Logo

Jahon chempionati oldidan bukmekerlik xizmatlarini reklama qiluvchilar ogohlantirildi

Bugun 11:252 daqiqa

Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati arafasida internet va ijtimoiy tarmoqlarda bukmekerlik xizmatlari reklamasi ko‘paymoqda. Raqobat qo‘mitasi bunday materiallar qonunchilikka zid ekanini eslatdi.

Jahon chempionati oldidan bukmekerlik xizmatlarini reklama qiluvchilar ogohlantirildi © Getty images

O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlari, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlangan. Raqobat qo‘mitasi futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati boshlanishi oldidan internet makonida bunday mazmundagi materiallar tarqalishi faollashayotgani haqida ogohlantirdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari hamda Telegram kanal va guruhlarida sport musobaqalari natijalariga pul tikish, qisqa vaqtda daromad olish yoki katta yutuqqa erishish haqidagi va’dalar orqali fuqarolarni bukmekerlik platformalariga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.

Ayrim shaxslar sportga bo‘lgan yuqori qiziqishdan foydalanib, aholini tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda ishtirok etishga undaydigan reklama va axborot materiallarini tarqatayotgani ta’kidlandi.

Qonun talablari

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, jumladan internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali tashkil etiladigan turlarini reklama qilish taqiqlangan.

Shuningdek, bukmekerlik xizmatlari va qimor o‘yinlarini targ‘ib qilish, ularning reklamasini tayyorlash, joylashtirish, tarqatish yoki ommalashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Qo‘mita kuzatuvlari

Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlariga ko‘ra, ayrim reklama tarqatuvchilar anonim akkauntlar, soxta taxalluslar va xorijiy elektron platformalardan foydalanish orqali o‘z shaxsini yashirishga harakat qilmoqda. Biroq bunday usullar ularni qonunchilik talablaridan ozod etmaydi.

Ma’lum qilinishicha, internet tarmog‘i va ijtimoiy media platformalaridagi reklama materiallari muntazam monitoring qilinmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, jumladan Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik bo‘linmalariga yuboriladi.

Qo‘mita fuqarolarni shubhali bukmekerlik reklamalariga ishonmaslikka, ularni tarqatmaslikka va bunday holatlar haqida vakolatli organlarga xabar berishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Jahon chempionati oldidan bukmekerlik xizmatlarini reklama qiluvchilar ogohlantirildi | Vaqt.uz