
Mashhurlarning chirkin ishlari, xavf ostidagi 15 mln o‘zbekistonlik, Mirziyoyevning Pokistonga rasmiy tashrifi — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta davomida O‘zbekistonda va xorijda ro‘y bergan eng muhim, jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea-hodisalarni Vaqt.uz yana bir bor yodga soladi.
Tugayotgan hafta foijali voqea bilan yodda qoldi: Yashnobod tumanidagi « Aviator » savdo majmuasida sodir bo‘lgan yirik yong‘inda 3 yoshli qizaloq hayotdan ko‘z yumdi. Jamoachilikni larzaga solgan fojiadan keyin savdo markazlaridagi xavfsizlik va nazorat masalalari jamiyatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston va dunyoda so‘nggi 7 kun ichida ro‘y bergan eng ahamiyatli voqea-hodisalarni esga olamiz. Bugungi haftalik dayjestimizda:
• Jinoyati uchun sudlangan sudyalar
• 15 mln kishining xavf ostida qolgan ma’lumotlari
• Jeffri Epshteyn arxivi ochilishi
• Prezidentning Pokistonga rasmiy tashrifi haqida hikoya qilamiz.
«Aviator»dagi dahshatli yong‘in
31-yanvar kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan «Aviator» savdo markazida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Ushbu hodisa oqibatida 3 yoshli qizaloq vafot etdi.
Savdo markazida bolalarni yong‘indan qutqargan insonlar bino favqulodda vaziyatlarga tayyor emasligini bildirishgan. Yong‘in chiqqanda signalizatsiya ham, avtomatik o‘t o‘chirish tizimi ham ishlamagan. Bino bir necha soniyalarda qop-qora tutunga burkangan.
Binoning 800 metr kvadrat maydoni yongan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mash’um qoqeadan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi savdo markazlari hamda umumiy ovqatlanish joylarida respublika miqyosida keng ko‘lamli tekshiruvlar boshlanganini ma’lum qildi. Yong‘in xavfsizligi talablari jiddiy buzilgan taqdirda, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi ta’kidlandi.
Vazirlikka ko‘ra, bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash mas’uliyati obyekt rahbarlariga yuklatilgan. Jumladan, evakuatsiya chiqish yo‘llari doimiy ravishda ochiq va shay holatda bo‘lishi, yong‘in signalizatsiyasi hamda yong‘inga qarshi texnik vositalar soz holda ishlashi zarur. Shuningdek, binolar birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan yetarli darajada ta’minlanishi shart.
Ushbu talablarning buzilishi amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatildi.
15 mln o‘zbekistonlik ma’lumotlari xavf ostida
Millionlab O‘zbekiston fuqarolariga tegishli shaxsiy ma’lumotlar internetda tarqalib ketgani haqidagi xabarlar ham jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlar qanday holatda va qaysi manbalar orqali tarqalgani borasida aniq ma’lumot berilmayotgani esa savollarni yanada ko‘paytirdi.
O‘rganishlarga ko‘ra, hakerlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi serverlarini buzib kirishgan, u yerdan turib boshqa resurslardagi shaxsiy ma’lumotlarga ulanib, ularni qo‘lga kiritishgan. Jumladan, IIV tizimida ishlovchi xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari ham qo‘lga kiritilgani iddao qilingan.
Hozircha mas’ul idoralar bu borada faqat o‘rganish olib borilayotganini aytish bilan cheklanib, ortiq batafsil axborot taqdim etishmagan.
Milliy statistika qo‘mitasi serverlariga ulanib, aholini onlayn ro‘yxatga olish ma’lumotlari qo‘lga kiritilgani haqidagi xabarlarni qo‘mita matbuot kotibi Usmon Abdurasulov tasdiqlamadi.
«Bizning bazada aholining rasmlari saqlanmaydi, so‘rovnomada ham fuqarolardan rasm talab qilinmagan. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ma’lumotlar qo‘mita platformasidan olib chiqilmagan», — dedi u.
Markaziy bank esa tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan kiberhujum sodir etilmaganini ma’lum qildi.
Fuqarolarga soha mutaxassislari tomonidan OneID va My.Gov.Uz tizimida parollarni yangilash tavsiya qilindi. Shuningdek, onlayn kredit olish uchun vaqtinchalik cheklov qo‘yish maslahat berilmoqda.
«Prava» olishda yangi tartib
Hafta ichida haydovchilik guvohnomasini olish tartibiga kiritilgan muhim o‘zgarish ham jamoatchilik e’tiborida bo‘ldi.
2026 yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda «A» va «B» toifalari bo‘yicha haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy darslarda majburiy qatnashish talabi bekor qilindi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, endi talabgorlar yo‘l harakati qoidalarini avtomaktablarda (onlayn yoki oflayn shaklda) o‘rganishi yoki mustaqil ravishda o‘zlashtirishi mumkin. Ushbu yangilik fuqarolarning vaqti va xarajatlarini tejash, shuningdek, ta’lim jarayonini zamonaviylashtirishga qaratilgan.
Biroq, bo‘lajak haydovchilar uchun mashg‘ulotlarning amaliy qismi — avtomobil boshqarishni o‘rganish majburiy bo‘lib qolaverdi va ular faqat avtomaktablarda o‘tilishi shart.
Amaliy mashg‘ulotlar yakunlangandan so‘ng, ma’lumotnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi va talabgorlar belgilangan tartibda nazariy hamda amaliy imtihonlarni topshiradilar. Ushbu tizim haydovchilik ko‘nikmalarining sifatini saqlab qolgan holda, byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Jeffri Epshteynning qilmishlari
Hafta anchadan beri oshkor qilinishi kutib kelingan Jeffri Epshteyn fayllari dunyoni larzaga solgani bilan ham yodda qoldi.
Butun dunyodagi informatsion resurslar va ijtimoiy tarmoqlar 2019 yilda o‘lib ketgan amerikalik moliyachi Jeffri Epshteynning qilmishlari va uning atrofida bo‘lgan siyosiy elitaga oid maqolalar, surishtiruvlar va taxminlarga to‘ldi.
30-yanvar kuni AQSH Adliya vazirligi odam savdosida ayblangan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi, rasmiylarga ko‘ra so‘nggi hujjatlar to‘plamni e’lon qildi. Ushbu hujjatlar barcha savollarga nuqta qo‘yishi kerak edi. Biroq aksincha, bu hujjatlar jamoatchilikni junbishga keltirdi.
Bill Geytsning «rus qizlari» bilan bog‘liq sirlari, Ilon Maskning Jeffri Epshteyn oroliga bo‘lgan intilishlari va shahzoda Endryuning Bukinghem saroyiga taklifi oshkor bo‘ldi. Bu hujjatlar ko‘plab mashhurlar va siyosatchilarning chirkin ishlarini fosh qildi, biroq bu hozircha jamoatchilikning «chanqog‘i»ni bosa olgani yo‘q.
Uch million sahifa. Minglab ismlar. Son-sanoqsiz fotosuratlar. Ammo asosiy savolga hamon javob yo‘q: Jeffri Epshteynning jinoiy imperiyasi ortida aslida kim yoki kimlar turgan?
Jeffri Epshteyn ishi allaqachon oddiy jinoiy tergov doirasidagi holatdan chiqib ketgan. Hujjatlar javoblardan ko‘ra ko‘proq savollar tug‘dirmoqda, tahrirlash ishlari shubhali. Oq uy tergov yakunlanganini ta’kidlasa-da, jamoatchilik uni davom ettirishni talab qilmoqda.
Mirziyoyev Pokistonga bordi
5-fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Islamobodga bordi. Pokiston havo hududida uning samolyotiga Harbiy havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari hamrohlik qildi.
«Nurxon» aeroportida O‘zbekiston Prezidentini Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif va boshqa rasmiylar kutib olishdi.
Shu kuni oliy darajadagi muzokaralar va Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va idoralararo aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida qariyb 3,5 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirildi.
Pokiston poytaxti Islomobodda Toshkent ko‘chasi va Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi yangi bog‘ barpo etiladigan bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev Shahboz Sharifni javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qilgan.
Jinoyatchi sudyalar
O‘zbekiston sud tizimi faoliyati va sudyalar javobgarligi masalasi jamoatchilik e’tiborida bo‘ldi.
4-fevral kuni Oliy sudda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Vaqt.uz jurnalistining savoliga javoban 2025 yilda 3 nafar sudya korrupsion holatlar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka torilgani ma’lum qilindi.
«Ular shu korrupsion holatlar bo‘yicha. Buni aytaylik, sud qarorini chiqarishda adolatni buzganligi, boshqa uchun emas, pora olganligi va boshqa korrupsion holatlar bo‘yicha uch nafar sudyamiz sud hukmiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortildi. Ular egallab turgan lavozimidan ozod etildi va tegishli o‘sha tayinlangan jazolarni o‘tab kelishmoqda» — dedi Oliy sud raisi birinchi o‘rinbosari, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Alisher Usmonov.
Shuningdek, 2025 yilda O‘zbekistonda 422 nafar sudlanuvchiga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lib, ularning 47,5 foizi eski hukmlarga aloqador bo‘lgan.
Vaqt.uz jurnalisti bu ma’lumotni keltirib, sudyalar javobgarligi masalasini ko‘tardi. Alisher Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, sudya va tergovchilarning javobgarligi albatta ko‘rib chiqiladi. Agar sudya yoki tergovchi ishni ko‘rib chiqishda adolatsiz qaror qabul qilgan bo‘lsa, ular alohida javobgarlikka toriladi.
Naqd to‘lovlar cheklanadi
O‘tgan hafta O‘zbekistonda avtomobil egalari va haydovchilariga bevosita ta’sir qiluvchi muhim yangilik e’lon qilindi. Gap yonilg‘i qo‘yish shoxobchalarida to‘lov qilish tartibidagi o‘zgarishlar haqida ketmoqda.
2026 yil 1-apreldan O‘zbekistonda avtomobillarga yonilg‘i qo‘yish shoxobchalarida naqd pul orqali to‘lov qilish to‘liq bekor qilinadi. Bu Prezidentning 2025 yil 10-dekabrda imzolagan farmoni bilan belgilandi. Endilikda avtoyo‘llar va shahar hududlaridagi yonilg‘i qo‘yish shoxobchalari, shuningdek, elektromobillar uchun zaryadlash punktlari faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlarini qabul qiladi — naqd pulda to‘lov imkoniyati berilmaydi.
Shuningdek, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni ham naqd pulga sotish taqiqlanadi. Ular ham faqat karta orqali sotib olinadi.
Maqsad — yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va to‘lov tizimlarining shaffofligini oshirish. Shu orqali soliq tushumlarini to‘liq hisobga olish va moliyaviy intizomni kuchaytirish ko‘zlangan.
Yangi tartib bilan shoxobchalar o‘z hisob-kitob tizimlarini to‘liq raqamlashtirishi, terminallar va elektron platformalarning uzluksiz ishlashini ta’minlashi shart bo‘ladi.





