
Izohlar ostidagi O‘zbekiston: odamlar nima deyapti?
16.10.2025 | 13:00396519
Materiallar ostiga yozilgan har bir izoh jurnalistik muhokamaning davomi. Vaqt.uz’da qoldirilgan izohlar ham shunchaki fikr emas, xalq kayfiyatining tirik aksi. Shu bois tahririyat ularni o‘rganadi, mulohazalardan yangi yo‘nalish, yangi savol topadi. Sahifalarimizda qoldirilgan eng qiziq izohlarni yig‘ib chiqdik.

Vaqt.uz YouTube kanalida 13 oktyabr kuni e’lon qilingan «Fikr vaqti» dasturining «Mubashshir Ahmadning keltirilishi Turkiya tashabbusi» nomli parchasida bir-birini qo‘llab quvvatlovchi, ba’zida inkor etuvchi izohlar qoldirilgan.
@khurshidakhalikova3613 — Savol: Agar Turkiyaning ishi bo‘lsa, biznikilar nega qamadi? Sudni o‘tkazib, «aybi isbotlanmadi», deb qo‘yib yuborsa, qaytaga obro‘yi oshardi, xalq ishonchiga kirardi... Aybi yo‘qligini ko‘r ham ko‘rib turibdi-ku, qo‘yilgan moddalar to‘g‘ri kelmayapti-ku?!
@solazak6219 — Mening tushunishim bo‘yicha Mubashshir Ahmadning bitta aybi bor — qo‘lida o‘zbek pasporti bo‘lgani. Chunki dunyoning barcha joylarida bir qancha o‘zbeklar diniy qo‘mitaning ekspertizasisiz diniy material tarqatib o‘tirishibdi, lekin ular o‘sha davlatda qamalmayapti. Agar o‘shalarning qo‘lida o‘zbek pasporti bo‘lganida ular ham tutib kelinib, ular ham O‘zbekistonda qamab yuborilar edi.
@maxbubaxondadajonova1212 — Davlatimiz o‘z olim va ulamolarini himoya qila olmasa, yurtni boshqaruvchilarning tashqi davlatlar uchun o‘rni, qimmati yo‘q ekan-da. Tashqi kuchlarga yo‘l qo‘yib berilsa, oxiri nima bo‘lishini o‘ylab ko‘rarmikan Senat? Nima qilib o‘tiribsizlar?!
@bekzodmakhamatjonov6691 — Bu shunday bo‘lishi oldindan aniq edi, hamma narsa yozilgan, qalam ko‘tarilgan. Domlaning bizdan kuchli, bizdan yaqin ishongani bor, u o‘lmaydi, qudrat uniki. Manimcha, duo qilib tinch qo‘yish kerak, shunda domla ham yutadi, biz ham yutamiz, davlat ham yutadi.
Davlatni, ichki ishlar tizimini kovlash emas, ularga ko‘maklashish kerak. militsiya yoki bitta amaldor IIV tizimi yoki davlatning yuzini ifodalamaydi. Shu tizim bor ekan, kaltak yeganlar, zulm ko‘rganlar, bemor bo‘lganlar 102 yoki 103 ga bog‘lanib yordam so‘ray olyapti. Shuning uchun qo‘yinglar, kerakmas, bu vaziyatda kim ko‘proq jar solsa, o‘sha domlaning birinchi dushmani.
«O‘zbekistonda 1 oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?» nomli videoda esa quyidagicha izohlarni uchratish mumkin.
@Sherzodbeksaminov-k4v — Xalq xursand bo‘ladigan qarorlar ham chiqarmikan?! Davlatga tushumdan boshqa qaror topilarmikan?! Soqqani qilinglar tezroq, vaqt kam qoldi.
@JamshidXushqobov — Bu yuqoridagilarning boshqa ishi qolmabdi, amal ularning qo‘lida, xohlagan qarorni chiqaraveradi, bular kambag‘allikka qarshi kurashmayapti, aksincha ko‘paytirish bilan shug‘ullanyapti. Ofarin shunchaki qoyil... Ciyosat bilan ishi yo‘q xalqni xalq bilan ishi yo‘q siyosatchilar boshqaryapti, ming afsus, ming afsus.
@MurodjonDilmurodov-v9v — Xalqni qiynamaydigan qonunlar joriy etilmayapti, hamma qonunda xalq qiynalyapti. Skuterga ham «prava» kulgili bo‘layapti, pasporti borlarga haydashga ruxsat berilsin. Yana «A» toifaga o‘qitadigan maktablar yo‘q-ku bizning tumanda. «A» toifaga o‘qitmaydi, so‘rab chiqdim, litsenziyamiz yo‘q deydi. Boshqa tumanga 2 oy qatnab o‘qish mashinaning puli bo‘ladi-ku, amaldorlar xalqqa qarab «ur anavilarni», deyishi qoldi.
@IslomxonIsaxonov-g6i — Yaxshi bo‘ldi, yo‘llarda yo‘l qoidasini bilmaydigan yosh bolalar skuterni haydayapti, ular haydovchilarga katta muammolar tug‘diryapti.
«Toshkentda pullik parkovkalar: transportga tartibmi yoki yangi to‘lov tizimimi?» boshlavhasi bilan tayyorlangan reportajda esa ko‘pchilik yangi tizimning manfaatsiz ekanligini aytib, achchiq va kinoyali izohlar qoldirgan.
@JohnLanger-w1r — Qanday achinarli. Shunchalar biznes qilmoqchi bo‘lsa, olti qavat yer osti, o‘n qavat yer usti parkovka qur. Shunda pullik qilsin, yo‘l chetini parkovka deb pul undirish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi, aholi yo‘l haqqini shunday ham to‘lab kelayotgan bo‘lsa.
@giturebedddd — Yo‘llarga qarab bo‘lmaydi. Chuqurliklarning sanog‘i yo‘q. Bozorlarning oldiga to‘xtash mumkinmas, deb pulini shilishadi. Biz to‘layotgan benzinga va gazga tikilgan yo‘l solig‘i qayerga ketyapti. Har bir bozor, tashkilotlarning ostida tekin parkovkalar qilish kerak.
@rashidjonrasulov1175 — Shunchaki chizib qo‘yib unga pul olish, bu bilmadim nima? Shunchaki aholini pulini olishga o‘xshatyapman. Agar tadbirkor bir necha qavatli mashinalar uchun to‘xtash joyi qurganda bozorlarnikiga o‘xshash bu boshqa gap edi.
@ShavkatIsmailov-g6n — Pul keltiradigan ish bo‘lsa, xalqqa ham, qonunga ham tupurib qo‘yishadi. Parkovkalar qilishda g‘olib bo‘lgan firmani tekshirib ko‘rilsa, aniq rahbarlardan birining kimidir bo‘lib chiqadi. Bu O‘zbekistondagi oddiy haqiqat, buni hamma biladi. Shunday ekan, odamlar norozi bo‘ladimi, e’tiroz bildiradimi, hammasi bir pul.
@UmedjonObodov — Yo‘l solig‘i to‘layotgan xalq yana shu yo‘lga parkovkaga to‘lash shart bo‘lyapti. Bu qaroqchilik va reket emasmi? Pullik parkovka uchun yo‘lning birinchi chizig‘ini band qilish, noto‘g‘ri, parkovka uchun alohida bo‘sh joy belgilash kerak edi, nimaga deputatlar og‘ziga suv olgandek jim?
Izoh qoldirgan tomoshabinlar orasida bu tartibdagi pullik parkovkaning aholiga qay darajada zarar keltirishini aniq hisob-kitoblar bilan o‘lchaganlari ham bor.
@JamshidAbdusamadov-3r — Aybimiz mashina haydaganimiz! 1000 so‘m turadigan gazni 5200 ga olamiz. Amerikadagi brend benzin narxida o‘zimizda 9100 ga olamiz. Ko‘cha to‘la kamera. Lekin mahallalarda odamlarning xavfsizligi uchun kamera yo‘q. O‘sha mashinadan ham odamlarning hurmati bir tiyin. Odamlarni yo‘llardagi xavfsizligi uchun kamera ko‘paytiramiz, deyishadi. Mahallalarda odamlar xavfsizmi?..
@IslomMuxammadov — Soatiga 12 000 so‘m, 10 soatda 120 ming so‘m! O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik 4 mln bo‘lsa, 1 oylik parkovka narxi ham qariyb o‘rtacha oylikka yaqinlashib, 3 mln 600 ming so‘m bo‘larkan. Yashanglar, ofarin! Rossiyada bepul parkovkalar shunchalik ko‘p, pullikka ehtiyoj yo‘q, lekin pullik bilan tekin parkovkalar sharoitlari bir xil. O‘zimizda qachon shunday bo‘ladi? Soati ham 12 000 ming bo‘ladimi?! Allohdan qo‘rqinglar.
@TheLIBERTYHOUSE — Bu firibgarlik juda puxta o‘ylangan. Huquqshunos Otabek Bakirov va Tolib Rahmatov surishtirish ishlarini davom etishi kerak. Kerak bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat qilib, u auksion jarayonini keng jamoatchilik ishtirokida o‘rganib chiqishga undash kerak.
Yangi O‘zbekistonda bu bitta muammo emas. Otabek Bakirovning Telegram-kanalida davlat aktivlarini xususiylashtirish, korrupsiya bilan bog‘liq yuzlab keyslar yoritilgan. Yevropa davlatlarida bunday holatda hukumat allaqachon iste’foga chiqib ketgan bo‘lardi.
«Bolalarimiz eng ko‘p aziyat chekmoqda» — aholining changli havo haqidagi fikrlari esa quyidagicha:
@KurolNorimatov — Men hozir chang-to‘zon bo‘yicha ko‘p kommentariylarni o‘qidim va Uchtepa ob-havo ma’lumotini bergan mutaxassisning ma’lumotini eshitdim, lekin chang qayerdan kelayotgani haqida biror bir gapni ko‘rmadim. Necha yildan buyon chang-to‘zon bo‘lib kelyapti, «voy dod, chang-to‘zon!» deyishdan nariga o‘tolmayapmiz...
@diloromraximova2870 — Shu masalaga mas’ul bo‘lganlarga bu holatning bir chaqalik ahamiyati yo‘q. Agar ahamiyati bo‘lganida edi, allaqachon biror chora-tadbir ko‘rishar edi. Yo ular boshqa havodan nafas olishadi yoki ular tez orada oilaviy bo‘lib Toshkentdan surishni rejalashtirishmoqda.
@Odil-l8j — Toshkentda ko‘p qavatli uy-joylarni qurishni to‘xtatish zarurligi haqida o‘ylab ko‘rish zarur, zero havo hamma uchun zarur.
@smartgentlemannn8563 — O‘tgan yil qishda O‘zbekistonga borganimda changni o‘z tomog‘im bilan his qildim.. Aeroportdan uygacha 2 soat, shu 2 soatda tomog‘imdan changli balg‘am chiqqanida hayron qolgandim. 4 yil bo‘libdi ketganimga sog‘inaman, lekin shunaqa changli xabarlar odamni xafa qiladi. Daraxtlarni kesmanglar, iltimos, undan ko‘ra ekish kerak. Minglab ko‘chatlarni ekib, sun’iy o‘rmonlar, ko‘llar tashkil qilish kerak, shunchaki tabiat uchun, farzandlarimiz uchun.
«O‘zbekiston aholisi asosan nimalarga xarajat qilyapti?» sarlavhasi bilan tayyorlangan so‘rovnomada ko‘pchilik oylik maosh bilan pul yig‘ish tugul, uni oylikdan-oylikkacha yetkazish juda qiyin ekanligi ta’kidlangan.
@KamolaMalikova-p5i — Kredit to‘laymiz... Oziq-ovqatni ham qarzga olamiz, do‘konlardan, qarzni ikki-uch oyda arang to‘laymiz.
@UmidAbdullayev-ly9ce — Boshqalarni bilmadim-u, mening topganim kommunal to‘lovlarga ketyapti, Eng alam qiladigani ichimlik suviga oyiga besh yuz ming tulayapman to‘rt kishi uchun. Bir tiyinga qimmat o‘lchagichlarni sotib olib charchadim, bu qanday tubanlik va qancha davom etadi?..
@Dilshod-i4v — Amaldor bo‘lsa yig‘adi-da. Qornini zo‘rg‘a to‘ydirayotgan odam qayoqdan yig‘adi?!
@Galina-u6i3v — Ish o‘rinlarining soniga emas, narxiga ham e’tibor berish kerak. Iste’mol savatchasi juda kulgili qilib belgilangan. Mediadagi ma’lumotlarga ishonish ancha qiyin.
Yuqorida tanishib chiqqaningizdek, har bir izoh bu xalqning yurakdan chiqayotgan so‘z, haqiqatni o‘z tili bilan ifodalashga urinishdir. Vaqt.uz sahifalari ostida qoldirilgan har bir fikr aslida mamlakat hayotining ko‘zgusi, unda dard ham, tanqid ham, mehr ham, ishonch ham bor.
Tahririyat uchun bu izohlar haqiqiy jamiyat kayfiyati, o‘zgarishlar barometri bo‘lib, fikr bildirayotgan o‘quvchi faqat tomoshabin emas, u jurnalistik jarayonning to‘laqonli ishtirokchisi ham.
Shunday ekan, fikringizni ochiq bayon qilishdan charchamang. Sizning mulohazalaringiz biz uchun muhim!
Nurmuhammad Fayzulloyev





