Logo

«Yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi ma’lum qilindi

Bugun 12:552 daqiqa

O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan joriy yil boshidan buyon ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 foizga oshdi.

«Yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi ma’lum qilindi © hightech.fm

2026 yil 8-iyun kuni soat 13:00 holatiga ko‘ra, mamlakatdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 5 mlrd kWhdan oshdi.

Jumladan, quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 48 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shamol elektr stansiyalari hissasiga 1 mlrd 952 mln kWh to‘g‘ri keldi. Shu tariqa umumiy hajm 5 mlrd kWhga yetdi.

14-may kuni mazkur ko‘rsatkich 4 mlrd kWhni tashkil etgan edi. Bu esa qayta tiklanuvchi energiya obyektlarida ishlab chiqarish sur’atlari yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

Gaz tejalishi oshdi

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, yil boshidan ishlab chiqarilgan 5 mlrd kWh yashil energiya natijasida 1,3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejab qolindi.

Shu bilan birga, atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan 2,9 mln tonna zararli moddalarning oldi olindi. Bu ekologik barqarorlikni ta’minlash va uglerod izini qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar samarasini ko‘rsatadi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshidan buyon ishlab chiqarilgan yashil energiya hajmi 2025 yilning mos davriga nisbatan 1,1 mlrd kWhga ko‘p bo‘lgan.

Umumiy hajm


8-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatdagi barcha gidroelektr stansiyalar, shuningdek quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 8 mlrd 120 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Buning natijasida 2,1 mlrd kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi va atmosferaga 4,6 mln tonna zararli modda chiqarilishining oldi olindi. Mutaxassislar qayd etishicha, ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 6,6 mln xonadonning olti oylik yoki 3,3 mln xonadonning bir yillik me’yoriy ehtiyojini qoplashga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning birinchi choragida aholiga «yashil» energiya uchun davlat tomonidan 73,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlar ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotish tarifi 1 kWh uchun belgilangan 800 so‘mlik narx 250 so‘mga tushirilishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston Liberal-demokratik partiya tashkil etgan mediamuloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarildi.

Tadbirkor bu qarorni iqtisodiy jihatdan adolatsiz deb baholadi. Uning aytishicha, tadbirkorlar elektr energiyasini davlatdan 1000 so‘m atrofida sotib olayotgan bir paytda, uni 250 so‘mdan sotish majburiyati investitsiyalarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Nimaga davlatdan sotib olsak, 1000 so‘mdan sotib olamiz, agar sotsak 250 so‘mdan sotamiz – qani bu yerda adolat? Shu to‘g‘rimi? Endi 250 so‘mdan sotish iqtisodiy tomondan bizga qanchalik to‘g‘ri kelish-kelmasligini o‘ylab qoldik», — deya murojaat qildi tadbirkor mediamuloqotda.

Teglar

Mavzuga oid