Logo

Majburiy markirovkalash tizimi o‘simlik yog‘iga ham tatbiq etilishi mumkin

Kecha 08:302 daqiqa

O‘zbekistonda hozirda spirtli va yaxna ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika hamda tamaki markirovka qilinadi.

Majburiy markirovkalash tizimi o‘simlik yog‘iga ham tatbiq etilishi mumkin © CRPT TURON

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini majburiy raqamli markirovkalashni 2027-yil 1-iyuldan joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasida so‘z boradi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, takliflar 24-oktabrga qadar qabul qilinadi.

Loyihani Soliq qo‘mitasi tayyorlagan. Unda yangi talab noqonuniy import, ishlab chiqarish va savdo holatlarining oldini olish, shuningdek, mahsulot harakatini raqamli kuzatish zarurati bilan izohlangan.

Markirovka mahsulotning tashqi yoki ichki iste’mol qadog‘iga tushiriladigan shtrix-kodli stiker orqali amalga oshiriladi. Ishlab chiqaruvchilar, importchilar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari «Asl belgisi» milliy axborot tizimiga ulanishi shart bo‘ladi. Tizim operatori — «CRPT Turon» kompaniyasi.

Savdo ishtirokchilariga talablar

Qaror loyihasiga ko‘ra, tizim mahsulotning muomalaga kiritilishi, savdo jarayonidagi harakati va muomaladan chiqarilishini kuzatish imkonini berishi kerak.

Majburiy markirovkalanishi lozim bo‘lgan o‘simlik yog‘ini kodsiz sotish savdo qoidalarini buzish deb baholanadi. Bunday holatlar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik qo‘llanishi mumkin.

Loyiha ma’qullansa, «CRPT Turon» Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar tizimda ro‘yxatdan o‘tgan va shartnoma tuzgan ishlab chiqaruvchilar hamda importchilarga masofadan boshqariladigan buyurtma stansiyalarini yetkazib berishi kerak.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan markirovka kodlarini agregatsiya qilishni boshlash taklif etilmoqda. Bu alohida tovarlar yoki quti kodlarini yagona transport qadog‘i kodiga birlashtirishni anglatadi. Talablarga rioya etilishini soliq organlari nazorat qilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda raqamli markirovkalash tizimi 2020-yildan tamaki va spirtli ichimliklar uchun joriy etila boshlangan. Keyinchalik u dori-darmon, maishiy texnika va yaxna ichimliklarga ham tatbiq etildi.

Teglar

Mavzuga oid