Logo

Kripto o‘zi nima va u qanday yaraldi?

Bugun 20:409 daqiqa

Kripto oshdi, kripto quladi, noqonuniy kripto sxema fosh bo‘ldi. Oxirgi paytlarda bu kabi jumlalar quloqqa tez-tez chalinadigan bo‘ldi, to‘g‘rimi? Ho‘sh, bu kripto degani o‘zi nima? Qachon va nima sababdan paydo bo‘lgan? Bugun rostan ham unga qiziqish ortib boryaptimi? Ushbu maqolada shu haqda so‘z boradi.

Kriptovalyuta nima?

Kriptovalyuta bu sizning qo‘lingizdagi qog‘oz pul emas. Uni na ushlab ko‘ra olasiz, na cho‘ntagingizga sola olasiz. Biroq u bilan dunyoning istalgan nuqtasiga bir necha soniyalar ichida pul yuborishingiz, to‘lov qilishingiz yoki bo‘lmasa sarmoya kiritishingiz mumkin. Mana shu – kriptovalyuta deyiladi. Sodda qilib aytsak, kriptovalyuta – bu internetda mavjud bo‘lgan raqamli pul. Uni hech bir davlat yoki markaziy bank chiqarmaydi va boshqarmaydi. Barcha tranzaksiyalar maxsus blokcheyn deb ataladigan tizimda qayd etiladi. Bu tizim orqali ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki soxtalashtirish juda qiyin.

Kripto otasi kim?

O‘tgan asrning 80-yillari. Siz u biz bilgan hozirgi Bitcoin, Ethereum yoki boshqa kriptovalyutalar hali mavjud emasdi. Hatto internet ham endigina ommalashayotgan davr edi. Ammo aynan o‘sha paytda bir olim kelajakdagi raqamli pullar qanday ishlashini tasavvur qilib ulgurgan edi.

AQSHdagi Berkli universiteti professori Devid Chaum bugungi kripto olamining ilk poydevorini qo‘ygan insonlardan biri hisoblanadi. U internet orqali odamlar o‘z shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmasdan qanday to‘lov qilishi mumkinligi ustida bosh qotirgan.Chaum hatto bugungi blokcheyn texnologiyasiga o‘xshash tizim konsepsiyasini ham ishlab chiqqan.Uning maqsadi oddiy edi: foydalanuvchilar internetda anonim va xavfsiz tarzda pul o‘tkaza olishi kerak.

Bu g‘oyani hayotga tatbiq etish uchun u  «DigiCash» nomli kompaniyani tashkil qiladi. Kompaniya banklar bilan hamkorlik qilib, ularga anonim elektron to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot taklif qiladi. Tizimdagi raqamli pullar eCash , elektron tangalar esa CyberBucks deb atalgan.

Afsuski, bu loyiha o‘z davridan ancha ilgarilab ketgandi. Texnologiyalar va bozor hali bunga tayyor emasdi. Oqibatda DigiCash bir necha yil o‘tib bankrot bo‘ldi. Ammo Devid Chaumning g‘oyalari yo‘qolmadi. Oradan yillar o‘tib, aynan shu konsepsiyalar Bitcoin va butun kriptovalyuta sanoatining paydo bo‘lishiga ilhom manbalaridan biriga aylandi.

1992-yilga kelib kriptovalyuta tarixida yangi inqilob boshlandi. O‘sha yili shifropanklar (cypherpunk)  deb nom olgan norasmiy onlayn harakat shakllanadi. Bu harakat Devid Chaumning g‘oyalarini davom ettirdi va ularni amalda isbotlashga harakat qildi.

 Shifropanklar kim o‘zi? Ular — dasturchilar, muhandislar va kriptograf olimlardan tashkil topgan guruh hisoblanadi. Inson erkinligini eng oliy qadriyat deb bilgan shifropanklar davlatning internet ustidan nazoratiga  shubha bilan qarardi. Ularning fikricha, odamlarning shaxsiy hayoti kriptografiya, raqamli imzolar, anonim elektron pochta va elektor pullar orqali himoyalanishi kerak edi.

1998-yilda, atigi 22 yoshli shifropank Vey Dey bugungi bitkoinga juda o‘xshash bo‘lgan b-money nomli markazlashmagan elektron  valuta konsepsiyasini taqdim etdi. Bu g‘oya markaziy bank yoki hukumatga bog‘liq bo‘lmagan raqamli pul yaratish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

O‘sha yilnin o‘zida yana bir shifroprank Nik Sabo Bit Gold  loyihasini taqdim etdi. U nafaqat bitkoinga o‘xshash tizimni tasvirlab berdi, balki keyinchalik butun blokcheyn sanoatini o‘zgartirgan aqlli shartnomalar g‘oyasini ham ishlab chiqdi. Oradan 17 yil o‘tib 2015-yilda aynan shu konsepsiya Ethereum platformasining eng muhim afzalligiga aylandi. Shunday qilib, 1990-yillarning oxiriga kelib shifropanklar deyarli barcha nazariy asoslarni yaratib bo‘lgandi. Ammo dunyo haqiqiy ishlaydigan kriptovalyutani ko‘rishi uchun yana 10 yil kutishiga to‘g‘ri kelardi. Ana shundan keyin kripto maydoniga sirli shaxsSatoshi Nakamoto kirib keladi.

2008-yilning kuzida kriptovalyuta tarixini butunlay o‘zgartirgan voqea sodir bo‘ldi. b-money konsepsiyasi muallifi Vey Dey kutilmaganda noma’lum dasturchidan elketron xat oladi. Xat muallifi o‘zini Satoshi Nakamato deb tanishtiradi. U o‘z xatida Vey Deyning g‘oyasini amalda ishlaydigan tizimga aylantirgani, faqat ayrim texnik o‘zgartirishlar kiritganini yozgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, u shifropranklar hamjamiyatiga o‘zining markazlashmagan elektron pul tizimi haqidagi hujjatni taqdim etdi va bir necha oy davomida ularning barcha savollariga batafsil javob berdi.

Nihoyat, 2009-yil 3-yanvar kuni tarixiy voqea sodir bo‘ladi.O‘sha sirli shaxs Satoshi Nakamato bitkoin tarmog‘ini ishga tushirdi va birinchi – Genesis Block, ya’ni boshlang‘ich blokni yaratadi.Shu blok orqali ilk 50 BTC «qazib olindi» va zamonaviy kriptovalyuta davri boshlandi. Biroq, Satoshining maqsadi shunchaki yangi raqamli pul yaratish bo‘lmagandi.U bitkoinni hukumatlar, markaziy banklar va moliyaviy institutlardan mustaqil bo‘lgan xalq valutasi sifatida tasavvur qilgan. Ayniqsa 2008-yilgi global moliyaviy inqiroz dunyodagi an’anaviy moliya tizimiga bo‘lgan ishonchni keskin pasaytirgan bir paytda, bitkoin mutlaqo yangi yechim sifatida maydonga chiqib keladi.

Bitcoin qanday ommalashdi?

Albatta, eng boshidan beri Satoshi ham odamlar yangi raqamli pulga ishonish-ishonmasligini bilmasdi. Boisi undan oldingi loyihalar, jumladan yuqorida tilga olingan DigiCash  muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.

Shunga qaramay Satoshi shashtini sustirmay, bir narsaga umid qilardi. Odamlar «balki kelajakda kerak bo‘lib qolar», degan fikr bilan oz miqdorda bo‘lsa ham bitkoin sotib olishadi. Agar shunday bo‘lsa, tobora ko‘proq odamlar bu tizimga qo‘shiladi va bitkoin ham o‘z o‘zidan qiymatli aktivga aylanadi. Oxir-oqibat Satoshining fikri amalda o‘s tasdig‘ini topdi. Dastlab bitkoin haqida faqatgina texnologiya ishqibozlarigina bilardi. Vaqt o‘tishi bilan unga OAV ham e’tibor qarata boshladi. Masalan, 2011-yil may oyida «Forbes» jurnali bitkoin haqida maqola e’lon qiladi.Bu esa kriptovalyuta tarixidagi muxim burilishlardan biri bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Nashr e’lon qilgan maqoladan so‘ng, investorlarning qiziqishi keskin oshdi.O‘sha vaqtda dunyodagi eng yirik kriptobirja hisoblangan Mt.Gox’da bitkoin narxi atigi bir hafta ichida 30 sentdan 30 dollargacha, ya’ni qariyb 100 baravar oshdi.Shu tariqa bitkoin endi shunchaki dasturchilar tajribasi emas, balki butun dunyo e’tiborini tortayotgan yangi moliyaviy hodisaga aylandi.

Loyiha tobora ommalishb mashhur bo‘layotganda uning egasi sahnadan g‘oyib bo‘ladi.2011-yilda Satoshi Nakamoto loyihadagi faol ishtirokni to‘xtatdi va izsiz yo‘qoldi.U o‘zidan keyin ishlayotgan bitkoin tarmog‘i va o‘sha davrda juda katta hisoblangan miqdordagi – tahminan 1 million BTC ni qoldirdi. Eng qizig‘i, bu bitkoinlarning katta qismi hanuzgacha harakatsiz.Satoshi aslida kimligi esa hanuzgacha javobsiz qolmoqda.

Altkoinlar, milliard dollarlik bozor va «hodler»lar

Bitkoin ancha ommalashganidan keyin uning atrofida bir savol paydo bo‘ldi: agar markazlashmagan raqamli pul yaratish mumkin bo‘lsa, nega faqat bitta kriptovalyuta bo‘lishi kerak?

Satoshi bitkoinni go‘yoki asosiy kriptovalyuta sifatida ko‘rardi.U o‘ylardiki, bu tizim kelajakda yanada samarali elektron pullarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochishi mumkin. Shunday bo‘ldi ham. 2011-yildan boshlab bozorda bitkoinga muqobil bo‘lgan yangi kriptovalyutalar paydo bo‘la boshladi. Ular keyinchalik altkoinlar, ya’ni alternativ kriptovalyutalar deb ataldi. Ular orasida Litecoin, Peercoin, Novacoin va XRP kabi loyihalar bo‘lgan. Yangi kriptovalyutalar bitkoindan turli jihatlari bilan farq qilishga harakat qildi. Ayrimlari boshqa kriptografiya algoritmlardan, boshqalari esa tarmoqda kelishuvga erishishning muqobil usullaridan foydalandi. Shu tariqa kriptovalyuta bozori asta -sekin bitta bitkoindan iborat tizimdan yuzlab, keyinchalik minglab loyihalar mavjud bo‘lgan ulkan ekotizimga aylana boshladi.

Ammo bitkoinning tarixi faqat texnologiya va pul bilan bog‘liq emas. U juda tez davlat nazoratidan maksimal darajada mustaqil bo‘lishni istagan odamlarning ham e’tiborini tortdi. 2011-yilda texaslik  yosh libertarian Ross Ulbrixt internetda «Silk Road» nomli marketpleysni ishga tushirdi.U oddiy internet do‘kon emas, aksincha darknet orqali ishlaydigan va bitkoin asosiy to‘lov vositalaridan biri bo‘lgan onlayn do‘kon hisoblanardi. Platformada qonuniy mahsulotlar bilan bir qatorda noqonuniy tovarlar, jumladan giyohvand moddalar va qurollar ham pullangan. Ulbrixtning  asosiy g‘oyasi davlat nazoratidan xoli bo‘lgan mustaqil  bozor yaratish edi. «Silk Road» tobora rivojlanib bordi va 2 yil ichida platforma orqali amalga oshirilgan savdolar hajmi 1,3  mlrd dollarga yetgan. Biroq «buzoqning yugurgani somonxonagacha» deganlaridek, Ulbrixtning bu tajribasi olovdek so‘ndi.

2013-yilda AQSH huquq-tartibot idoralari Ross Ulbrixtni San-Fransiskodagi jamoat kutubxonasining fantastika bo‘limida qo‘lga oldi. Ko‘p o‘tmay «Silk Road»ga ham nuqta qo‘yildi. Ulbrixt esa umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.Bir tomondan — hukumat va banklardan mustaqil bo‘lishni va moliyaviy erkinlikni va’da qilgan yangi texnologiya. Ikkinchi tomondan esa — aynan shu anonimlik va markazlashmagan tizim noqonuniy faoliyat uchun ham ishlatilishi mumkin edi.

Bu voqealar fonida kripto olamida yana bir yangi tushuncha paydo bo‘ldi.U ham bo‘lsa «HODL».

Bitkoin narxi keskin qulagan paytda ayrim investorlar uni sotish o‘rniga shunchaki ushlab turishni tanlaydi. Internetdagi bir forumdagi mashhur yozuv — «HODL» — keyinchalik butun kripto hamjamiyatining ramziga aylandi. Ya’ni fikr oddiy edi: narx tushsa ham sotma, ushlab tur — balki ertaga bitkoin yanada qimmatlar.O‘sha paytda hech kim bu g‘oya kelajakda butun bir investitsiya madaniyatiga aylanishini tasavvur ham qilmagandi.

2014–2015-yillar: ilk kripto muzlashi, Tether va  Ethereum davri

2013-yilda rekord darajaga chiqqan bitkoin narxi bir yil o‘tmay keskin qulab, 300 dollarga tushdi. Bu uning eng yuqori narxidan qariyb 75 foizga arzonladi degani.

Bunga bir nechta omillar sabab bo‘ldi. Xususan, Xitoy hukumati kriptovalyutalarga nisbatan cheklovlar joriy qila boshladi. Eng qaqshatqich zarba  esa o‘sha vaqtlardagi dunyoning eng yirik kriptobirjasi Mt.Gox’ning xakerlar hujumiga uchrashi bo‘ldi. Oqibatda, 850 mingta bitkoin o‘g‘irlandi. O‘sha davrdagi hisob kitoblarga ko‘ra, bu 450 million dollarga teng. Bozordagi vahima tobora ortib bordi va bitkoni bo‘lsa qariyb 87 foizgacha pasaydi.

Bu inqiroz fonida yana bir muxim loyiha start oldi. 2014-yili Tether ishga tushirildi. Bu tarixdagi ilk ommalashgan steyblkoin bo‘lib, uning qiymati 1 dollarga teng qilib belgilandi. Shu bois odamlar kriptovalyutaning qulayligidan foydalanar, lekin bitkoin kabi keskin narx tebranishlaridan xavotir olmasdi. Oradan bir yil o‘tib esa yana bir tarixiy voqea yuz berdi.

2015-yilda atigi 19 yoshli Vitalik Buterin Ethereum blokcheynini ishga tushirdi. Agar bitkoin asosan raqamli pul bo‘lsa, Ethereum blokcheyni dasturchilarga o‘z ilovalarini yaratish imkonini berdi. Natijada aqlli shartnomalar, markazlashmagan ilovalar (dApps), DeFi, NFT va DAO kabi bugungi kripto olamining eng muhim yo‘nalishlari aynan Ethereum tufayli paydo bo‘ldi.

Shu tariqa Ethereum kriptovalyutani oddiy to‘lov vositasidan butun boshli raqamli iqtisodiyot platformasiga aylantirish yo‘lini ochib berdi.

Kriptovalyuta O‘zbekistonga qachon kirib keldi?

Dunyoda ko‘plab investorlardan tortib oddiy odamlargacha bitkoinga qiziqish bildirayotgan bir maxalda O‘zbekiston ham bu jarayondan chetdan qolmadi. Garchi mamlakatda kriptovalyutaga qiziqish 2017-yilning oxirlarida, bitkoin narxi ilk bor 20 ming dollarga yaqinlashgan paytda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, bu sohani tartirbga soladigan qonunchilik yo‘q edi. Ko‘pchilik Telegram guruhlari, forumlar va xorijiy kriptobirjalar orqali taniy boshladi.

2018-yilga kelib vaziyat o‘zgardi. O‘sha yilninng 3-iyulida prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori qabul qilinib, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va kripto-aktivlar sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratildi.Hujatda birinchi marta «mayning», «kripto-birja», «kripto-depozitariy» va boshqa kripto xizmatlari rasman belgilandi. Aynan shu qaror O‘zbekistonda kriptovalyutani huquqiy jihatdan tan olish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Oradan 2 oy o‘tib, 2-sentabrda kriptobirjalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yana bir prezident qarori qabul qilinadi. Shu tariqa O‘zbekiston Markaziy Osiyoda kriptoni davlat darajasida tartibga solishga kirishgan ilk mamlakatlardan biriga aylandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yuz minglab foydalanuvchilar litsenziyalangan kripto platformalari orqali kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirmoqda. Kripto-aktivlar sohasidan olinadigan ayrim daromadlar 2029-yilga qadar soliqdan ozod qilingan. Sohani tartibga solish va davlat nazorati esa Milliy istiqbolli loyihalar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston kripto-bozori holati qanday?

Bu bo‘yicha Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kichik hisobotni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, kripto-akvtivlar aylanmasi sohasida 21 ta litsenziyalangan provayder faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, provayderlar tomonidan ro‘yxatga olingan mijozlar soni esa 702 ming 532 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi. Shundan 697 ming 873 nafari O‘zbekiston rezidentlari, 4659 nafari esa norizidentlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, kripto-birjalar soni 3 tadan 2 taga tushgan. «Uznex» kripto birjasidagi faoliyatini tugatgan. Hisobotda mayning bilan shug‘ullanayotgan rasmiy firmalar soni hozircha 1 ta ekani qayd etilgan. «Besqala mining valley»  orqali turli imtiyozlar berib borilmoqda.

Teglar

Ozodbek Abdumo‘minov

Ozodbek Abdumo‘minovMaqolalar soni: 12

Barchasi

Mavzuga oid