add

Isroilliklar Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq urush cho‘zilishidan xavotirda

16.06.2025 | 15:45142411

Do‘konlar va restoranlar yopilgan. Maktablar vaqtincha to‘xtagan. Aeroport faoliyati to‘xtagan. Fuqarolar tun bo‘yi bombalar yog‘ilishi ostida panohgohlar va yotoqxonalar orasida sarson. Yakshanba kuni eng yirik gazetaning birinchi sahifasida bitta so‘z yozilgan edi: «Tarix».

Isroilliklar Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq urush cho‘zilishidan xavotirda
Isroilda HAMAS tomonidan uyushtirilgan hujum va G‘azodagi urush boshlanganidan buyon — 20 oy ichida barcha narsa o‘zgardi. Ammo so‘nggi kunlarda yuz bergan voqealar ancha boshqacha — Isroil Eronga nisbatan mislsiz hujumni amalga oshirdi, Eron esa javoban ballistik raketalar bilan butun shahar kvartallarini yo‘q qildi. Bu esa Isroilning mashhur «Temir gumbaz» havo hujumidan himoya tizimi borligiga qaramasdan ro‘y berdi, deb yozmoqda Bloomberg.
«Ko‘pqavatli binolarni yiqitayotgan raketalar odamlarda urushga nisbatan shubha uyg‘otmaydi. Ularga shunchaki shunday fikr keladi: agar Eronda yanada kattaroq bomba bo‘lganida, shubhasiz bizga qarshi ishlatgan bo‘lardi», — deydi Quddusdagi Yahudiy universiteti sotsiologi Gad Yair.
Hozircha jamoatchilik fikri so‘rovlari o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, Isroil aholisi — kamida 80 foizni tashkil etuvchi yahudiylar — yana bayroq atrofida jipslashgan va bu jang uzoq va og‘riqli bo‘lishi mumkinligini anglagan ko‘rinadi. Bosh vazir Binyamin Netanyahuning G‘azo urushidagi harakatlari uchun xorijda jiddiy tanqidlarga uchrayotganini hisobga olgan holda, ba’zi xorijliklar uning boshchiligidagi yana bir— bu safar 90 million aholiga ega va Isroildan 1700 km uzoqda joylashgan mamlakatga qarshi harbiy urush bunday ko‘p qo‘llab-quvvatlanayotganiga hayron bo‘lishi mumkin. Biroq Eronga qarshi kurash 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan urushning mantiqiy davomi sifatida ko‘rilayotgan. O‘sha kuni Eron qo‘llab-quvvatlayotgan HAMAS jangchilari Isroilga bostirib kirib, 1200 nafar odamni o‘ldirgan va 250 kishini asir olgan edi. Bu Isroilning G‘azoga qarshi qattiq javob zarbasini keltirib chiqardi, keyinroq esa Eronning proksi kuchlari — Livanning «Hizbulloh»i va Yamandagi husiychilar urushga tortilib ketdi. Isroil rasmiylari va tahlilchilari shundan beri shunday fikr bildirib kelayotgandi: ushbu kuchlar neytrallashtirilgandan so‘ng, kurash Tehronga ko‘chirilishi kerak bo‘ladi. Shu narsa endi ro‘y berdi — Eron tomonidan yuz bergan raketali hujumlarda o‘nlab odam halok bo‘lgan, 400 kishi yaralangan bo‘lsa-da, isroilliklar hozircha o‘z pozitsiyasidan chekingani yo‘q.
«Isroilliklar intuitsiya bilan ishlashga o‘rgangan», — deydi Yair. Unga ko‘ra, Erondagi amalga oshirilgan operatsiya — o‘nlab yuqori lavozimli rasmiy va olimlar o‘ldirilgani, Tehron raketalari quvvati pasaytirilgani va yadro ob’ektlariga shikast yetkazilgani — hozirgi bosqichda keyingi qadamlar haqida qaror qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Oddiy isroilliklardan ayrimlari bunday ssenariyni qabul qilmoqda. «Eron yadroviy qurol yaratmoqda. Agar ularni to‘xtatish uchun yana bir oy bombadan panohgohda uxlashimga to‘g‘ri kelsa — roziman», — deydi Tel Avivdagi taomxona yaqinida do‘stlari bilan sendvich yeyayotgan 33 yoshli diyetolog Kelli Buskitsa. Xavfsizlik sababli restoranlar yopilgan bo‘lsa-da, mashhur Cafe Nordoy kafesi yeguliklarni olib ketish uchun ochiq qolgan. Jamoat xizmati sifatida uning boshqaruvchisi har qanday bulochkani bepul qilib berilishini e’lon qilgan. Yakshanba kuni Isroil ko‘chalari odatdagidan ancha bo‘sh, lekin butunlay bo‘sh emas edi. Chunki Bosh qo‘mondonlik odamlarga qayerda va qayergacha panohgohda bo‘lish kerakligi haqida muntazam axborot yuborib turadi (12–15 daqiqa oldin). Shuning uchun Tel Avivning quyoshli plyajlari  27°C haroratdan bahra olayotgan odamlar bilan to‘lgan edi. Isroil aholisining 20 foizi — falastinlik fuqarolar, musulmon va nasroniylar — Netanyahuning Eronga hujumiga boshqacha qarashda bo‘lishi mumkin. Ayrim arab shaharlarida Tel Avivga raketa tushganida bayramlar bo‘lgan. Ammo boshqa bir arab shahri ham nishonga olingan — bu yerda to‘rt kishi halok bo‘lgan va umumiy taqdir hissi yanada mustahkamlangan. Netanyahuning tanqidchilari ham hozircha u keltirgan asosni qabul qilmoqda: Isroil harakat qilishga majbur bo‘lgan, chunki Eron boyitilgan uran asosida qurol yaratish yo‘lida ancha ilgarilagan va uning proksi kuchlari unga endi kamroq yordam bera oladi. Shunga qaramay, ko‘p isroilliklar Eron raketalarining keltirgan vayrongarchiliklaridan shokda. Yangi axborot dasturlari mahalliy dahshat, vayron bo‘lgan uylar va kasalxonaga olib ketilayotgan yaralanganlar manzarasi bilan to‘lib-toshgan. Eron arsenalida yana taxminan 1500 raketa borligi aytilmoqda, bombardimonlar yana bir necha hafta davom etishi mumkin. Ba’zi xavfsizlik va mintaqaviy tahlilchilarning aytishicha, bu urushning oxiri tushunarsiz. Agar Isroil Eronning yadro dasturini — uning asosiy elementlari yer ostida joylashgan — yo‘q qilib yuborolmasa, unda urush qachon va qanday tugashi mumkin?
«Biz o‘zimizni bitmas-tuganmas urushda topamiz, — deydi Tel Avivdagi Milliy xavfsizlik tadqiqotlari institutida faoliyat yurituvchi, ilgari Eron bo‘yicha harbiy tahlilchi bo‘lgan Denni Sitrinovich. — Isroilda so‘lchi yoki o‘ngchi ekanligidan qat’i nazar Eron masalasidagi umumiy konsensus bor va bu xavotir uyg‘otmoqda. Hech kim savol bermayapti, hech kim Netanyahuning qarorini shubha ostiga qo‘ymayapti».
Boshqalar esa Isroil o‘zining bugungacha erishgan natijalarini qayta baholashi va Eron yadro dasturini diplomatik yo‘l bilan to‘xtatishga urinishi kerak, demoqda. «Isroil o‘z yutuqlariga ko‘r-ko‘rona berilib ketmasligi, pirovard natijada urushni cho‘zib yubormasligi kerak, — deb yozadi Yoav Limor radikal-o‘ngchilarning «Israel Hayom» gazetasida. — Biz endi vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlashimiz kerak».

Teglar

Mavzuga oid

Isroilliklar Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq urush cho‘zilishidan xavotirda | Vaqt.uz