add

Italiyada XXV qishki Olimpiya o‘yinlari ochildi

Bugun 14:304 daqiqa

Qishki Olimpiada–2026 rasman 6–22-fevral kunlari Italiyaning shimolidagi bir necha lokatsiyada o‘tkazilmoqda. Marosimda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Ayni paytda musobaqalar ochilish marosimidan oldin boshlangan.

Italiyada XXV qishki Olimpiya o‘yinlari ochildi

25-qishki Olimpiya o‘yinlari Italiyada rasman start oldi. Asosiy ochilish marosimi kecha, 6-fevral kuni Milandagi 80 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan “San-Siro” futbol stadionida bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan bir vaqtda Olimpiada ishtirokchi davlatlar paradi kabi tantanali tadbirlar qishki Olimpiya o‘yinlarini qabul qilayotgan Italiyaning yana uch shahri – Kortina-d’Ampetsso, Predatsso va Livinoda tashkil etildi. Bu shaharlar bir-biridan yuzlab kilometr uzoqda joylashgan, ayrim musobaqalar ochilish marosimidan oldin boshlangani sababli sportchilar Milanga yetib kela olmadi. Shunga qaramay, barcha joylardagi paradlar yagona teletranslyatsiya orqali ulandi.

1

Marosimning musiqiy qismi turli janrlarni qamrab oldi: Vivaldi va Rossinining klassik asarlaridan tortib zamonaviy musiqagacha. Shouda qo‘shiqchi Merayya Keri va italiyalik reper Gali ishtirok etdi. Italiya operasiga alohida e’tibor qaratildi, kulminatsiya esa tenor Andrea Bochellining chiqishi bo‘ldi – u Puchchinining “Turandot” operasidan «Nessun dorma» ariyasini ijro etdi.

2

Marosim doirasida Italiya bayrog‘i ranglaridan ilhomlangan moda defilesi ham o‘tkazildi, unda «Armani» kolleksiyasi namoyish etildi. Bu 91 yoshida sentabr oyida vafot etgan mashhur italiyalik dizayner Jorjo Armaniyga ehtirom ramzi sifatida o‘tkazildi. «Armani» moda uyi qishki Olimpiya o‘yinlarida Italiya terma jamoasining rasmiy ekipirovka ta’minlovchisi hisoblanadi.

3

Marosim yakunida Olimpiya olovi ilk bor tarixda bir vaqtning o‘zida ikki joyda – Milandagi Tinchlik arkasida va Kortina-d’Ampetssodagi Dibona maydonida yoqildi.

4

O‘yinlarni yopish marosimi Veronadagi 2000 yildan ortiq tarixga ega amfiteatrda bo‘lib o‘tadi. Uni 12 ming nafar tomoshabin kuzatadi. Bu Olimpiada YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kirgan obyekt hududida yakunlanadigan ilk holat bo‘ladi.

O‘zbekiston ishtiroki

2026 yilgi Milan–Kortina qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida short-trek bo‘yicha terma jamoa a’zosi Daniil Yeybog O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori.

5

O‘zbekiston sportchilari qishki Olimpiadada ikki yo‘nalishda ishtirok etadi. Medet Nazarov tog‘ chang‘isi bo‘yicha slalom va gigant-slalom dasturlarida startga chiqadi. Daniil Yeybog esa short-trek yo‘nalishida 500 metr masofada bahs olib boradi.

Shuningdek, saralash bosqichi yakunlariga ko‘ra, figurli uchishning juftlik dasturida Dmitriy Chigiryov va Yekaterina Geynish Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Biroq tayyorgarlik jarayonida Dmitriy Chigiryov jarohat olgani sabab musobaqagacha tiklana olmadi. Natijada O‘zbekiston delegatsiyasi qishki Olimpiadada faqat tog‘ chang‘isi va short-trek dasturlarida ishtirok etadi.
Qishki Olimpiadada Belarus va Rossiya sportchilari neytral maqomda ishtirok etmoqda

Qishki Olimpiadada Belarus va Rossiya sportchilari neytral maqomda ishtirok etmoqda

Italiyadagi Olimpiya o‘yinlari Rossiya sportchilari bayroq va madhiyasiz ishtirok etayotgan ketma-ket beshinchi Olimpiada bo‘ldi. 2018–2022 yillarda bu cheklovlar 2014 yilgi Sochi Olimpiadasidagi doping mojarosi bilan bog‘liq edi, keyinchalik esa Ukrainaga bostirib kirish sabab bo‘ldi.

Milan va Kortina-d’Ampetssodagi qishki Olimpiadaga neytral maqomda 13 nafar rossiyalik sportchi qo‘yib yuborilgan. Ular: figurali uchish bo‘yicha Adeliya Petrosyan va Pyotr Gumennik, short-trekchilar Alena Krilova va Ivan Posashkov, chang‘ichilar Darya Nepryayeva va Saveliy Korostelyov, konkida uchish bo‘yicha Kseniya Korjova va Anastasiya Semyonova, ski-alpinist Nikita Filippov, chang‘ichi-chanoq sportchilari Darya Olesik va Pavel Repilov, shuningdek, tog‘ chang‘ichilari Semyon Yefimov va Yuliya Pleshkova.

Belarusdan Olimpiadada faqat yetti nafar ayol sportchi qatnashadi, ular ham neytral maqomda chiqish qiladi. Bu cheklovlar ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Aleksandr Lukashenko rejimi tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq.

Italiyadagi qishki o‘yinlarda Belarusdan fristayl bo‘yicha Anna Guskova, Anna Derugo va Anastasiya Andrianova, tog‘ chang‘ichisi Mariya Shkanova, konkida uchish bo‘yicha Marina Zuyeva, chang‘i poygalarida Anna Korolyova va figurali uchishda Viktoriya Safonova ishtirok etadi. Bu Belarus tarixida qishki Olimpiadada qatnashgan sportchilarning eng kam soni hisoblanadi.

Rossiya Rim papasining olimpiya sulhi chaqiriqlariga quloq solmadi

Qishki Olimpiada o‘yinlari ochilish marosimi arafasida Rim papasi Leo XIV harbiy mojarolarda ishtirok etayotgan davlatlarni olimpiya sulhiga chaqirdi. Bu an’ana qadimgi davrlardan beri mavjud bo‘lgan yozilmagan qoida hisoblanadi.

«Tinchlikka chanqoq dunyoga hokimiyatdan suiiste’mol qilish, kuch namoyishi va qonun ustuvorligiga befarqlikka chek qo‘ya oladigan vositalar kerak», – dedi pontifik «Mo‘l hayot» («Life in Abundance») murojaatida.

Katolik cherkovi rahbarlari so‘nggi yillarda o‘tkazilgan Olimpiadalar oldidan ham olimpiya sulhini eslatib kelmoqda, ayni paytda Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni davom ettirmoqda. Rossiya 2022 yilda Pekindagi qishki Olimpiada yakunlangandan ko‘p o‘tmay Ukrainaga bostirib kirgan, shu bilan birga 2024 yilgi Parij Olimpiadasi davrida ham Ukrainaga hujumlarni to‘xtatmagan. Italiyada qishki Olimpiada–2026 o‘tkazilayotgan paytda ham Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalari to‘xtagani yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid