Logo

Rossiyadan gaz importi 11 mlrd kub metrgacha oshirilishi mumkin

Bugun 21:002 daqiqa

O‘zbekistonga Rossiyadan gaz yetkazib berish hajmini qariyb 70 foizga oshirish muhokama qilinmoqda. Bu mamlakatda gaz qazib olish hajmi pasayishi davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiyadan gaz importi 11 mlrd kub metrgacha oshirilishi mumkin

Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi kelgusi yillarda qariyb 70 foizga oshishi mumkin. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tomonlar kelajakda yillik yetkazib berish hajmini 11 mlrd kub metrgacha yetkazish masalasini muhokama qilmoqda. Bu raqam 2025 yilda import qilingan qariyb 7 mlrd kub metr gazdan 4 mlrd kub metrga ko‘pdir.

Biroq hajmlarning yakuniy oshirilishi amaldagi magistral quvurlarning o‘tkazuvchanlik imkoniyatlariga bevosita bog‘liq. Bugunga qadar Qozog‘iston o‘ziga tegishli quvur tarmoqlarini to‘liq tayyorlagan.

Vazirning ta’kidlashicha, Rossiya va O‘zbekiston mazkur masalani mustaqil ravishda muhokama qilmoqda. Ostona esa logistika bo‘yicha kafolat beruvchi tranzit davlat sifatida ishtirok etmoqda.

Avvalroq Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak ham Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari bilan davom etayotgan muzokaralar haqida ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet davrida qurilgan gaz transport tizimini modernizatsiya qilish va kengaytirish rejalashtirilgan.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya gaz eksportida Yevropa ulushi qisqargani sababli Osiyo yo‘nalishlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, o‘tgan yili Rossiyaning Xitoyga quvur orqali gaz yetkazib berish hajmi ham 25 foizga oshgan. «Sibir kuchi» quvuri orqali Xitoyga eksport qilingan gaz hajmi qariyb 39 mlrd kub metrga yetgan.

VAQT.UZ avvalroq O‘zbekistonda gaz ishlab chiqarish hajmi kamayib, import hajmi ortib borayotgani haqida xabar bergan edi. Xususan, joriy yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatda tabiiy gaz ishlab chiqarish 16 foizga qisqarib, 12,6 mlrd kub metrni tashkil qildi.

Alohida qayd etish kerakki, gaz qazib olish hajmining pasayishi O‘zbekistonda 2019 yildan buyon kuzatilmoqda. O‘sha yili mamlakatda 60 mlrd kub metrdan ortiq gaz ishlab chiqarilgan.

 

1

 

2025 yilda gaz qazib olish hajmi 42,3 mlrd kub metrgacha tushib, so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga aylandi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, 2026 yilda ham ushbu tendensiya saqlanib qolib, ishlab chiqarish 40,2 mlrd kub metrgacha kamayishi kutilmoqda.

Rejaga ko‘ra, 2026 yildan keyin gaz qazib olish yana o‘sish bosqichiga o‘tadi va 2030 yilga kelib 48,5 mlrd kub metrga yetadi.

Kelgusi yillarda gaz qazib olish hajmi quyidagicha bo‘lishi prognoz qilinmoqda:

— 2027 yil — 42,9 mlrd kub metr (+6,7 foiz);
— 2028 yil — 44,5 mlrd kub metr (+3,7 foiz);
— 2029 yil — 45,5 mlrd kub metr (+2,2 foiz);
— 2030 yil — 48,5 mlrd kub metr (+6,6 foiz).

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyadan gaz importi 11 mlrd kub metrgacha oshirilishi mumkin | Vaqt.uz