
Markaziy bank asosiy stavkasi: bugungi qaror oldidan iqtisodchilar fikri
Markaziy bank bugun, 28-yanvar kuni asosiy stavkani e’lon qiladi. Vaqt.uz bir necha iqtisodchilarning ushbu masala yuzasidan bildirgan fikr va mulohazalarini jamladi.

Markaziy bank bugun, 28-yanvar kuni asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qarorini e’lon qiladi. Oxirgi marta 2025 yil 11-dekabrda inflatsiyaning pasayib borishi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarda saqlanib qolayotgani ehtimoli inobatga olinib, asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgan edi.
Ma’lumot uchun, asosiy stavka oxirgi marta 2025 yil 20-mart kuni 0,5 foiz bandga oshirilgan. Shundan buyon stavkada hech qanday o‘zgarish kuzatilmadi.
Vaqt.uz bir qator iqtisodchilarning ertangi qaror bo‘yicha prognoz va tahlillarini jamladi.
«Bahorgacha stavkani o‘zgartirmaslik maqbul» — Otabek Bakirov
Iqtisodchi Otabek Bakirov asosiy stavka o‘zgarishsiz qolishini kutmoqda. Uning ta’kidlashicha, dekabr oyida inflyatsion kutilmalar hamda sezilgan inflatsiya ko‘rsatkichlari yomonlashgan.
Bakirovga ko‘ra, yanvar oyidagi energiya ta’minoti bilan bog‘liq beqarorlik, energiya tovarlari defitsiti va qimmatchiligi qator tovar va xizmatlar narxining o‘sishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Qator monopoliyalar tariflarining keskin oshishi, inflatsiya hisob-kitobida ataylab inobatga olinmayotgan oligarxik xizmatlar qiymatining karrasiga o‘sishi, raqobatga aks ta’sir ko‘rsatuvchi qaror va harakatlar hali ham to‘xtagani yo‘q», — dedi iqtisodchi Vaqt.uz’ga bergan izohida.
Shuningdek, uning fikricha, asosiy stavkani bahorgacha o‘zgartirmasdan turish hozirgi sharoitda iste’molchilar manfaati nuqtai nazaridan maqbul qaror hisoblanadi.
«Stavkani pasaytirish kutilmalarning yomonlashishiga olib kelishi mumkin» — Mirkomil Xolboyev
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, asosiy stavka inflatsiya va stavka o‘rtasidagi farq kengayayotgan, shu bilan birga global noaniqliklar kuchaygan bir sharoitda ko‘rib chiqilmoqda.

Manba: Mirkomil Xolboyev
Uning ta’kidlashicha, dekabr oyida asosiy stavka bilan umumiy inflatsiya o‘rtasidagi farq 6,7 foizni, bazaviy inflatsiya bilan farq esa 8,3 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2025 yil boshida bu ko‘rsatkich 3,6 foiz darajasida edi.
Bazaviy inflatsiya dekabr oyida 5,7 foizni tashkil etib, Markaziy bankning o‘rta muddatli 5 foizlik maqsadidan biroz yuqori shakllandi. Shu bilan birga, yillikka tenglashtirilgan 6 oylik inflatsiya 6,1 foizni tashkil etgan.
Xolboyevning qayd etishicha, umumiy va bazaviy inflatsiya bilan stavka o‘rtasidagi farqning kengayishi stavkani pasaytirish uchun muayyan asos borligini ko‘rsatadi. Biroq inflyatsion kutilmalar bilan stavka o‘rtasidagi farq dekabr oyida 2,5 foiz bo‘lib, noyabr oyiga nisbatan o‘zgarmagan. Ya’ni inflatsiya pasayayotgan bo‘lsa-da, bu hali aholining inflatsiya kutilmalarida namoyon bo‘lib ulgurmadi. Shuningdek, stavkani pasaytirish kutilmarning yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Iqtisodchi, shuningdek, 2025 yilda iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil etganini eslatib, bu iqtisodiyotning potensial o‘sish darajasidan yuqori ekanini ta’kidlaydi. Uning fikricha, asosiy stavka pasaytirilsa, talab inflatsiyasi yanada kuchayishi mumkin.
Shu bilan birga, global noaniqliklar fonida oltin narxining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda, oltin esa o‘z navbatida asosiy eksport tovarimiz hisoblanadi. Oltin narxining o‘sishi 2025 yil may oyidan buyon kuzatilayotgan real valuta kursining mustahkamlanishi davom etishiga zamin yaratishi mumkin. Real kursning mustahkamlanishi import inflatsiyasini sekinlashtirish evaziga umumiy inflatsiyani pasaytiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, dekabr oyida jahon oziq-ovqat narxlari indeksi 0,6 foizga pasaygan. Oziq-ovqat narxlari indeksining pasayishi ketma-ket to‘rt oydan buyon davom etmoqda. Bu omil ham inflyatsion bosimlarning kamayishiga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, umumiy inflatsiyada energiya narxlarining yuqori bazasi mavjud. Masalan, energiya narxlarisiz hisoblangan umumiy inflatsiya dekabr oyida 6,1 foizni tashkil etgan. May oyidan boshlab ushbu bazaviy ta’sirning chiqib ketishi, energiya narxlari oshirilmagan yoki past sur’atlarda oshirilgan taqdirda, umumiy inflatsiyaning sezilarli darajada sekinlashishiga olib kelishi mumkin.
Umuman olganda, Mirkomil Xolboyevning fikricha, mavjud shart-sharoitlarning saqlanib qolishi joriy yilda asosiy stavkaning pasaytirilishi uchun zamin yaratishi mumkin. Biroq pasayishning qachon boshlanishi, necha marta va qancha foiz bandga pasaytirilishi haqida hozircha aniq xulosa qilish qiyin.
«Yig‘ilishda esa ham stavkani hozirgi darajada saqlab qolish, ham uni pasaytirish uchun yetarlicha asoslar mavjud. Menimcha, iqtisodiy sharoitlarning davomiyligi va yo‘nalishi bo‘yicha yanada aniqroq ma’lumot va ishonch paydo bo‘lguncha asosiy stavkani hozirgi darajada saqlab turish maqsadga muvofiq. Agar Markaziy bank ertaga stavkani 0,5 yoki 1 foiz bandga pasaytirsa ham, bu noto‘g‘ri qaror bo‘lmaydi», — deb yozmoqda iqtisodchi Xolboyev o‘z blogida.
«Inflatsiya pasaymasa asosiy stavkani tushirib bo‘lmaydi» — To‘lqin Boboqulov
Iqtisod fanlari doktori To‘lqin Boboqulovning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, inflatsiya darajasi pasaymas ekan, asosiy stavkani tushirish mumkin emas.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda inflyatsion bosim yuqori bo‘lib qolmoqda va shu sababli Markaziy bank stavkani pasaytirmasligi ehtimoli katta.
«Menimcha, asosiy stavka pasaytirilsa yaxshi bo‘lardi. Kreditlar hech bo‘lmasa biroz arzonlashadi», — deydi iqtisodchi.
Inflatsiya pasaysa, stavka ham tushadimi?
Avvalroq Mirkomil Xolboyev inflatsiyaning pasayish trendidan kelib chiqib, agar so‘nggi oylardagi tendensiya saqlanib qolsa, 2026 yilda Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirish fazasiga o‘tishi mumkinligini yozgan edi.
«Buning uchun maqbul shart-sharoitlar saqlab qolishi hamda inflyatsion kutilmalar sekinlashishda davom etishi kerak. Ammo tashqi shart-sharoitlarning keskin o‘zgaruvchanligi hamda protsiklik fiskal siyosat inflatsiya uchun kelasi yilda asosiy xatar bo‘lishi mumkin», – dedi Mirkomil Xolboyev.
Bunga qo‘shimcha sifatida esa iqtisodchi Otabek Bakirov to‘xtamay davom etayotgan imtiyozli va direktiv kreditlash bilan bog‘liq xatarlarni ham inobatga olish kerakligini ma’lum qilgan.
«Regulyatorning baholashlariga ko‘ra, direktiv kreditlar ulushi kredit portfelida 30 foiz atrofida, ehtimolki bu raqamlarga mahalliy hokimiyatlar bosimi bilan ajratilayotgan ma’muriy kreditlar kiritilmagan. Shuningdek, hajmi va mezoni turlicha baholanadigan imtiyozli kreditlarning ulkan ulushi bor (bu faqat oilaviy tadbirkorlik dasturlari emas, davlat ipotekasini ham o‘z ichiga olishi kerak aslida)», — deb yozgan Otabek Bakirov.
Bunday sharoitda asosiy stavkaning tushirilishi foiz stavkalarning erkin shakllanishiga yanada ko‘proq to‘sqinlik qiladi, o‘zi samarasiz ishlayotgan kredit kanali signallarni umuman qabul qilmay qo‘yadi.
«Imtiyozli va direktiv kreditlarni hisobga olmagan holdagi stavkalarning dinamikasi haqida ochiq ma’lumotlar yo‘q. Regulyator taqdim etayotgan ko‘rinishdagi stavkalar dinamikasi real kartinani suvab ko‘rsatadi. Shuningdek, banklar aktivlarida tobora o‘sib borayotgan zararkunanda ulushlar va ayniqsa hukumat topshiriqlari asosida ko‘chmas mulk qurishga investitsiyalari ham vaziyatni to‘g‘ri tasavvur etmaslikka hissa qo‘shmoqda», — dedi Bakirov o‘z blogida.
Iqtisodchining fikricha, ideal holatda olti yil avval qabul qilingan, biroq amalda ijrosiz qolib ketgan фaрмонda belgilangan norma ishga tushirilishi eng maqbul qadam bo‘lar edi. Ya’ni 2021 yil 1-yanvardan boshlab barcha kreditlar tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda berilishi kerak edi.





