
«Eronda oyatullohlar hech qachon bu qadar zaif bo‘lmagan» — amerikalik mulozim
18.06.2025 | 19:00291213
Isroilning Eronga uyushtirgan zarbalari oyatullohlar rejimi atrofida eronliklarni birlashtira olmadi, deb yozadi Tramp ma’muriyatining sobiq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton. Shu bois, uning fikricha, AQSH, Ko‘rfaz arab mamlakatlari va Isroil birgalikda harakat qilib, Erondagi rejimni ag‘darishga erishishi zarur.

Boltonning The Wall Street Journal nashrida e’lon qilingan maqolasida bir davlatda boshqariluvchi namoyishlar va davlat to‘ntarishlarini qanday uyushtirish kerakligi to‘g‘risida izchil yo‘riqnoma sanab o‘tilgani bilan ham e’tiborli.
«Eronning Isroilga qarshi urushi yana bir xatarli bosqichga kirdi: «Qo‘zg‘olayotgan sher» operatsiyasi doirasida Tehronning yadro dasturi, havo hujumidan himoya tizimi va harbiy rahbariyatiga zarbalar berildi. Eronning javobi hozircha noaniq va samarasiz bo‘ldi. Vahimachilarning vahimalariga ters zlaroq Uchinchi jahon urushi boshlanmadi va boshlanmaydi ham.
Biroq keyingi qadamlar qanday bo‘ladi?
1979 yilgi Islom inqilobi hanuzgacha Tehronda hokimiyatni saqlab turibdi va bu rejim yadroviy va ballistik dasturlarini hamda proksi tarmoqlarini tiklashi mumkin. Yaqin Sharqda barqaror tinchlik va xavfsizlikka erishishning yagona mustahkam asosi — bu oyatullohlarni ag‘darishdir. Buni AQSHning o‘zining ochiq-ravshan maqsadiga aylantirish kerak.
O‘tgan hafta Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron xalqiga murojaat qilib, shunday degan edi: «Ozodlikka qarshi zolim va zo‘ravon rejimdan himoyalanish uchun o‘z bayrog‘ingiz va tarixiy merosingiz atrofida birlashish fursati keldi».
Sirtdan qattiq avtoritar boshqaruv ko‘rinishiga qaramasdan, Tehron rejimi tobora ortib borayotgan noroziliklarga duch kelmoqda. Muxolif kayfiyatlar faqat Tehronda emas — u yerga borishga kam sonli g‘arblik jurnalistlar jur’at qiladi — balki kichik shaharlar va qishloqlarda ham tarqalgan. Eron iqtisodiyoti o‘nlab yillar davomida iztirobda bo‘lib kelmoqda, Isroilning neft qayta ishlash zavodlariga qilgan zarbalari esa bu holatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.
2018–2019 yillardagi fuqarolik noroziliklari butun mamlakat bo‘ylab shafqatsiz jazolarga sabab bo‘lgan. Yadroviy qurol tarqatmaslik va terrorizmga qarshi kurash bilan bog‘liq xalqaro sanksiyalar o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, biroq asosiy xulosa ravshan: iqtisodiyotni o‘rta asrlar diniy fanatlariga ishonib bo‘lmaydi. Korrupsiya va Islom inqilobi muhofizlari korpusi hamda muntazam armiyadagi yuqori martabali diniy shaxslar va generallar (ularning oila a’zolari bilan) tomonidan tiyiqsiz boyish holati keng norozilikka sabab bo‘lmoqda.
Bu rejimning imperiyaviy loyihalari Eron xalqiga hech qanday foyda keltirmadi. Ular faqat vayronalik olib keldi — ham Eronning ichida, ham uning tashqarisida. O‘nlab yillar davomida milliardlab dollarlar proksi guruhlar (HAMAS, «Hizbulloh», «Ansorulloh»)ni qo‘llab-quvvatlash, Bashar Asad rejimini himoya qilish hamda keng ko‘lamli yadroviy va raketa dasturlarini yaratish uchun sarflandi. bugungi kunda esa bu dasturlar xarobaga aylangan.
Bu hali hammasi emas. 2022 yil sentyabrida rejim politsiyasi Mahsa Aminiy — majburiy hijob o‘ramagan kurd qizini — o‘ldirdi. Shu voqeadan so‘ng boshlangan ommaviy namoyishlar «Ayol, hayot, erkinlik» shiori ostida nafaqat ayollar kiyinish me’yorlarini, balki butun rejimning qonuniyligini ham savol ostiga qo‘ydi.
Namoyishchilar oyatullohlar Xudo nomidan gapiradi va ularga bo‘ysunish kerak degan g‘oyani inkor etdilar. 30 yoshdan kichik odamlar Eron aholisining taxminan 60 foizini tashkil etadi, va ular Fors ko‘rfazining u tomonida, masalan, Birlashgan Arab Amirliklarida nima bo‘layotganini kuzatib, hayotni boshqacha tarzda yashash mumkinligini anglashmoqda. Erondagi fors bo‘lmagan etnik guruhlar — ozarboyjonlar, kurdlar, arablar, balujlar — ham avtonomiyaga erishishni istamoqda.
Har qancha turli muxolif harakatlar manfaatlari bir-biriga mos kelmasada, ularni oyatullohlarga nisbatan umumiy norozilik birlashtiradi. Ayniqsa diqqatga sazovor jihat shundaki — Isroil zarbalari boshlanganidan beri Eronda rejim tarafdorlari G‘arbda uzoq vaqt umid qilgan o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan milliy hamohanglik holati kuzatilmadi. Eronliklar reallikda nimalar xavf ostida ekanini juda yaxshi anglashyapti. Suriyada Asad rejimi qulaganidan so‘ng Eron rahbariyati ichida o‘zaro ayblashlar boshlandi, bu esa tez orada butun jamiyatga tarqaldi. Ayni paytda bu jarayon, aftidan, yanada kuchaymoqda.
AQSH nima qilishi kerak?
Eng avvalo — aniq bayonot berish lozim: na AQSH, na Isroil qo‘shinlari Eronga quruqlikdan kirib bormaydi. Mullalarga qarshi kurashayotgan eronliklarga yordam berish albatta yangi «abadiy urush»ga olib keladi, deganlar faqat rejim targ‘iboti shiorlarini takrorlamoqda.
Rejimning yuqori darajadagi zaifligi va parokandaligi — yangi strategiya uchun boshlang‘ich nuqta hisoblanadi. Eronda hozirgi paytda hokimiyat boshida turli kasalliklardan aziyat chekuvchi, 80 yoshga kirgan Oliy rahbar Ali Xomanaiy turibdi va uning ochiq-oydin vorisi yo‘q. Gap-so‘zlarga ko‘ra, uning o‘g‘li bu lavozimga da’vogar, ammo u ommaviy qo‘llovga ega emas.
Ehtimoliy asosiy voris — prezident Ibrohim Raisiy o‘tgan yili vertolyot halokatida halok bo‘lgan. Xomanaiy 35 yildan beri hokimiyatda va u mamlakat tarixidagi ikkinchi Oliy rahbar hisoblanadi. Shu bois hokimiyatni qo‘ldan qo‘lga o‘tkazish uchun aniq va tiniq mexanizm mavjud emas, bu ham ichki beqarorlikni yanada kuchaytirmoqda. Bundan tashqari, Isroil Eron harbiy rahbariyatining katta qismini yo‘q qilgani orqali ham yuksak doiralardagi tartibsizlikni kuchaytirdi.
Mavjud inqiroz sharoitida rejim rahbariyatidagi yoriqni yanada kengaytirish kerak — ayniqsa harbiylar orasida. Ular 2011 yilda Husni Muborakka qarshi namoyishlar vaqtida Misr armiyasi qilganidek, namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishdan bosh tortishi mumkin. Agar muntazam armiya va Islom inqilobi muhofizlari korpusining katta qismi o‘z xalqini otmasligini bildirsa, rejim juda tez qulashi mumkin. Muxolifat tomonga o‘tishi evaziga rejim amaldorlariga amnistiya va’da qilish — muxolifatni birlashtirishda foydali vosita bo‘lishi mumkin.
Mahsa Aminiy halokati ortidan boshlangan namoyishlar shundan dalolat berdiki: muxolif kayfiyatlar qanchalik keng tarqalgan bo‘lmasin, bu harakatning yagona milliy yetakchisi yo‘q. Bir tomondan, ana shunday parokandalik rejimga qarshi kurashni bir necha yetakchi shaxslarni qo‘lga olish yoki yo‘q qilish bilan yo‘qqa chiqarishni imkonsiz qiladi. Boshqa tomondan, muvofiqlashtirishning yo‘qligi mamlakat miqyosidagi yagona namoyishlarni tashkil etishga to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun, mamlakat ichidagi va xorijdagi muxolifat tavsiyalariga quloq tutgan holda, Vashington namoyishchilarga aloqa vositalarini taqdim etishi va tashqi manbalardan ishonchli axborot yetkazish uchun «Amerika ovozi» (Voice of America)ni qayta tiklashi mumkin. Bazaviy moliyaviy yordam ham muxolifat uchun jiddiy rol o‘ynashi mumkin.
Isroil, Fors ko‘rfazi arab davlatlari va AQSH birgalikda harakat qilishi mumkin. Albatta, yuz foizlik muffaqiyat kafolati yo‘q, biroq ayni vaziyat tarixdagi eng qulay fursat hisoblanadi», — deb yozadi Bolton.





