add

Eron siyosiy rahbariyati Isroil zarbalaridan so‘ng shok holatiga tushdi — OAV

Isroil tomonidan Erondagi ob’ektlarga kutilmagan zarbalar seriyasidan so‘ng Islom Respublikasi rahbariyati chuqur sarosimaga tushgan. The New York Times nashri yozishicha, Tehronda hujumdan so‘ng favqulodda Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi chaqirilib, javob choralari muhokama qilingan.

Eron siyosiy rahbariyati Isroil zarbalaridan so‘ng shok holatiga tushdi — OAV
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi manbaalariga ko‘ra, oliy rahbar Aliy Xomanaiy Isroilga «qat’iy va eng kuchli zarba» berishni talab qilgan. Jumladan, «sionistik tuzilma»ga nisbatan 1000 ta ballistik raketa uchirish rejalashtirilgan. Biroq bu ulkan reja amalga oshmadi. Isroil harbiy-havo kuchlari Erondagi asosiy raketa bazalari, HHH tizimlari va omborlariga oldindan zarba berib, Tehronning yirik qarshi hujum imkoniyatlarini falaj qildi. Natijada, Eron birinchi zarbada bor-yo‘g‘i 100 ga yaqin raketa uchirdi, shu tunning o‘zida yana bir nechta cheklangan hujum amalga oshirilib, Isroilda bir nechta binolar vayron qilindi. The New York Times e’lon qilgan ichki muloqot fragmentlarida Eron rasmiylari orasidagi hayrat va g‘azab holati namoyon bo‘ladi. Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qatnashganlardan biri ritorik savol bergan: «Isroil kelib, xohlaganini urib, qo‘mondonlarimizni o‘ldira oladi, nega biz uni to‘xtata olmaymiz?..» — deb yozmoqda haqqin.az. Eron rahbariyatining reaksiyasi Isroil niyatlarini baholashda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatadi. Tehronda «sionistik rejim» 15 iyun kuni AQSH bilan Ummonda bo‘ladigan muzokaralar oldidan hujumga o‘tmaydi, degan ishonch hukm surgan. Eron strategiyachilari Isroilning ogohlantirishlarini psixologik bosim deb baholab, asosiy ob’ektlarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmagan.   Ali Xomanaiy oldidagi siyosiy ikkilanish Milliy xavfsizlik kengashi muhokamalarida raxbar – Ali Xomanaiy oldida turgan siyosiy tanlov mavzusi ko‘tarildi: Isroilga javob zarbasi berish orqali AQSH bilan to‘laqonli urush xavfini qabul qilish yoki ehtiyotkorlik ko‘rsatish. Ikkinchi yo‘l mamlakat ichida zaiflik deb baholanishi mumkin edi. Yuqori lavozimdagi amaldorlardan biri Xomanaiyni ogohlantirib, keng ko‘lamli zarba Eron infratuzilmasiga katta talafot  keltirishi va ichki noroziliklarga turtki bo‘lishi mumkinligini aytdi. Rejim uchun yana bir zarba — «Quds» kuchlari qo‘mondoni general Ismoil Qooniyning o‘ldirilgani haqidagi xabarlar bo‘ldi. Bu ma’lumot hali rasman tasdiqlanmagan, ammo Eron manbalarda faol muhokama qilinmoqda. G‘arb tahlilchilariga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari o‘z hududidan tashqaridagi eng yirik amaliyotlardan birini o‘tkazdi: G‘arbiy Eron va Tehron atrofidagi o‘nlab nishonlar urib tushirildi. Hujumlar HHH tizimlari, qurol-aslaha omborlari va aviabazalarga qaratilgan. Ayniqsa, Tehron yaqinidagi xalqaro aeroportga qilingan reyd e’tiborga loyiq — u yerda eski qiruvchi uchoqlar va arsenallar saqlanardi. Isroil harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Tumar Barning ta’kidlashicha, operatsiyaning maqsadi to‘liq havo ustunligini o‘rnatish bo‘lgan: «Urush boshlanganidan beri birinchi marta Isroil harbiy havo kuchlari qiruvchi samolyotlari Tehron osmonida, Isroildan 1500 kilometrdan ziyod masofada hech qanday to‘siqsiz parvoz qildi», — degan u.   Eron ekzistensial tanlov ostonasida turibdi Oxirgi voqealar Eronning yuqori texnologiyali havodan hujumlar oldidagi no‘noqligini ochib berdi. Gap yo‘qotilgan tizimlar yoki qurbonlar haqida emas, balki Islom Respublikasining strategik tayyorgarligi — razvedka va siyosiy bashoratdagi kamchiliklari haqida bormoqda. The New York Times nashri ta’riflagan shok va parokandalik mamlakat siyosiy-harbiy elitasida jiddiy inqiroz boshlanganidan dalolat berishi mumkin. Agar ziddiyat eskalatsiya yo‘lida davom etsa, Eron oldida ikki yo‘l qoladi: Isroil va ehtimoliy AQSHga qarshi uzoq kurashga tayyorgarlik ko‘rish yoki og‘riqli yon berishlar evaziga deeskalatsiyaga intilish. Biroq siyosiy elitaga yetkazilgan ma’naviy zarba va asosiy harbiy rahbarlarning yo‘qotilishi sharoitida bu ikki yo‘lning hech biri oson ko‘rinmayapti. Tehron Isroil 15 iyun, yakshanba kuniga belgilangan AQSH bilan yadro muzokaralari oldidan hujum qiladi, deb kutmagan deb yozmoqda The New York Times o‘z manbalarga tayanib. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Eron muzokaralar samarasiz yakunlansa, Isroilga qarshi harakatlar rejasini ishlab chiqqan. Biroq Islom Respublikasi rahbariyati Isroil zarbalari haqidagi ogohlantirishlarni Tehronga bosim o‘tkazish uchun qilingan siyosiy shantaj deb qabul qilgan. Natijada hujum oldidan zarur ehtiyot choralari ko‘rilmagan. Masalan, harbiy qo‘mondonlar o‘ziga xos xavfsizlik inshootlariga joylashmagan, o‘z uylarida bo‘lishgan. Shuningdek, Islom inqilobi muhofizlari korpusi havo-hujum kuchlari qo‘mondoni Amir Aliy Hojizoda va boshqa yuqori lavozimli harbiylar bir nuqtada yig‘ilish bo‘yicha taqiqni inkor etib, harbiy baza hududida uchrashuv o‘tkazayotgan paytda Isroil zarbasi bilan halok bo‘lgan. BBC ta’kidlashicha, Isroilning bu zarbasi o‘tgan yili amalga oshirilgan ikki harbiy amaliyotdan ham kengroq va qattiqroq bo‘lgan. Bu nafaqat raket bazalariga berilgan zarbalar orqali Eronning javob berish imkoniyatini cheklash, balki siyosiy rahbariyatni jismonan yo‘q qilish maqsadini ham ko‘zlagan. BBC yozishicha, «Hizbulloh» yetakchilari yo‘q qilinganidagi strategiya kabi, bu ham muassasa qudratiga katta zarba berdi va javob berish salohiyatini pasaytirdi. Operatsiyaning dastlabki soatlarida Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbari Husayn Salomiy va bir necha yetakchi yadroviy olimlar o‘ldirilgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning aytishicha, operatsiya bir necha kun davom etishi mumkin. 15 iyun kuni Tehron yadro dasturi bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarning oltinchi bosqichini boshlashi kerak edi. Muzokaralarda qanday muvaffaqiyatga erishilgani haqida turlicha fikrlar mavjud. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa shunday xulosaga kelgan bo‘lishi mumkinki, bu kelishuvning oldini olish uchun endi harakat qilish vaqti keldi. U va maslahatchilari Isroilga tahdid solayotgan kuchlar — Eron, uning mintaqaviy ittifoqchilari va ayniqsa «Hizbulloh» — endi unchalik xavfli emas, deb hisoblagan bo‘lishi mumkin. «Yaqin soatlar va kunlar shunga oydinlik kiritadi: Isroil haqiqatdan ham to‘g‘ri baholadimi, yoki juda xatarli xatoga yo‘l qo‘ydimi», — deb yozadi nashr.    

Teglar

Mavzuga oid