Logo

Qirg‘iziston sanksiya xavfi tufayli 50 kompaniya faoliyatini tugatmoqchi

Bugun 17:182 daqiqa

Qirg‘iziston hukumati G‘arb hamkorlari so‘roviga binoan sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq yuqori xavfli operatsiyalarga aloqador deb hisoblangan 50 ta yuridik shaxsni tugatish jarayonini boshladi.

Qirg‘iziston sanksiya xavfi tufayli 50 kompaniya faoliyatini tugatmoqchi

Qirg‘iziston G‘arb davlatlari bilan sanksiyalarga rioya qilish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda. Mamlakat prezidentining sanksiya siyosati bo‘yicha maxsus vakili va iqtisodiyot hamda tijorat vaziri Bakit Sidikov ma’lum qilishicha, hozirda AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya hamkorlari so‘roviga ko‘ra 50 ta yuridik shaxsni tugatish ishlari olib borilmoqda.

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur kompaniyalar xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq yuqori xavfli operatsiyalarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Qirg‘iziston 2023 yildan buyon xalqaro hamkorlar bilan doimiy muloqot olib borib, mamlakat hududi va moliyaviy infratuzilmasidan noqonuniy faoliyat uchun foydalanilishining oldini olishga harakat qilmoqda.

Kriptovalyutalar nazoratda

Hukumat virtual aktivlar va kriptovalyuta bozoriga alohida e’tibor qaratmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, raqamli moliya texnologiyalari iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratsa-da, pul yuvish, noqonuniy faoliyatni moliyalashtirish va sanksiyalarni chetlab o‘tish xavflarini ham oshiradi.

Shu munosabat bilan prezident huzurida Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari milliy agentligi tashkil etildi. Davlat organlari bozor ishtirokchilarini monitoring qilishni kuchaytirib, qonunchilikni FATF tavsiyalari asosida takomillashtirmoqda hamda blokcheyn tranzaksiyalarini tahlil qilishning zamonaviy vositalarini joriy etmoqda.

Sanksiyalar bosimi

So‘nggi yillarda Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda gumon qilingan qator qirg‘iz kompaniyalari xalqaro cheklovlarga duch keldi. Yevropa Ittifoqining 20-sanksiyalar paketi doirasida kriptovalyuta platformasi TengriCoin, shuningdek Keremet Bank va Kapital Bankka nisbatan cheklovlar joriy etildi.

2024–2025 yillarda esa AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va Kanada tomonidan bir nechta qirg‘iz banklari, to‘lov platformalari va kriptovalyuta birjalariga qarshi sanksiyalar qo‘llandi. Biroq mamlakat rahbariyati bu choralarni asossiz deb baholab kelmoqda. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov BMT minbaridan turib G‘arbning iqtisodiy cheklovlarini tanqid qilib, ular mamlakat iqtisodiyoti rivojiga to‘sqinlik qilayotganini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Qirg‘iziston sanksiya xavfi tufayli 50 kompaniya faoliyatini tugatmoqchi | Vaqt.uz