
«Jismonan imkonsiz edi» – Mubashshir Ahmad prokurorning ba’zi materiallarni Diniy qo‘mita ruxsatisiz chiqarish haqidagi savoliga javob berdi
18.09.2025 | 15:5035069
Shu kunlarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo, «AzonUz» va «Azon Global» internet nashrlari asoschisi Alisher Tursunov ustidan sud jarayoni davom etmoqda.
15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchinchi sud majlisida asosan Alisher Tursunovning ko‘rsatmalari tinglandi, shuningdek, u prokuror va advokatlarning savollariga javob berdi. Vaqt.uz muxbiri xabar qilishicha, o‘sha mahkamada tuman prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev Tursunovga diniy materiallarni Diniy qo‘mita ruxsatisiz tarqatgani uchun avval ham ma’muriy javobgarlikka tortilgani va shundan keyin ham nega bu faoliyatni davom ettirgani yuzasidan savol berdi.
«Hurmatli Alisher Tursunov, 2022 yilda ham bir nechta materialni Diniy qo‘mita ruxsatisiz e’lon qilgan va javobgarlikka tortilgan ekansiz. Xo‘sh, nega shundan keyin ham bu faoliyatni to‘xtatmadingiz?», – deya so‘radi prokuror.Tursunov esa prokuror savoliga javob berarkan, o‘zi va u bilan birga ishlagan jurnalistlarning javobgarlikka tortilish sabablari hamda diniy materiallarni qo‘mita ruxsatidan o‘tkazish jarayonlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
«To‘xtadim. To‘xtatdim va Turkiyaga ketdim. Men bu sohadagi 20 yillik faoliyatim va OAV rahbari sifatida har doim davlat idoralari bilan yaqin, samimiy aloqani ushlashga intildim. Zotan, bu eng to‘g‘ri yo‘l ham. Chunki har qanday jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalar ishlashi kerak. Shu bois men “Azon.uz” saytida e’lon qilingan har bir materialni Diniy qo‘mita tekshiruvidan o‘tkazganman yoki e’tiroz bildirishsa, uni saytdan olib tashlatganman. Ammo bir narsani tushuninglar: “Azon.uz” yangiliklar sayti edi va unda kuniga 15–20 ta, ba’zan undan ham ko‘proq xabar va tahliliy maqolalar e’lon qilingan. Diniy qo‘mitada esa bu xabarlarning barchasini tezkorlik bilan tekshirib berish imkoniyati yo‘q. Tasavvur qiling, ularning har bir xabarni tekshirishi kunlab, kattaroq material bo‘lsa oylab vaqt oladi. Qo‘mitada esa atigi 20 nafar xodim bor. O‘zbekistonda qancha diniy adabiyot va materiallar chiqadi, ularning har birini tekshirishga 20 kishining jismonan imkoniyati yetmaydi», – dedi Tursunov.Unga ko‘ra, o‘z vaqtida «AzonUz» sayti xabarlarini tekshiruvdan o‘tkazish uchun Diniy qo‘mitadan alohida xodim ajratilgan paytlar ham bo‘lgan, lekin u ham ulgurmay qolavergan.
«Xodim ulgurmagandan keyin xabarlar chiqmay qolaverdi. Tabiiy, saytimiz tezligi va saviyasi tusha berdi. Xabarlarni ularga ko‘rsatmay e’lon qilganimizda esa sayt xodimlari javobgarlikka tortildi. O‘zim ham javobgarlikka tortildim. Shundan keyin tushundimki, O‘zbekistonda diniy yo‘nalishda sayt yuritish deyarli imkonsiz. Shu bois 2023 yilda ishimni Turkiyaga ko‘chirishga majbur bo‘ldim. Turkiyada esa diniy materiallarni chiqarishdan avval qandaydir idoradan tekshirtirish majburiyati yo‘q. Siz e’lon qilgan material qachonki qonunga zid bo‘lsa yoki salbiy oqibat keltirib chiqarsa, shundagina javobgar bo‘lishingiz mumkin. «Azon Global» saytida e’lon qilingan materiallarimiz esa biz jisman Turkiyada bo‘lganimiz uchungina O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tekshiruvidan o‘tkazilmagan. Bunga hojat yo‘q deb o‘ylaganman. Keyin buning iloji ham yo‘q edi: qanday qilib shuncha materialni O‘zbekistonga olib kelib, tekshirtirib, yana qaytarib yurish mumkin? Bundan tashqari, men o‘zim Diniy idorada ishlagan va ko‘p yillar diniy muassasalarda dars bergan insonman. Shuncha yillik faoliyatim davomida atigi 3–4 ta maqolam bo‘yicha savol qo‘yilgan, qolganida esa savol bo‘lmagan. Takrorlayman, bu – mamlakat qonunlariga bepisandlik emas, shunchaki jismonan imkoniyat bo‘lmagan. Menga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha faqat bir modda – 244-3 ni qisman tan olaman va bunga izohim shunday», – dedi Alisher Tursunov.Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan: 244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish; 244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish; 156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish. Bugun, 18 sentyabr kuni ish doirasida to‘rtinchi sud majlisi o‘tkazilishi va unda muzokaralarga kirishilishi kutilmoqda. Vaqt.uz’ning avvalgi sud majlisidan tayyorlagan reportajini quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin. https://www.youtube.com/watch?v=EIp9ctZL9xc





