Sherzod Asadov: Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar» xalqaro media forumida nutq so‘zladi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar» xalqaro media forumida zamonaviy jurnalistika oldidagi tahdidlar haqida fikr bildirdi.
Forumda Sherzod Asadov zamonaviy jurnalistika oldida turgan tahdidlar, sun’iy intellekt, so‘z erkinligi, milliy media va jurnalistning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
«Bugun axborot chegara bilmaydi. Bir voqea haqidagi xabar sanoqli soniyalarda millionlab odamlarga yetib boradi. Biroq axborot bilan birga yolg‘on, manipulyatsiya, feyk xabarlar va axborot xurujlari ham tez tarqalmoqda. Shuning uchun bugun jurnalistika oldidagi eng muhim vazifalardan biri — ishonchli axborotni ta’minlashdir», — dedi u.
Sherzod Asadov sun’iy intellektning jurnalistikaga jadal kirib kelayotganiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt jurnalistning o‘rnini bosmaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytiradi.
«Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatiga xizmat qilish tamoyillari o‘zgarmasligi kerak», — dedi Prezident matbuot kotibi.
U, shuningdek, zamonaviy jurnalistikaning bugungi global muammolardan biri sifatida haqiqiy so‘z erkinligi inqirozi masalasini ko‘tardi. Ayrim hollarda so‘z erkinligining siyosiy bosim vositasiga aylanishi jurnalistikaning xolisligi va ishonchliligiga putur yetkazayotganini qayd etdi.
Sherzod Asadovga ko‘ra, milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas. Aksincha, bu — faktlarga tayanish, voqealarni xolis tahlil qilish va jamiyat bilan ochiq muloqot o‘rnatishdir.
Prezident matbuot kotibi jurnalistning vazifasi faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasligini ham ta’kidladi. Jurnalist odamlarning dard-u tashvishini eshitadi, muammolarini ko‘taradi va jamoatchilik ovozining davlat idoralariga yetib borishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, Sherzod Asadov forumning Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskan xalqimizning ko‘p ming yillik ilmiy va ma’naviy merosini jahonga tanitishga xizmat qiladi.
Uning ta’kidlashicha, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar merosi butun bashariyatning bebaho boyligidir. Xorazmiy nomi bugun «algoritm» atamasida yashab kelayotgani ham ajdodlarimiz merosi zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Sherzod Asadov milliy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlash bilan cheklanmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon jamoatchiligiga xolis yetkazish zarurligini ta’kidladi.





