Logo

Muammoli kreditlar 24 trln so‘mdan oshdi: qaysi banklarda vaziyat og‘irroq?

Kecha 23:193 daqiqa

Eng katta muammoli kredit portfeli Agrobank va O‘zmilliybankda qayd etilgan. Muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi bo‘yicha esa TBC bank, Poytaxt bank va Madad Invest bank yuqori o‘rinlarda turibdi.

Muammoli kreditlar 24 trln so‘mdan oshdi: qaysi banklarda vaziyat og‘irroq? © Vaqt.uz

O‘zbekiston tijorat banklarining jami kredit portfeli 648,95 trln so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 24,02 trln so‘mi muammoli kreditlar (NPL) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu jami kreditlarning 3,7 foiziga teng.

Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘ra, 1-sentabr holatiga davlat ulushi mavjud banklarning kredit portfeli 421,46 trln so‘m, muammoli kreditlari esa 16,55 trln so‘mni tashkil etgan. Ushbu guruhda NPL ulushi 3,93 foizga teng.

Boshqa banklarning jami kreditlari 227,48 trln so‘m, muammoli kreditlari esa 7,48 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu guruhda muammoli kreditlar ulushi 3,29 foizni tashkil etadi.

Shunday qilib, davlat ulushi mavjud banklar jami kredit portfelining qariyb 65 foizini egallagan bo‘lsa-da, barcha muammoli kreditlarning qariyb 69 foizi ham aynan shu banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Eng ko‘p muammoli kredit qaysi banklarda?

Muammoli kreditlarning mutlaq hajmi bo‘yicha Agrobank birinchi o‘rinda turibdi. Bankning NPL hajmi 3,21 trln so‘mni tashkil etadi. O‘zmilliybankda bu ko‘rsatkich 3,17 trln so‘mga teng.

Keyingi o‘rinlarda Mikrokreditbank — 2,14 trln so‘m, O‘zsanoatqurilishbank — 1,80 trln so‘m, Asakabank — 1,71 trln so‘m va Xalq banki — 1,56 trln so‘m bilan qayd etilgan.

Biznesni rivojlantirish bankda muammoli kreditlar 1,53 trln so‘mga yetgan. Kapital bankda bu ko‘rsatkich 1,15 trln so‘m, Ipoteka-bank va Anorbankda esa qariyb 1,11 trln so‘mdan iborat.

Ushbu ko‘rsatkichlar muammoli kreditlarning puldagi hajmini aks ettiradi. Biroq banklarning kredit portfellari turlicha bo‘lgani sababli ularni faqat shu raqamlar asosida taqqoslash yetarli emas.

Muammoli kreditlar ulushi eng yuqori banklar

Kredit portfelidagi muammoli qarzlar ulushi bo‘yicha vaziyat boshqacha ko‘rinishga ega.

Jadvaldagi 35 ta bank orasida eng yuqori ko‘rsatkich TBC bankda qayd etilgan. Uning 7,72 trln so‘mlik kredit portfelining 1,03 trln so‘mi muammoli kreditlardan iborat. Bu jami kreditlarning 13,37 foiziga teng.

Poytaxt bankda muammoli kreditlar ulushi 13,18 foizni tashkil etadi. Bankning jami kreditlari 708,78 mlrd so‘m, muammoli kreditlari esa 93,40 mlrd so‘mga teng.

Madad Invest bankda NPL ulushi 10,04 foiz bo‘lib, muammoli kreditlar hajmi 58,54 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Mikrokreditbankda muammoli kreditlar ulushi 9,2 foiz, Anorbankda 8,76 foiz, Garant bankda 7,73 foiz va AVO bankda 6,84 foizni tashkil qilgan.

Biznesni rivojlantirish bankda bu ko‘rsatkich 5,85 foiz, Tenge bankda 4,89 foiz, Ziraat Bank Uzbekistan’da 4,79 foiz, Asakabankda 4,37 foiz va Xalq bankida 4,15 foizga teng.

Qaysi banklarda muammoli kreditlar ulushi eng past?

KDB Bank O‘zbekiston va Octobankning muammoli kreditlari nolga teng.

Apex bankda muammoli kreditlar 1,81 mlrd so‘mni yoki jami kreditlarning 0,05 foizini tashkil etadi. Uzum bankda bu ko‘rsatkich 53,7 mln so‘m va kredit portfelining qariyb 0,015 foiziga teng.

Openbankda muammoli kreditlar 3,31 mlrd so‘mni, Tayanch mikromoliya bankida esa 843,7 mln so‘mni tashkil etgan. Ularning kredit portfelidagi ulushi mos ravishda 0,46 va 0,56 foizga teng.

Vaqt.uz avvalroq muammoli kreditlar ko‘rsatkichi so‘nggi 7 yilda qanday o‘zgarganini tahlil qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid