Logo

Qoraqalpog‘istonda kripto kompaniyalarga yangi imtiyozlar berilishi mumkin

Bugun 11:252 daqiqa

Qoraqalpog‘istondagi «Besqala Mining Valley» maxsus zonasi rezidentlari uchun kriptoaktivlar sohasidagi yig‘imlarni bekor qilish taklif etildi.

Qoraqalpog‘istonda kripto kompaniyalarga yangi imtiyozlar berilishi mumkin © companies.rbc.ru

O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat uchun yig‘imlar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi. Loyihaga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi «Besqala Mining Valley» maxsus zonasi hududida faoliyat yurituvchi maynerlar hamda kripto xizmatlar provayderlari yig‘imlardan ozod etilishi mumkin.

Taklif kripto-birjalar, kripto-do‘konlar, kriptodepozitariylar va maynerlarga taalluqli bo‘lib, hujjat qabul qilinsa, o‘zgartishlar darhol kuchga kiradi. Loyiha yuzasidan taklif va fikrlar 18-iyungacha qabul qilinadi.

Amaldagi tartibga muvofiq:

— maynerlar BHMning 10 baravari;

— kriptodepozitariylar BHMning 5 baravari;

— mayning-pullar BHMning 100 baravari;

— kripto-do‘konlar BHMning 185 baravari;

— kripto-birjalar BHMning 740 baravari miqdorida yig‘im to‘laydi.

«Besqala Mining Valley» loyihasi Qoraqalpog‘istonni yuqori texnologiyalar markaziga aylantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari doirasida maxsus mayning zonasini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. 17-aprel kuni esa «Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus mayning zonasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida qabul qilindi.

Zona imkoniyatlari

Aprel oyida qabul qilingan qarorga ko‘ra, «Besqala Mining Valley» ishtirokchilari kriptoaktivlarni qazib olish, ularni milliy va xalqaro platformalarda sotish hamda ayirboshlash huquqiga ega bo‘ladi.

Zona rezidentlari faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin. Ular 2035 yil boshigacha daromad solig‘idan ozod etiladi, ammo o‘z daromadlarining 1 foizini zona direksiyasiga o‘tkazib boradi. Shuningdek, hujjatlarda ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari, kriptoaktivlarni sotish tartibi ham belgilab qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Qoraqalpog‘istonda kripto kompaniyalarga yangi imtiyozlar berilishi mumkin | Vaqt.uz