
Markaziy bankka kredit penyasi, jarima va foizlarni adolatli tartibga solish bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborildi
O‘zLiDeP deputati Markaziy bankdan kredit penyasi, jarima va foizlarni adolatli tartibga solishni talab qildi.

O‘zbekistonda kredit to‘lovlari kechiktirilgan hollarda ayrim tijorat banklari tomonidan qo‘llanilayotgan yuqori penya, oshirilgan foiz stavkalari va qo‘shimcha jarimalar jamoatchilik hamda tadbirkorlar orasida keng e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu masala yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Diyor Xusanov Markaziy bank raisi Timur Ishmetov nomiga deputatlik so‘rovi yubordi.
Partiya axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim banklar kredit to‘lovi kechiktirilganda adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid ravishda juda yuqori moliyaviy sanksiyalar qo‘llamoqda. Bu esa qarz oluvchilar, ayniqsa kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mazkur amaliyotlar aholi va tadbirkorlar o‘rtasida haqli noroziliklarni kuchaytirmoqda.
Deputatlik so‘rovida Markaziy bankdan bir qator aniq masalalar yuzasidan tushuntirish so‘ralgan. Xususan, kechiktirilgan to‘lovlar uchun qo‘llanilayotgan penya, foiz va jarimalarning moliyaviy yuklamasini kamaytirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani, shuningdek, ushbu sanksiyalarni adolatli va mutanosib qo‘llashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari mavjud yoki yo‘qligiga oydinlik kiritish talab qilingan.
Avvalroq Markaziy bank ayrim tijorat banklariga rasmiy xat yo‘llab, kredit to‘lovlari kechiktirilgan hollarda qo‘llanilayotgan sanksiyalar adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid ekanini bildirgan edi. Regulyator o‘rganishlariga ko‘ra, ayrim holatlarda kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblangan foizlar shartnomada belgilangan yillik stavkadan 1,5–3 barobarga, ayrim vaziyatlarda esa 150–180 foizgacha yetmoqda.
Markaziy bank sanksiyalar kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi shartligini ta’kidlab, qarz oluvchi javobgarligini mustaqil daromad manbaiga aylantiruvchi shartnomaviy mexanizmlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirdi. Shu sababli, kredit shartnomalari bo‘yicha moliyaviy javobgarlikning aniq va oldindan bilinadigan miqdorini belgilashga qaratilgan qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi alohida ta’kidlangan edi.





