Logo

Tramp Nobel tinchlik mukofotini olmagani uchun yana norozilik bildirdi

Kecha 18:552 daqiqa

AQSH prezidenti sakkizta xalqaro mojaroni hal qilganini aytib, 2026 yilgi Nobel tinchlik mukofoti Navi Pilleyga berilganini tanqid qildi. Uning fikricha, o‘zi bitta emas, sakkizta Nobel mukofotiga loyiq.

Tramp Nobel tinchlik mukofotini olmagani uchun yana norozilik bildirdi © wikipedia

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp xalqaro mojarolarni hal qilish va garovga olinganlarni ozod etishdagi xizmatlarini yana bir bor eslab, Nobel tinchlik mukofotini olmaganidan noroziligini bildirdi. U bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

Tramp 2026 yilgi mukofot sohibasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari Navi Pilleyni tanqid qilib, uning qanday xizmatlari uchun taqdirlanganini tushunmasligini aytdi. AQSH prezidenti o‘zining sakkizta urushni hal qilgani haqidagi da’vosini takrorlab, bu natijalar Nobel mukofotiga loyiq ekanini ta’kidladi.

Tramp, shuningdek, Eron hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolarni ham hal qilish yoki ularda g‘alaba qozonish arafasida ekanini bildirdi. Uning fikricha, avval hal qilingan nizolarning o‘ziyoq mukofot olish uchun yetarli bo‘lgan.

«Aslida men shunchaki bitta emas, tinchlik bo‘yicha sakkizta Nobel mukofotini olishim kerak edi», — deb yozdi AQSH prezidenti.

U Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaganini, Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olishda ishtirok etganini hamda turli mamlakatlarda yuzlab garovga olinganlarni ozod etishda muhim rol o‘ynaganini ham da’vo qildi.

2026 yilgi Nobel tinchlik mukofoti Navi Pilleyga inson huquqlari va xalqaro huquqni himoya qilishga qo‘shgan hissasi uchun berilgan. Tramp esa qo‘mita qarorini tanqid qilib, uni Norvegiya obro‘siga tushgan «ketmas dog‘» deb atadi.

AQSH prezidenti tinchlik o‘rnatishda o‘z hissasi borligini aytgan sakkizta mojaro qatorida Kambodja va Tailand, Serbiya va Kosovo, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruanda, Isroil va Eron, Pokiston va Hindiston, Misr va Efiopiya, Armaniston va Ozarbayjon, shuningdek, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi nizolarni sanab o‘tdi.

Avvalroq, 2026 yil yanvar oyida Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado o‘ziga 2025 yilda berilgan Nobel tinchlik mukofotini Trampga topshirgan edi. Biroq Nobel qo‘mitasi mukofotni boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin emasligini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid