Ishmetov: Ikki yilda bank tizimini Basel III va IFRS standartlariga to‘liq moslashtiramiz
Markaziy bank raisi O‘zbekiston moliya tizimida kreditlar o‘sishi va dollarizatsiya kabi xavflar uchun yangi tartibga solish mexanizmlari joriy etilayotganini ma’lum qildi. Xususan, bank tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishga yana ikki yil ajratilgan.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bank tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha uch yillik yo‘l xaritasining bir yili ortda qolgani, qolgan ikki yil davomida esa Basel III, IFRS va boshqa xalqaro standartlarga mos keladigan tizimni shakllantirish maqsad qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda 24-avgust kuni «Silk Road Finance & Technology Forum» doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.
Bank tizimida qanday xavflar mavjud?
«The Sunday Times» jurnalisti Jeyson Korkoran Markaziy bank raisidan O‘zbekiston global moliya tizimiga faol integratsiyalashayotgan bir paytda, kelgusi uch-besh yil ichida bank sektori uchun eng katta xavf nima bo‘lishi mumkinligini so‘radi.
Timur Ishmetov bunga javoban bank tizimi oldida bitta emas, bir nechta xavf mavjud va ularning asosiy qismi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda baholanganini ma’lum qildi.
Xususan, Markaziy bank ikki yil avval Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan Moliyaviy sektorni baholash dasturi — FSAPni o‘tkazgan. Ushbu baholash butun moliyaviy tizimdagi zaif nuqtalarni aniqlashga qaratilgan.
«Biz butun moliyaviy tizim uchun diagnostika o‘tkazdik. Maqsad bank tizimidagi xavflarni o‘zimiz ham aniq tushunish va jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatga muammolarimiz qayerda ekanini bilishimizni ko‘rsatish edi», — dedi Ishmetov.
FSAP natijalari asosida uch yillik yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. U bank tizimi va Markaziy bank tartibga solish mexanizmlarini xalqaro standartlarga moslashtirishni nazarda tutadi.
«Yo‘l xaritasining bir yili ortda qoldi, yana ikki yil bor. Uch yil ichida xalqaro standartlarga to‘liq mos keladigan bank tizimi va bank tartibga soluviga ega bo‘lishni maqsad qilganmiz. Ya’ni, Basel III, IFRS va boshqa standartlarga moslashamiz», — dedi Timur Ishmetov.
Kreditlar va dollarizatsiya
Ishmetov bank tizimidagi hozirgi xavflardan biri sifatida aholini kreditlashdagi o‘sishni ham tilga oldi.
Uning aytishicha, Markaziy bank xatarlar paydo bo‘lishini kutib o‘tirmasdan, ularni aniqlashi bilan makroprudensial choralarni joriy etishga harakat qilmoqda.
«Har safar qandaydir xavfni ko‘rsak, uni aniqlaymiz va darhol tegishli tartibga solishni joriy qilamiz», — dedi Markaziy bank raisi.
Yana bir muhim masala — dollarizatsiya. Markaziy bank so‘nggi yillarda depozitlar va kreditlardagi xorijiy valuta ulushini kamaytirishga erishganini ma’lum qildi.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi iqtisodiy rivojlanish bosqichida depozitlar dollarizatsiyasining «tabiiy darajasi» qariyb 20 foiz deb baholangan va ushbu ko‘rsatkich shu darajaga tushirilgan.
Kreditlardagi dollarizatsiyani kamaytirish esa murakkabroq bo‘lgan. Shunga qaramay, xorijiy valutadagi kreditlar ulushi 50 foizdan yuqori darajadan hozirgi qariyb 37 foizgacha tushirilgan.
2026 yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha qiymat Bank operatsiyalarining dollarlashuv darajasi ham pasayib, xorijiy valutadagi kreditlar ulushi 41% dan 39% gacha, depozitlar ulushi esa 24% dan 19% gacha kamaygandi.
«Bu xavflarni prudensial qoidalar orqali boshqaryapmiz. Xususan, sug‘urtalanmagan valuta xavflariga ko‘proq e’tibor qaratdik», — dedi u.
Avvalroq Vaqt.uz «Silk Road Finance & Technology Forum» doirasida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov bank tizimini xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha navbatdagi rejalar haqida gapirgani haqida xabar bergandi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston o‘tgan yili Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan hamkorlikda moliya sektorini kompleks baholash jarayonini yakunlagan. Ushbu baholash natijalari asosida Markaziy bank bank tizimiga qo‘yiladigan talablarni xalqaro amaliyot va «Bazel III» standartlarini hisobga olgan holda takomillashtirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, banklar Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari — MHXS bo‘yicha to‘liq hisobotga o‘tishi kutilmoqda.
Abror Mirzo Olimovga ko‘ra, bu islohotlardan asosiy maqsad O‘zbekiston moliya tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va xalqaro investorlar uchun yanada barqaror muhit yaratishdan iborat.
«Bizning tomonimiz, Markaziy bank tomonidan, xalqaro investorlarni iqtisodiyotimizga jalb qilish uchun moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlik eng muhimi, deb o‘ylayman», — degandi u.





