Harbiy sanoatdagi «metall defitsiti», yangi gaz limiti va O‘zbekistonning sun’iy intellekt ustidan nazorati —16-mart dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Jahon banki O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun grant ajratdi
Jahon banki O‘zbekistonda tabiiy gaz uzatish tizimidagi yo‘qotishlarni kamaytirish uchun 10,6 million dollarlik grant ajratdi. Mablag‘lar mamlakatdagi eskirgan gaz tarmoqlarida yuzaga kelayotgan sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etishga yo‘naltiriladi. Loyiha «O‘ztransgaz» tomonidan boshqariladigan gaz uzatish tarmoqlarida zamonaviy nazorat va ta’mirlash mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Tashabbus Jahon bankining «Global Flaring and Methane Reduction» (GFMR) trast jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Dastur neft-gaz sohasida metan chiqindilarini kamaytirish hamda yo‘ldosh gazni yoqishni qisqartirishga qaratilgan xalqaro tashabbus hisoblanadi.
Loyiha doirasida 2029 yilgacha taxminan 47,5 ming tonna gaz sizib chiqishining oldini olish rejalashtirilgan. Bu atmosferaga chiqadigan metan miqdorini kamaytirib, taxminan 18 million dollarlik iqtisodiy samara berishini kutilmoqda. Shuningdek, zamonaviy aniqlash uskunalarini xarid qilish va mutaxassislarni tayyorlash ham rejalashtirilgan.
«Bozor bunday defitsitni ko‘rmagan»: dron va raketalarda ishlatiladigan metall o‘sish bo‘yicha oltinni ortda qoldirdi
Jahon bozorida volframga bo‘lgan talab keskin oshib, metall narxi o‘sish sur’ati bo‘yicha oltinni ortda qoldirdi. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil fevraldan buyon volfram narxi 557 foizga oshgan. Bu holatga asosan harbiy sanoatdagi talabning oshishi va Xitoy eksport cheklovlari sabab yetkazib berish hajmining taxminan 40 foizga qisqarishi ta’sir qilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, volfram dronlar, raketalar va o‘q-dorilar ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Yaqin Sharqdagi nizolar va harbiy xarajatlar ortishi esa bozordagi tanqislikni yanada kuchaytirgan. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, yangi konlar ishga tushgunga qadar bozorda defitsit saqlanib, investorlar uchun taxminan ikki yillik imkoniyat davri yuzaga kelishi mumkin.
O‘zbekiston ham ushbu metall ishlab chiqarishni kengaytirishni maqsad qilgan. «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» 2030-yilgacha volfram ishlab chiqarish hajmini 50 baravarga oshirishni rejalashtirgan. Samarqand viloyatidagi «Ingichka» konini tiklash va kamyob metallarni qazib olish bo‘yicha 34 ta loyiha orqali mamlakat jahon volfram bozoridagi ulushini 5,1 foizgacha oshirish niyatida.
O‘zbekiston 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga yetkazadi
O‘zbekiston 2030-yilga qadar oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga va misni 500 ming tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ma’lum qildi. Qiymati 22 milliard dollar bo‘lgan loyihalar doirasida 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Shuningdek, sohada malakali kadrlar tayyorlash maqsadida bir qator xalqaro universitetlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada qimmatbaho metallarni xomashyo shaklida eksport qilishdan ko‘ra, mamlakat ichida qayta ishlash hajmi oshib bormoqda: masalan, yiliga 100 ming tonna mis ichki bozorda qayta ishlanmoqda, zargarlik sanoati ishlab chiqarishi esa 3,3 barobar o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshgan.
Martning ikkinchi yarmi uchun gaz limiti ma’lum qilindi
O‘zbekistonda 16–31-mart kunlari iste’molchilar qo‘shimcha 50 kub metr tabiiy gazni bazaviy tarifda — 1 kub metr uchun 1000 so‘mdan to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Energetika vazirligiga ko‘ra, 16-martdan boshlab isitish mavsumi uchun amal qilgan yuqori me’yor bekor qilinib, 1-noyabrga qadar oyiga 100 kub metrlik bazaviy limit qayta joriy etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa bu tartib 1-oktabrgacha amal qiladi.
Mart oyida gaz iste’moli ikki qismda hisoblanadi: 1–15-mart kunlari uchun 500 kub metrlik oylik me’yor proporsional taqsimlanib 250 kub metrni tashkil etgan, 16–31-mart kunlari esa 100 kub metrlik oylik me’yordan 50 kub metr gaz bazaviy narxda hisoblanadi. Shu tariqa, ushbu hajm uchun oshirilgan — 1800 so‘mlik tarif qo‘llanilmaydi.
O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlandi
O‘zbekiston Adliya vazirligi sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanishga doir etika qoidalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. 2026 yil 14-mart kuni tasdiqlangan hujjat sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda qonuniylik, shaffoflik, adolatlilik, ma’lumotlar himoyasi va xavfsizlik kabi asosiy tamoyillarni belgilaydi.
Qoidalarga ko‘ra, inson huquqlariga daxldor yoki tibbiyot kabi muhim sohalarda qaror qabul qilishda faqat sun’iy intellekt xulosasiga tayanish mumkin emas. Shuningdek, texnologiya ishlab chiquvchilar va joriy etuvchilar foydalanuvchilarga sun’iy intellekt natijalari har doim ham aniq bo‘lmasligi va ulardan tavsiyaviy xarakterda foydalanish mumkinligi haqida ma’lumot berishi shart.





