
Markaziy Osiyo respublikalariga qarshi «Jekson-Venik» tuzatmasi tez orada bekor qilinadi
Tramp ishtirokidagi sammitda Jekson–Venik to‘sig‘ini bekor qilish masalasi ko‘tarildi. Senator Jim Rish bu qaror “juda yaqin orada” qabul qilinishini bildirdi.
Vashingtondagi S5+1 muzokaralari chog‘ida AQSH prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga qisqacha vaqt ajratgan. Jurnalist Aziza Qurbonova O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdoni cheklovchi Jekson–Venik tuzatmasi qachon bekor qilinishi haqida Donald Trampga savol bergan.

Prezident Donald Tramp javob berish vakolatini muzokarada ishtirok etayotgan senator Jim Rishga yo‘naltirdi. Senator mazkur masala yuzasidan shunday dedi:
«Jekson–Venik tuzatmasini bekor qilish vaqti allaqachon kelgan. Prezidentning yordami va hamkorligida bu qarorni juda yaqin orada bekor qilamiz. Katta rahmat».
Ma’lumot uchun: AQSHning «Savdo to‘g‘risida»gi qonuniga 1974 yilgi Jekson-Venik tuzatmasi ayrim davlatlarning emigratsiyaga qo‘ygan cheklovlari, xususan, SSSRni tark etmoqchi bo‘lgan yahudiylarga nisbatan cheklovlar tufayli AQSH bilan normal savdo qilish huquqidan mahrum etish maqsadida qabul qilingan.
Garchi sovet ittifoqi 1991 yilda parchalanib ketgan bo‘lsa-da, Jekson-Venik tuzatmasi uning ayrim sobiq a’zolari uchun amal qilishda davom etib kelmoqda. 2000–2012 yillarda bu cheklovdan Qirg‘iziston, Gurjiston, Ukraina, Armaniston, Moldova va Rossiya chiqarib tashlangan.
Biroq, Markaziy Osiyoning to‘rt davlatidan cheklov hanuz olib tashlanmagan.
Hozirda Jekson–Venik tuzatmasi savdo aloqalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmayotgan bo‘lsa-da, u texnik to‘siq bo‘lib qolmoqda. Masalan, har yili AQSH Kongressi ushbu mamlakatlarga savdo imtiyozlari berish masalasini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa savdo shartnomalarini tasdiqlashda byurokratik kechikishlarga sabab bo‘ladi.





