
Eronning «na urush, na tinchlik» strategiyasi barbod bo‘ldi yoki mukammal inqiroz
20.06.2025 | 20:00282425
Kibr va xato hisob-kitoblar Tehronning o‘n yillik tiyib turish doktrinasini yemirib tashladi. Chunki bu orada Isroilning xavfga tayyorlik darajasi keskin ortdi, deb yozmoqda Financial Times tahlilchilari Endriyu Inglend va Mehul Shrivastava.

Eron Islom Respublikasining eng nufuzli harbiy qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Donald Tramp tomonidan o‘ldirilgani ortidan javob chorasini juda tez va qattiqqo‘llik bilan amalga oshirdi. Sulaymoniyni nishonga olib o‘ldirganidan bor-yo‘g‘i besh kun o‘tib, Tehron AQSH harbiylari joylashgan Iroqdagi ikkita bazaga «o‘nlab raketalar» uchirgan edi.
2020 yildagi ushbu hujum AQSH bazalariga qarshi amalga oshirilgan eng yirik zarbalardan biri hisoblanadi. Biroq eng muhimi — Eron Islom Respublikasi ushbu hujum haqida AQSH prezidentiga maxfiy kanallar orqali oldindan ma’lum qilgan, qurbonlar haqida xabardor qilinmagan va ikki ashaddiy dushman urush chegarasidan ortga chekingan edi.
Eronning oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanaiy tomonidan olib borilgan puxta hisob-kitobli o‘yin, oqibatda ikki maqsadga erishdi: rejim o‘z tarafdorlariga jahonning eng qudratli davlatiga qarshilik ko‘rsata olishini namoyon etdi va shu bilan birga, davlatning mavjudligini xavf ostiga qo‘yadigan keng ko‘lamli to‘qnashuvdan ham saqlanib qoldi.
Bu holat tahlilchilar «na urush, na tinchlik» deb ataydigan Xomanaiyning jangovarlikni namoyish etish, dushmanga keskin munosabat bilan tahdid ostida ushlab turish, vositachilar yoki maxfiy operatsiyalar orqali harakat qilish, biroq to‘qnashuvni mamlakat hududlariga ko‘chirmaslik kabi ko‘p yillik siyosatining yana bir ifodasi bo‘ldi, deb yozadi Financial Times.
Ammo 2023 yil 7 oktyabrida HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujumdan keyin Isroilning xavfga bo‘lgan munosabati keskin o‘zgarganini anglab yetmaslik, kibr va hisob-kitobdagi xatolar — Eronni bugun omon qolish uchun kurashishga majbur qilmoqda. Endi u o‘zining yuz berishini istamagan keng ko‘lamli urushga tortilgan. Agar Donald Tramp ushbu mojaroga qo‘shilish haqida qaror chiqarsa, vaziyat yanada og‘irlashadi.
«Hozir Eron oldida faqat yomon variantlar qoldi. Xomanaiy «na urush, na tinchlik» strategiyasiga juda uzoq vaqt yopishib oldi. Bu usul aslida ko‘p yillar davomida samara bermayotgan edi, — deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashining katta ilmiy xodimi Elli Geranmaye. — Endi Eron shunday urush bilan yuzma-yuz keldiki, u yerda g‘alaba qozona olmaydi. Natijada, o‘tmishdagiga nisbatan ancha yomon shartlarda yadroviy kelishuvga imzo qo‘yishiga to‘g‘ri keladi».
Eronga qarshi hujum boshlanganidan bor-yo‘g‘i bir hafta o‘tib, Isroil zarbalari Eronning yuqori martabali harbiy rahbarlarini yo‘q qildi, uning ko‘plab raketa qo‘shimlarini vayron qildi, yadroviy ob’ektlariga zarba berdi va havoda deyarli to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritdi. Tehron esa Isroilga raketalar uchirishda davom etmoqda.
Shu bilan birga, harbiy va razvedka salohiyati o‘rtasidagi farq ulkan — Isroilda eng ilg‘or amerikalik harbiy texnikalari, jumladan, F-35 samolyotlari bor. Eron esa asosan vositachi kuchlar, raketalar va dronlarga tayanadi.
Rejim uchun xavf yanada kuchaydi. Bunga Tehron qo‘llab-quvvatlab kelayotgan falastinliklarning harbiylashtirilgan guruhi — HAMAS G‘azo va Isroilni ajratib turgan to‘siqni yorib o‘tib, 1200 nafar odamni o‘ldirgani va 250 ta insonni garovga olgani sabab bo‘ldi.
Xomanaiy falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashini bayon qildi, biroq Eron bu hujumga aloqador emasligini ta’kidladi. Tahlilchilar va diplomatlar ham Eron bu hujum haqida oldindan xabardor bo‘lmagan, deb hisoblaydi.
Biroq Isroilda ushbu hujum — Holokostdan keyingi yahudiylarga qarshi amalga oshirilgan eng yirik qatl — Eron va uning butun mintaqadagi yillar davomida qurollantirib kelayotgan jangarilar tomonidan yahudiy davlatiga qarshi boshlangan ko‘p frontli urushning bir qismi sifatida baholandi. AQSH ko‘magi va hech qanday cheklovlarsiz, Isroil shundan beri hujumkor pozitsiyani egallab turibdi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar institutidan Emil Hokayem shunday dedi: «Eron 7 oktyabrdan so‘ng Isroildan kelishi mumkin bo‘lgan xavfni darajasini mutlaqo yetarlicha baholay olmadi. Bu strategik ko‘rlik va takabburlik namunasi bo‘ldi».
«Ular birinchi kundanoq mudofaa pozitsiyasiga o‘tishdi va katta xatoga yo‘l qo‘yishdi — ular urushga qisqa muddatga aralashaman deb o‘ylashdi. Ular «Isroil iztirobda, Isroil zaif» deb hisoblashdi va o‘zlariga siyosiy imtiyozlarni ta’minlaydigan darajada harakat qilishni maqsad qilishdi», — deb qo‘shimcha qildi u.
1980-yillardagi Eron-Iroq urushida keyingi o‘n yilliklar mobaynida Islom Respublikasi butun mintaqa bo‘ylab o‘z vositachilaridan iborat tarmoq qurdi — kuchli an’anaviy armiyalardan himoya sifatida asimmetrik urushga tayandi. Mintaqadagi voqealar unga madad berdi.
2003 yilda AQSH Iroqqa kirib borib, Saddam Husaynni ag‘dargach, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan shialar va jangarilar mamlakatda siyosiy va mudofaa sohalarida ustunlikka ega bo‘ldi. Keyin, 2011 yilda Suriyada fuqarolik urushi boshlanishi Eronga u yerga o‘z kuchlarini, xususan, Tehronning eng muhim vositachisi — Livandagi «Hizbulloh» harakatini joylashtirish imkonini berdi.
Nihoyat, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Yamanda husiychilarga qarshi intervensiya Tehron va isyonchilar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi.
Ichki frontda esa rejim raketalar va dronlarni ishlab chiqarishni rivojlantirishga e’tibor qaratdi, chunki G‘arb sanksiyalari qurol-aslaha importini to‘sib qo‘ygandi. Donald Tramp Eron va jahon davlatlari o‘rtasidagi yadroviy kelishuvdan chiqqandan so‘ng, Tehron o‘z yadroviy faoliyatini keskin kengaytirdi — uranni qariyb harbiy darajada boyitishga kirishdi. Bu bir vaqtning o‘zida ham tiyib turish vositasi, ham G‘arb bilan muzokaralar uchun bosim quroli sifatida xizmat qildi.
Bu degani — 7 oktyabrdagi hujum sodir bo‘lgan paytda Eron va uning «qarshilik o‘qi» deb ataluvchi kuchlari Isroil va mintaqadagi boshqa davlatlar uchun jiddiy tahdid sifatida qaralardi.
Ammo eng muhim jihati shundaki: Eron 1980-yillardagi Eron-Iroq urushida beri hech qachon bunday keng ko‘lamli harbiy hujumga uchramagandi; o‘tgan yilgacha Isroil Islom Respublikasi hududidagi ob’ektlarga bevosita zarbalar bermagandi.
HAMAS hujumidan keyingi kuni «Hizbulloh» Isroilga qarata raketa uchirishni boshladi. AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati aralashmaganida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tomonidan oldindan amalga oshirilgan hujum boshlanardi.
Biroq Tehron o‘z vasitachilarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushdan saqlanish niyati borligini anglatdi va G‘azoda otashkesimga chaqirdi. Isroil harbiylarining baholashicha, 7 oktyabrgacha bo‘lgan razvedka ma’lumotlari tanqisligidan so‘ng Eron va uning ittifoqchilari keng ko‘lamli to‘qnashuvga intilmagan — shunday ekan, Isroilga javob zarbasini shunday tashkil qilish kerakki, u bu urushga olib kelmasin, qabilida bergan.
Bu Isroilga tashabbusni qo‘lga kiritish va «qaysi paytda kutilmagan keng hujumni boshlashni o‘zi hal qilish» imkonini berdi, deydi Netanyahu devonini maslahat qilgan isroillik mutaxassis. «Kutilmagan holat hujumning o‘zi emas, balki Isroil uni amalga oshirishga qaror qilganida bo‘ldi».
Sentyabr oyida Isroil «Hizbulloh» rahbari Hasan Nasrullohni va guruhning yana bir necha yuqori qo‘mondonlarini o‘ldirdi, bir vaqtning o‘zida Janubiy Livanga qurolli qo‘shin bilan kirdi va butun mamlakat bo‘ylab havodan zarbalar berdi.
Isroilning havodagi ustunligi va uning razvedka tarmog‘i Livan va Eronning ichki hududlarigacha chuqur kirib borish qobiliyati avj nuqtaga chiqdi.
2024 yil iyul oyida Isroil tomonidan amalga oshirilgan hujum oqibatida HAMASning siyosiy rahbari Tehronda xavfsizlik xizmatlari xodimlari uchun mo‘ljallangan mehmonxonada bo‘lgan paytda o‘ldirildi. Bu hodisa Eronning yangi prezidenti inauguratsiya marosimi o‘tkazilganidan bor-yo‘g‘i bir necha soat o‘tib ro‘y berdi.
RUSI tashkilotining katta ilmiy xodimi Sidhart Kaushalning aytishicha, oktyabr oyida Isroil tomonidan berilgan zarbalar natijasida Erondagi eng samarali havo hujumidan himoya tizimlaridan biri sanalgan, rossiyalik ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazilgan beshta S-300 PMU2 batareyasi ishdan chiqarilgan.
Emil Hokayem shunday dedi: «Isroil qarshi tomonning har qanday javob berish harakatlarini oldindan bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi — u strateglarni, qo‘mondonlarni va boshqaruv markazlarini nishonga oldi».
«Bu Eron va uning ittifoqchilari uchun ramziy bir muvaffaqiyatsizlik bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Isroil o‘zining to‘liq havo ustunligidan foydalanib, «Hizbulloh»ni charchatishga qaratilgan urushda mag‘lub etdi — bu urushda livanlik qurolli guruhi yakson qilindi. 2024 yil noyabrda ancha zaiflashgan «Hizbulloh» Isroil bilan otishmani to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni qabul qilishga majbur bo‘ldi va u, aslida, Binyamin Netanyahuning shartlari asosida amalga oshdi. Shunga qaramay, Isroil harbiylari bugungacha jangarilarga nisbatan havodan zarbalar berishda davom etmoqda.
Hozir Isroil shunday yo‘l tutayotgan ko‘rinadiki, u xuddi shu usulni Eronga ham nisbatan qo‘llamoqchi. Bunday yo‘l tutib, u 90 millionlik nufusga ega mustaqil davlatga hujum qilmoqda.
Kolumbiya universiteti professori, Iroq va Afg‘oniston bo‘yicha AQSH Mudofaa vazirligi maslahatchisi bo‘lmish Stiven Biddl shunday dedi: «Eronning oldida turgan hisob-kitob shunda ediki — u 7 oktyabrdan so‘ng Isroilni to‘xtatib qolish imkoniga ega bo‘ladimi-yo‘qmi? Ma’lum bo‘lishicha, Eron Netanyahuni to‘xtata olmas ekan — Isroilning xavfdan cho‘chimasligi va qurbonlikka tayyorligi sezilarli darajada oshgan».
Tehron Isroilga og‘riqli zarbalar berdi — uning raketalari «Hizbulloh» yoki HAMAS raketa hujumlariga nisbatan ko‘proq halokat va vayrona keltirdi.
Biroq Isroil Eronga nisbatan ancha zamonaviy havo himoya tizimlari bilan maqtana oladi va AQSHning yordamiga ega — Vashington Isroilni himoya qilishga tayyor va «Hizbulloh» yoki Eron tomonidan qilingan raketalar hujumini qaytarishda yordam beradi.
Kaushalning ta’kidlashicha, Eron razvedka xizmatining muvaffaqiyatsizligi va Isroilning hujumi kutilmagan holda amalga oshirilgani sababli, Islom Respublikasi o‘z mudofaa tizimlarini samarali tarzda joylashtirishga ulgurmadi.
«Eron yaratgan o‘t ochish tizimlari va Isroilning havo hujumidan himoya tizimini mustahkamlash uchun AQSH yordamini jalb qilishga majbur bo‘lgani… Eronning aslida qanchalik kuchli arsenalga ega ekanini anglatadi, agar bu imkoniyatlar muvofiqlashtirilgan holda ishlatilganida», — dedi Sidhart Kaushal.
Uning qo‘shimcha qilishicha: urush oldidan Eronning imkoniyatlari to‘g‘ri baholan. Lekin «bu imkoniyatlardan foydalanish qobiliyati Isroilning Eron havo hududini nazorat qilish hamda qo‘mondonlik va boshqaruv tizimini izdan chiqarish bo‘yicha juda samarali harakatlari bilan keskin kamaygan. Bu esa, aslo oldindan ko‘ra bilingan holat emas, ya’ni mutlaqo kutilmagan hol bo‘ldi».
Agar AQSH to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga aralashsa, rejim javob tariqasida AQSH bazalari va Fors ko‘rfazidagi neft infratuzilmalariga hujum uyushtirishi mumkin. Ular Eronga juda yaqin joylashgani uchun, Tehron qisqa masofali raketalardan foydalanishi mumkin — bu esa Fors ko‘rfazining mudofaa tizimi uchun javob qaytarish imkoniyatini keskin kamaytiradi.
Biroq Xomanaiy uchun bu navbatdagi katta tavakkalchilik bo‘ladi, chunki bu harakatlarga javobon Donald Tramp bundan-da keskin choralar bilan javob berishi mumkin.
Shu vaqtgacha Isroilga qarshi Eronning asosiy fronti deb qaralgan «Hizbulloh» esa, Isroil Eronga bomba yog‘dirib turgan bir paytda, keskin faoliyat ko‘rsatmagan. Bu esa, Tehronning vasitachilari ham o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yayotganini anglatadi.
Yamandagi husiychilar esa, 7 oktyabrdan keyingi bir yil davomida Qizil dengizdagi savdo kemalariga qarshi uyushtirgan hujumlari orqali tanilgan, hozirgi kunda ham Isroilga raketa uchirishda davom etmoqda.
HAMASning qoldiq kuchlari esa hozirda G‘azodagi Isroilning shafqatsiz hujumiga qarshi kurash olib bormoqda — falastinlik sog‘liqni saqlash rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, bu urushda 54 ming nafardan ortiq odam halok bo‘lgan.
Ammo Qosim Sulaymoniy tomonidan yaratilgan va tarbiyalangan «qarshilik o‘qi» endi tobora zaiflashgani ayon bo‘lmoqda.
«Sulaymoniy, oqibatda noto‘g‘ri strategiyaning me’mori bo‘lib chiqdi — avvalo, Iroq va Suriyada Eronni ortiqcha to‘liq tashvishga solib qo‘ygani, ikkinchidan esa, o‘zining vasitachilar tarmog‘ini ortiqcha baholaganidir, — dedi Emil Hokayem. — Eronliklar juda ko‘plab sohalarga sarmoya kiritdi, biroq faqat o‘z mudofaa sohasi, ayniqsa havo hujumidan himoya tizimini e’tiborsiz qoldirishganga o‘xshayapti».





