiradi.
Solishtirilayotgan davrda kompaniya aktivlari 32,2 trln so‘mdan 34 trln so‘mga o‘sdi. Uch oy ichida avtomobil ishlab chiqaruvchisi aktivlari 1,8 trln so‘mga ko‘paygan. Ustav kapitali esa 3,2 trln so‘m ko‘rinishida saqlanib qolgan.
Kompaniya hisobot davrida 157,3 mlrd so‘mlik foyda solig‘i ham to‘lagan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 8,3 foizga yoki 12,5 mlrd so‘mga ko‘proq.
Bozor yo‘qotilmoqda
Foyda kamayishi fonida 2026-yildan boshlab UzAuto Motors avtomobillari sotuvining bozordagi ulushi sezilarli pasaymoqda.
Yanvar–aprel oylarida sotilgan avtomobillar sonida UzAuto Motors ulushi birinchi marta 50 foizdan pastga tushib, 47,8 foizni tashkil qildi.
Taqqoslash uchun, bundan ikki yil avval avtomobil ishlab chiqaruvchisining ulushi 90 foiz atrofida edi. Bu darajada yuqori pasayish ko‘proq Khorezm Auto’da ishlab chiqarish ko‘payishi hisobiga bo‘ldi.
Damas va Labo aynan Xorazmda ishlab chiqariladi. Biroq, Khorezm Auto’ning ulushi bilan ham UzAuto Motors ulushi hozirda 77,8 foizni tashkil qilgan bo‘lardi.
Avtokonsern ulushi pasayishiga BYD, KIA, Haval va Chery kabi brendlar ostida avtomobillar savdosi ko‘paygani sabab bo‘ldi.
Teglar
