
Eronliklarning katta qismi mamlakat Islom respublikasi ekanligidan norozi — OAV
28.08.2025 | 11:0026199
Mamlakatda siyosiy muxolifat mavjud rejimga qarshi chiqishga kuch topa olmayapti. Ammo bu xalq orasida ommaviy norozilik butunlay yo‘qolganini anglatmaydi.

Isroil yozda Eronning yadroviy dasturiga qarshi harbiy hujum boshlaganiga qaramay, mamlakatda kutilgan xalq qo‘zg‘oloni ro‘y bermadi. Vashingtondagi siyosatchilar necha yillar davomida xalq Erondagi diniy rejimini ag‘darishga tayyor, faqatgina imkoniyat kerak, degan faollar va muxolifatchilarning gaplarini takroroab. Ammo hech qanday keskin harakat kuzatilmadi, deb yozmoqda The National Interest.
Isroil hatto Eron politsiya tizimining asosiy tayanchi sanalgan «Basij» militsiyasi qarorgohlarini nishonga olganida ham ko‘chalarda jimjitlik saqlandi. Bu holat Vashington rasmiylarini shunga ishontirdiki — hozircha Eronda siyosiy jihatdan faol va ta’sirli boshqa kuch yo‘q. Hukumat esa hozirgi rejimi bilan yaqin yillarda o‘z o‘rnini saqlab qoladi.
Niderlandiyadagi GAMAAN saylov instituti o‘tkazgan yangi tadqiqot Eron haqidagi vaziyat ancha murakkab ekanini ko‘rsatdi. O‘tgan yozda internet orqali, maxsus vositalar yordamida o‘tkazilgan so‘rovda 20 mingdan ortiq eronlik ishtirok etdi va natijalar mamlakatning kelajak yo‘nalishini yoritib berdi.
So‘rovga ko‘ra, eronliklarning ko‘pchiligi amaldagi klerikal tuzumni muvaffaqiyatsiz, deb hisoblaydi. Respondentlarning qariyb 70 foizi «Islom Respublikasi davom etishiga qarshi» ekanini bildirgan. Shuningdek, 40 foizi rejimning qulashi o‘zgarishlar uchun zaruriy shart deb hisoblaydi.
GAMAAN so‘rovnomasiga ko‘ra, Islom Respublikasiga qarshilik ayniqsa yoshlar, shahar aholisi va oliy ma’lumotlilar orasida kuchli. Bu esa Eronning 92,5 million aholisi ichidagi eng faol va ta’sirchan qatlamni tashkil etadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, Eron katta demokratik salohiyatga ega. Xususan, so‘rovnomada ishtirokchilarning 89 foizi demokratiyani hozirgi diniy tuzumga muqobil boshqaruv shakli sifatida qo‘llab-quvvatlagan. Hisobotda aytilishicha, bu ko‘rsatkich Eron kelajagi uchun «demokratiya foydasiga milliy kelishuv»ni anglatadi.
Biroq bunday kelajak kafolatlangan emas. Chunki aholining qariyb yarmi (43 foizi) hozirgi boshqaruv tizimi, ya’ni kuchli shaxsiy rahbarning avtoritar boshqaruvini ham qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bunday qarashlar asosan qishloq aholisi va kam ma’lumotli qatlamlar orasida keng tarqalgan.
Eronliklarning aksariyati diniy qonunlarga asoslangan yangi hukumatni ham, harbiy boshqaruvni ham qabul qilmaydi. So‘rovda qatnashganlarning 66 foizi yangi diniy tizimni «yomon» deb baholagan. Shuningdek, 71 foizi mamlakat harbiylar qo‘liga o‘tishiga qarshi ekanini bildirgan.
Tramp ma’muriyati Eron bo‘yicha keyingi qadamlarini belgilayotgan bir paytda bu ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega. Oq uy hozircha Eronda rejimni o‘zgartirish niyatida emasligini ochiq aytgan. Aksincha, uning asosiy sa’y-harakatlari Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Eron rejimiga bosimni kuchaytirishga qaratilgan. Buning uchun yadroviy kelishuvni qayta muhokama qilish va zarurat tug‘ilganda ko‘p tomonlama iqtisodiy sanksiyalarni qayta tiklash («snapback») tahdidi ishlatilmoqda.
Hozircha Eron siyosatiga real muqobil variant yo‘q. Muxolifat hali ham bo‘linib ketgan va tartibsiz bo‘lib, yaqin kelajakda hukmron elita uchun katta xavf tug‘dirmaydi.
Klerikal rejim — bu davlat boshqaruvi diniy rahbarlar qo‘lida bo‘lgan siyosiy tizimdir. Bunday tuzumda davlat qonunlari va siyosiy qarorlar asosan diniy me’yorlarga asoslanadi va diniy rahbarlarning talqiniga bo‘ysunadi. Klerikal tizimda eng yuqori hokimiyat diniy ulamolarga beriladi, ular nafaqat diniy masalalarda, balki siyosat, iqtisod va jamiyat hayotida ham asosiy qaror qabul qiluvchilar bo‘lib chiqadi.
Bu holatda davlatning barcha muassasalari diniy mafkuraga xizmat qiladi: maktablarda diniy ta’lim ustun bo‘ladi, OAVda diniy g‘oyalar targ‘ib qilinadi, siyosiy va shaxsiy erkinliklar esa ko‘pincha cheklab qo‘yiladi. Masalan, ayollarning kiyinish qoidalari yoki jamiyatdagi ma’lum xulq-atvor normalari diniy talablarga muvofiq ravishda majburiy qilib qo‘yiladi.
bugungi kunda bunday tizimning eng yaqqol namunasi sifatida Eron Islom Respublikasini ko‘rsatish mumkin. U yerda oliy hokimiyat diniy rahbar — «Oliy Rahbar» qo‘lida bo‘lib, u hukumat, parlament va sud tizimidan ham yuqorida turadi. Shu sababli klerikal rejim odatda avtoritar tuzum sifatida baholanadi, chunki unda xalqning siyosiy irodasi cheklangan, demokratiya prinsiplari esa to‘liq amalga oshmaydi.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





