Logo

Piskent hokimining fermerlarga bosim o‘tkazgani aytilgan audio tarqaldi. Rasmiy idoralar qanday munosabat bildirdi?

Kecha 15:203 daqiqa

Muzaffar Aripov fermerlarga haqoratli so‘zlar bilan murojaat qilib, yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani aytilmoqda. Tuman hokimligi muomala shaklini oqlamasligini bildirdi, Biznes ombudsman esa holatni nazoratga oldi.

Piskent hokimining fermerlarga bosim o‘tkazgani aytilgan audio tarqaldi. Rasmiy idoralar qanday munosabat bildirdi? © Piskent tumani hokimligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning fermerlar bilan yig‘ilishdagi muloqoti aks etgan audioyozuv tarqaldi. Unda hokim fermerlarga bosim o‘tkazgani, haqoratli iboaralar ishlatgani va yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani eshitiladi. Holat yuzasidan tuman hokimligi, O‘zbekiston fermerlari kengashi va Biznes ombudsman munosabat bildirdi.

Audioyozuv 18-iyul kuni g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin sifatida kartoshka ekish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yozib olingan.

«Ertaga yeringizni olib qo‘ysam, keyin ko‘raman. Men fermerlarga tushunmayman-da, bitta aytgan topshiriqni qilib qo‘ying. Oxiri majbur qiladi meni yerini olishimga. Keyin eshigimning tagida yotadi itga o‘xshab. Yalinadi», — deyiladi audioyozuvda.

Shuningdek, unda Muzaffar Aripov fermerlarga yeri bilan birga jonini ham sug‘urib olishi mumkinligini aytib tahdid qilgani eshitiladi. Yig‘ilishda ayollar ham qatnashgani va tadbir oldidan fermerlarning telefonlari yig‘ib olingani haqida ham xabarlar tarqalgan.

Fermerlardan birining aytishicha, hokim muayyan firmadan kartoshka sotib olmagan fermerlarni prokuratura orqali qo‘rqitib, ularning yerlarini olib qo‘yishga urinmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu holat bug‘doy ekish ishlariga ham to‘sqinlik qilmoqda.

Muzaffar Aripov 2024-yil aprelida Piskent tumani hokimi etib tayinlangan. Bungacha u Toshkent viloyati hokimligida tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari lavozimida ishlagan.

Hokimlik: muomala shakli o‘z-o‘zidan oqlanmaydi

Piskent tumani hokimligi holat yuzasidan rasmiy izoh berib, vaziyatga baho berishda yig‘ilishdagi muloqot tafsilotlari bilan bir qatorda, muhokamaga sabab bo‘lgan masala va uning aholi manfaatlariga ta’sirini ham hisobga olish kerakligini bildirdi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, ichki bozorda kartoshka narxini barqaror saqlash va qish mavsumi uchun zaxira yaratish maqsadida tumanda g‘alladan bo‘shagan qariyb 1 000 gektar yerga takroriy ekin sifatida kechki kartoshka ekish rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan 2026-yil 2-iyul kuni fermerlar uchun amaliy seminar o‘tkazilib, yangi kartoshka navlari tanishtirilgan.

Biroq 18-iyul kuni ayrim fermerlar belgilangan reja asosida kartoshka ekishmagani, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni boshqa shaxslarga sotib yuborgani va bu yerlarda ham ekin ekilmagani yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan.

“Shuni unutmaslik kerakki, yer fermerning xususiy mulki emas. Yer — xalqning bebaho boyligi bo‘lib, undan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi… Chunki ekilmay qolgan har bir gektar yer — bu shunchaki bajarilmagan reja emas, balki mahalliy mahsulot yetishtirish imkoniyatining boy berilishi va aholi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omildir”, — deyiladi hokimlik munosabatida.

“Albatta, belgilangan vazifalarning dolzarbligi yig‘ilish davomidagi har qanday muomala shaklini o‘z-o‘zidan oqlamaydi. Fermerlarning huquqlari ham, aholi manfaatlari ham birdek hurmat qilinishi shart”, — deya qayd etdi tuman hokimligi.

Yig‘ilishdagi muomala hamda telefonlar olib qo‘yilgani haqidagi da’volar esa alohida dalillar asosida xolis o‘rganilishi lozimligi bildirildi.

Fermerlar kengashi prokuraturaga murojaat qildi

O‘zbekiston fermerlari kengashi 9-oktabr kuni prokuratura organiga murojaat qilib, Piskent tumani hokimining xatti-harakatlariga huquqiy baho berishda amaliy yordam so‘raganini ma’lum qildi.

Kengash insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini belgilovchi Konstitutsiyaning 26-moddasi hamda haqorat qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasini eslatdi.

Tashkilot bunday holatlar tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv sifatida baholanishi va mamlakatning xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.

Biznes ombudsman holatni nazoratga oldi

Biznes ombudsman idorasi ham holat nazoratga olinganini va unga huquqiy baho berilishini bildirdi.

Muassasa sha’ni va qadr-qimmati kamsitilgan, haqorat qilingan yoki huquqlari buzilgan tadbirkorlar hamda fermerlarni 1100 ishonch telefoni yoki info@biznesombudsman.uz elektron manzili orqali murojaat qilishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid