Tojikiston 2030-yilda aholini ro‘yxatdan o‘tkazadi
Tojikistonda 2030-yil oktabr oyida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.

Tojikistonda aholi va uy-joy fondini navbatdagi ro‘yxatga olish 2030-yilning 1–31-oktabr kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Emomali Rahmon tomonidan 6-iyun kuni imzolangan farmonda belgilangan.
Hujjatga muvofiq, ro‘yxatga olish tadbiri mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Tojikiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu jarayondan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi soni, uning joylashuvi va demografik holati haqida aniq ma’lumotlar to‘plashdan iborat.
To‘plangan ma’lumotlar davlat prognozlari, konsepsiyalar, strategiyalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini tayyorlashda foydalaniladi. Shuningdek, ular mamlakatdagi demografik jarayonlarni tahlil qilish uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tayyorgarlik ishlari
Ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish, ma’lumotlarni qayta ishlash, yakunlarni chiqarish va natijalarni e’lon qilish vazifasi prezident huzuridagi Statistika agentligi zimmasiga yuklatildi.
Farmonga muvofiq, agentlikka shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlarni jalb qilish huquqi berildi. Ularning mehnat haqi va boshqa xarajatlar aholi ro‘yxatini o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
Shu bilan birga, jalb qilinadigan xodimlar uchun o‘rtacha ish haqi miqdori Statistika agentligi xodimlarining lavozim maoshlariga nisbatan 1,5 baravar yuqori belgilanadi.
Moliyalashtirish manbalari
Tojikiston Moliya vazirligiga ro‘yxatga olish ishlarini moliyalashtirish vazifasi topshirildi. Mablag‘lar davlat budjeti doirasida 2026–2033-yillar uchun ajratiladigan resurslar hamda xalqaro tashkilotlar grantlari hisobidan ta’minlanadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida Tojikiston aholisi soni 10,721 million nafarni tashkil etgan. Mamlakatdagi so‘nggi aholi va uy-joy fondi ro‘yxati esa 2020-yil oktabr oyida o‘tkazilgan edi.





